Линклар

Ozodlikning Krasnodardagi manbalarining aytishicha¸ o‘zbek muhojirlari orasida o‘z buyragini sotish uchun transplantatsiya markazlariga murojaat qilayotganlar anchagina. O‘tgan yili Moskva shahrida odamning ichki a‘zolari bilan savdo qilishda ayblangan toshkentlik yigit jinoiy javobgarlikka tortilgan edi.

O‘zbekistonlik 23 yashar Akmal o‘z singlisining hayotini qutqarib qolish uchun bo‘yragini savdoga qo‘ydi. Bu haqda Rossiyaning Krasnodar shahridagi “Izrukinfo” gazetasida bosilgan e‘londa yoziladi.

Gazeta e‘lonidagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq iqlganimizda o‘zini Akmalning do‘sti deb tanishtirgan yigit javob berdi. Uning aytishicha, Akmalning singlisi buyrak almashtirishga muhtoj:

"Akmalning singlisi qattiq kasalga chalingan¸ doktorlar buyragi ishdan chiqqan, degan halokatli tashxisni qo‘yishgan. Akmalning singlisi buyragini almashtirsa yashab ketar ekan. Akmal o‘z buyragini sotib puliga singlisiga yangi buyrak olib bermoqchi. Akmalning buyragi singlisiga mos kelmagan"¸ deydi suhbatdosh.

Akmal avval Rossiyada mehnat muhojiri sifatida ishlab, hozir O‘zbekistonda kasal singlisiga qarab o‘tirgani ma‘lum bo‘ldi.

“Izrukinfo” gazetasi tijoriy e‘lonlar bo‘limida ishlaydigan xodimaning Ozodlikka aytishicha¸ Akmalning e‘loni buyrak sotish bo‘yicha o‘zbeklardan tushgan birinchi e‘lon emas.

Krasnodardagi manbalardan Ozodlikka kelgan xabarda ham¸ bu o‘lkadagi o‘zbek muhojirlari orasida o‘z buyragini sotish uchun transplantatsiya markazlariga murojaat qilayotganlar anchagina ekani aytiladi:

"Krasnodarda ko‘pchilik migrantlar o‘z buyragini sotish harakatida yuribdi. Doim shunaqa markazlarning adreslarini so‘rab murojaat qilishadi", deyiladi Ozodlikka kelgan xabarda.

“Izrukinfo” gazetasi xodimasining aytishicha, o‘tgan yili Krasnodar shahridagi Nefrologiya markazida buyrak o‘tkazish bo‘yicha 41ta muvaffaqiyatli amaliyot qilingan.

- So‘nggi ikki yil ichida 100dan ziyod bemor Krasnodardagi markazda buyrak almashtirib hayotlari uzayishiga muvaffaq bo‘lishdi¸- deydi suhbatdosh.

Krasnodardagi manbalarga ko‘ra, bu yerda Ochapovskiy nomli klinika buyrak ko‘chirib o‘tkazishga ixtisoslashgani bois o‘zbeklarning aynan bu o‘lka gazetalariga e‘lon berishi ko‘proq uchraydi.

Manbalariga ko‘ra, Krasnadorda bitta buyrakni taxminan 70-80 ming dollarga pullash mumkin.

Ozodlik buyragini sotmoqchi bo‘lgan Krasnadordagi o‘zbek muhojirlarining ko‘lamini aniqlashga muvaffaq bo‘lmadi. O‘zbek muhojirlari orasida pul ishlash ilinjida o‘z buyragini sotuvga qo‘yayotganlar ham borligi aytilmoqda.

Rossiyada “buyrakfurush” Temur va uning komandasi jazoga tortildi

O‘tgan yili Moskvada odamning ichki a‘zolari bilan savdo qilishga uringan toshkentlik Temur va u bilan jinoiy til biriktirgan guruh qo‘lga olinib jazoga tortildi.

Moskva shahar janubi- sharqiy okrugi IIB jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i Vadim Krivoshevga tayanib tarqatilgan matbuot xabarnomasida 31 yashar toshkentlik Temur o‘z hamshahari bo‘lgan 18 yashar qizning buyragini 50 ming yevroga sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingani yoziladi.

Xabarnomaga ko‘ra¸ o‘zini Toshkentdagi moda agentligi direktori deb taqdim qilib amalda odamning ichki a‘zolarini sotish bilan shug‘ullangan Temur savdoga qo‘yilgan buyrak sohibasining sog‘lom ekanligi haqidagi tibbiy ma‘lumotnomani ham taqdim qilgan.

Temur o‘z qurbonlarini Moskvadagi moda biznesiga ishga joylashtiraman, deb aldab olib kelgani aytiladi.

Moskva shahar janubi- sharqiy okrugi IIB ma‘lumotnomasiga ko‘ra¸ odam organlari savdosi bilan shug‘ullangan Timur va uning sheriklari uch yildan¸ o‘n yilgacha muddatga ozodlikdan maxrum qilingan.

Buyrakning savdoga chiqarilishi qonunga zid

Jaxon sog‘liqni saqlash tashkiloti talabiga ko‘ra¸ tirik odamning tana a‘zolari sotuvga chiqarilishi mumkin emas.

Ayni talab Rossiya va O‘zbekiston qonunchiligida ham aks etgan.

Faqat eng yaqin qarindoshlargagina o‘z organlarini ixtiyoriy tarzda¸ evaziga pul olmasdan bemorlarga o‘tkazishiga izn beriladi.

Transplantatsiya uchun o‘z a‘zolarini bergan donorlar va bemorlarning ism sharifi bunday xollarda tibbiyot siri sifatida oshkor qilinmaydi.

XS
SM
MD
LG