Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:43

Andijondagi "Jahon" buyum bozorida yong‘in sodir bo‘ldi


Andijon shahridagi "Jahon" buyum bozorining gilam sotiladigan qismida yong‘in sodir bo‘ldi. Yakshanba kuni tongda chiqqan yong‘inda har birida o‘rtacha 150-200 million so‘mlik mahsulot saqlangan 5-6 do‘konga o‘t ketgani aytilmoqda. Bozor ma‘muriyati vakili yong‘in elektr liniyasidagi qisqa tutashuvdan chiqqani taxmin qilinayotganini aytdi.

16 noyabr kuni tongda Andijonning xalq orasida "Jahon" bozori deb yuritiladigan "Jaxon savdo kompleksi"ning gilam sotiladigan qismida yong‘in yuz berdi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan manba - "Jahon" bozorida kiyim-kechak sotadigan tadbirkorning aytishicha, yong‘in tonggi soat 4-5 oralig‘ida sodir bo‘lgan.

- Sahar soat 4 yarim 5 atrofida yong‘in chiqibdi. Gilam sotiladigan joyning ustiga naves tortilgan, yopiq joy edi. Shu yer yongan, lekin saharda hech kim bo‘lmagani uchun, odamlarga hech narsa qilmagan. Ertalab savdoga borsak, odam yig‘ilib ketibdi. Melisalar o‘rab olgani, hech kimni gilam bozoriga kirgizmayotgan ekan. Bugun ham yopiq turibdi, - dedi manba.

Uning aytishicha, yong‘indan ko‘rilgan zarar ko‘lami haqida, hatto, moli yongan tadbirkorlarga ham aniq ma‘lumot berilmayotir. Biroq, kamida 5-6 ta do‘konga o‘t ketgani haqida ma‘lumot bor.

- Qancha mol yonganini aniq aytishmayapti. Lekin, anchagina mol yongani aniq. Endi hisob-kitob qiling: bitta do‘konda kamida 150 million so‘mlik mol bor, ba‘zilarida 2 million so‘mlik gilam bor edi. Kamida 5-6 ta do‘kon yongan, deyishyapti savdodagi bolalar. Shundan chiqaraveringda hisobini. Lekin molni qanchasi yonganini hech kim aniq bilmaydi. Melisa hech kimni ichkariga kirgizmayapti, - deydi "Jahon buyum bozori"da kiyim-kechak sotadigan tadbirkor.

Manbaning aytishicha, yong‘in saharda sodir bo‘lgani uchun uning qancha davom etgani yoki qanday o‘chirilgani haqida ham ma‘lumot yo‘q.

Ozodlik manbasining bu xabarini tasdiqlagan rasmiy manba - "Jahon buyum bozori"ning ismini oshkor qilmayotganimiz pattachisi tasdiqladi:

"Saharda bo‘ldi u yong‘in. Shuning uchun unaqa hech kimga jiddiy zarar yetgani yo‘q. Unaqa ko‘p mol ham yongani yo‘q. Tokdan chiqqan deyishyapti, unaqa katta bo‘lgani yo‘q yong‘in", dedi Ozodlikka mikrofonsiz so‘zlagan pattachi.

Uning yana aytishicha, bozorning gilam sotiladigan qismi hanuz yopiq turibdi. Shikast yetmagan do‘konlarning egalariga qattiq nazorat ostida faqat o‘z do‘koniga kirishga ruxsat berilmoqda, ammo xaridorlarga yo‘l yo‘q.

Andijonliklar orasida muqaddam "DSK" (Domostroitelniy kombinat) bozori, deb yuritilgan "Jahon buyum bozori" 20 gektardan oshiqroq maydonda joylashgan va unga uch viloyat - Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatidan xaridor boradi.

Ismini sir saqlagan tadbirkorga ko‘ra, gilam bozoridagi mahsulotlar Qirg‘iziston, Xitoy va Dubaydan keltiriladi. Bu bozorda savdo, asosan, haftaning payshanba va yakshanba kunlari bo‘ladi.

Ayni paytda andjionlik tadbirkorlar bozordagi yong‘inning qisqa tutashuvdan chiqqani haqida rasmiylar bildirayotgan taxminga shubha bilan qaramoqdalar:

- Bozorda so‘nggi bir yil ichida 3 marta bozorqo‘m almashdi. Bu post bitta puldordan ikkinchisiga 105 million so‘mga sotiladi, unisi keladi sarflagan pulini yig‘ishga kirishadi, keyin yana qamaladi - shunaqada ahvol. Bu yoqda esa yong‘in. Ikki hafta oldin parda bozordayam naves qulab, qancha odam jarohatlangan. Birov g‘ing, demadi, - deydi ismini sir saqlagan tadbirkor.

Andijon "Jahon" bozorida 2012 yilning 29 fevralida ham katta yong‘in chiqqan va unda bozorning poyafzal sotiladigan qismiga o‘t ketgan edi. Bir necha soat davom etgan u yong‘in ham erta tongda sodir bo‘lgani uchun hech kimga zarar yetmagan, ammo tadbirkorlarning anchagina moli yongan edi.

Muhimi, bu yong‘in do‘konlarga yangi mollar kiritilganining ertasiga - payshanba kuni savdoga taxt qilingan tunda sodir bo‘lgani bois, uning qasddan uyushtirilgani haqidagi shubhalarga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG