Линклар

Ukraina bo‘hronidagi Moskvaning roli borasida g‘arb yetakchilari tanqidlari qarshisida qolgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Avstraliyaning Brisben shahrida o‘tayotgan Katta yigirmalik sammitini protokol bo‘yicha belgilangan vaqtdan oldinroq tark etdi. O‘zining bu qarorini Putin dushanba kuni ishga chiqish oldidan mizg‘ib olish istagi bilan izohladi.

Katta yigirmalik sammiti qatnashchilari yakshanba kuni ertalab amaliy nonushtaga yig‘ilgan mahal Putin boshqa joyda sammit yakuni bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.

Kreml rahbari sammitni ertaroq tark etish qarorini dushanba kuni ishga chiqishdan oldin mizg‘ib olish istagi bilan izohladi.

- Vladivostok shahriga bu yerdan to‘qqiz soat uchiladi. Vladivostokdan Moskvaga uchish uchun ham shuncha soat kerak. Uyga yetib olib, dushanba kuni ishga chiqishim uchun hech bo‘lmaganda to‘rt-besh soat mizg‘ib olishim kerak, - dedi Putin.

Evropa Ittifoqi va AQSh rahbarlari Avstraliyaning Brisben shahrida kecha ochilgan Katta yigirmalik sammiti tegrasida Ukraina sharqidagi bo‘hronni muhokama etishdi.

Yevropa Kengashi rahbari Herman Van Rompey YeI Ukrainada keng ko‘lamli qurolli nizo qaytalanishining oldini olish uchun barcha diplomatik choralar, jumladan, Rossiyaga qarshi yangi jazo choralarini ishga solishga tayyorligini aytdi.

- Agar Moskva Ukrainadagi vaziyatni yumshatish yo‘lini tutmasa va Minskda erishilgan bitim shartlarini bajarmaydigan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqi yangi sanktsiyalarga qo‘l urishi mumkin, - dedi Rompey.

O‘z navbatida, Germaniya Kantsleri Angela Merkel ham Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi qo‘shimcha jazo choralari qo‘llash masalasini ko‘rib chiqayotganini aytdi.

– Hozirgi vaziyat bizni qoniqtirmaydi. Yangi shaxslar qora ro‘yxati kun tartibida, - dedi Merkel.

Avstraliyadagi sammitda so‘z olgan AQSh prezidenti Barak Obama: "Prezident Putin Ukrainada nizoni to‘xtatishga qaratilgan xalqaro huquq me‘yorlari va kelishuvlarni buzishda davom etsa, izolyatsiyada qolaveradi", dedi.

Janob Obama ta‘kidicha, Rossiya Ukrainadagi ayirmachilarga og‘ir qurollarni yetkazib bergan holda, xalqaro huquq me‘yorlari va Minsk bitimini buzmoqda.

- Hozirgi bosqichda biz joriy etgan sanksiyalar Rossiya uchun yetarli darajada og‘riqli sanksiyalardir. Lozim topilsa, bosimlar yana kuchayishi mumkin, - dedi Obama.

Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron Brisbendagi Katta yigirmalik sammitida Rossiya rahbariga Ukraina ishiga aralashmaslik, aks holda, yangi sanksiyalar qo‘llanishi haqidagi mujda yetkazilganini aytdi.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe va sammitga mezbonlik qilayotgan Avstraliya bosh vaziri Toni Ebbottlar ham Rossiyaning Qrimni bosib olganiga norozilik bildirishdi. Ular MH17 reysi bo‘yicha uchgan Malaisia Airlines uchog‘ining shu yil iyulь oyida urib tushirganlar javobgarlikka tortilishi uchun astoydil harakat qilajaklarini aytishdi.

Katta yigirmalik sammiti borasidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan Putin esa yig‘inning konstruktiv muhitda o‘tganini urg‘uladi.

XS
SM
MD
LG