Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:40

Telenor ham Karimovlar oilasiga pora bergani iddao qilinmoqda


Yevropaning yana bir davlatida O‘zbekiston prezidenti oilasi bilan bog‘liq korruptsiya janjali o‘rtaga chiqayapti.

Norvegiya matbuotida mamlakatdagi yirik telekommunikatsiya shirkati sanalgan Telenor ham O‘zbekiston bozoriga kirish uchun pora berganiga oid xabarlar e‘lon qilindi.

Norvegiyada chiqadigan “Klassekampen” nashri "Vimpelcom Ltd" shirkatining hissadori bo‘lgan "Telenor" O‘zbekistonda faoliyat qilishga ruxsat beruvchi litsenziyani qo‘lga kiritish uchun 25 million AQSh dollari miqdorida pora berganiga ishora qiluvchi hujjatlarni chop etdi.

“Klassekampen” qo‘lga kiritgan hujjatlardan ayon bo‘lishicha, Norvegiyaning "Telenor" shirkati O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan shaxslarga tegishli "Takilant" shirkati hisobiga pul o‘tkazgan.

“Klassekampen” nashriga ko‘ra, "Vimpelcom Ltd" 2007 yilda pulni "Takilant" shirkati hisobiga o‘tkazgani bank hujjatlaridan ayon bo‘lmoqda.

Shved prokurorlari iddaosicha, bu pullar Gulnora Karimovaning cho‘ntagiga borib tushgan bo‘lishi mumkin.

Telenor "Vimpelcom Ltd" shirkatining 33 foiz egasi bo‘lib hisoblanadi.

Norvegiya shirkati, shuningdek, "Vimpelcom Ltd" boshqaruvida 43 foizlik ovozga ham ega.

"Vimpelcom Ltd" O‘zbekistonda "Bilayn" brendi ostida faoliyat yuritadi.

Klassekampen muxbirining: "Telenor rahbari Yon Fredrik Baksaas O‘zbekistonda litsenziya olish jarayoniga pora aralashganiga ko‘z yumganmi?" degan savoliga shirkatning yuqori lavozimli vakillaridan biri Glenn Mandelid "Telenor har qanday korruptsiya ko‘rinishlariga toqatsiz", deya javob qilgan.

Aynan shu kabi janjal ortidan Shvetsiyadagi TeliaSonera shirkati bosh direktori va top-menejerlari lavozimini tark etgan edi.

Shved jurnalistlari TeliaSonera shirkati O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun 2007 yilda Gibraltardagi Takilant Ltd shirkatiga 2 milliard 200 million Shved kroni yoki 370 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ to‘laganini fosh etgan edi.

“Klassekampen” nashriga ko‘ra, hozir Norvegiya prokuraturasi Niderlandiya va Shveytsariyadagi huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda Telenor bilan bog‘liq ish yuzasidan tergov boshlagan.

Shvetsiyada ham TeliaSonera mojarosi atrofida tergov davom etmoqda.

O‘zbekistonda esa O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova uy qamog‘ida ushlab turilayotgani aytiladi.

Karimovaning biznesdagi korruptsion sxemalariga aloqador ko‘rilayotgan ikki hamkori - Rustam Madumarov va Gayane Avakyanlar esa uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgani iddao qilinayotir.

XS
SM
MD
LG