Линклар

logo-print

O‘zMU rektorati talabasi arzini Guardian bosganidan bexabar qoldi


Oliy o‘quv yurti talabalari paxtada, Samarqand viloyati, 2014-yil.

Oliy o‘quv yurti talabalari paxtada, Samarqand viloyati, 2014-yil.

O‘zbekiston milliy universiteti talabalarining paxta terimiga majburiy safarbarlikdan norozi bo‘lib, O‘zMU rektori, Oliy ta‘lim vaziri, Bosh vazir, Bosh prokuror, MXXga yozgan ochiq xati Buyuk Britaniyada chop etiladigan Guardian nashrida e‘lon qilindi. Bundan bexabar qolgan o‘zbekistonlik mulozimlar talaba terimga majburlanganiga oid ma‘lumotni rad etish bilan cheklandi.

The Guardian nashri chop etgan "O‘zbekistonlik talabalarning paxta dalalaridagi majburiy mehnatga qarshi kam uchraydigan noroziligi" sarlavhali maqolada O‘zbekiston milliy universiteti Jurnalistika fakulteti talabalarining ochiq xati tilga olindi:

"Milliy universitet talabalari paxta terimida yordam berishga majburlanganidan arz qilib, noodatiy shaklda o‘z mamlakati avtoritar rahbariyatiga muxolif bo‘lgan "Dunyo o‘zbeklari" sayti orqali jamoatga bildirgan holda ochiq maktub e‘lon qildi. Maktubda Jurnalistika fakultetining 3-kursida o‘qigan o‘g‘il bolalar fakultet dekani va universitet rektori tomonidan paxta dalasiga chiqishga buyurilgani aytilgan. Maktub Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev, Bosh prokuror, Milliy xavfsizlik xizmati, Oliy ta‘lim vazirligi va rektor Mirzo Muhamedov nomiga yo‘llangan", deb yozdi The Guardian nashri.

Mazkur ochiq xat shu yil 6 noyabr kuni "Dunyo o‘zbeklari" saytida chop etilgan va bu maktubni EurasiaNet nashri ingliz tiliga o‘girib, 11 noyabr kuni e‘lon qilgan edi.

Ismini sir saqlagan talabalar nomidan chop etilgan ochiq maktubga "Talaba paxtaga borishi shartmi?" deb sarlavha qo‘yilgan va unda O‘zMU Jurnalistika fauklьteti 3-kurs talabalari paxta terimiga majburlanganidan arz qilingan:

"Biz jurnalistika fakulteti talabalari “paxta siyosati” borasidagi o’z fikr mulohazalarimizni bildirmoqchimiz, o’zbekiston qonunchiligida talabalarning paxtaga borish mas’uliyati to’g’risida ko’rsatilganmi? Albatta yo’q. Shunga qaramay jurnalistika fakulteti dekani Mirsoatova Mahliyo hamda dekan muovini Tillaev Otabek 3- kurs o’g’il bolalar O’zMU rektori G’.I. Muhamedovning buyrug’iga asosan paxtaga borishimiz shartligini... aytishdi", deyiladi talabalar nomidan chop etilgan ochiq maktubda.

Shuningdek, ushbu maktubda talabalar o‘z noroziligini avvaliga dekanat, so‘ngra rektoratga bildirgani, ammo javob berilmaganini yozadi.

O‘zbekistonda ta‘lim tizimining deyarli barcha bosqichi - oliy, o‘rta-maxsus va umumiy o‘rta ta‘lim bosiqichi o‘quvchilariyu o‘qituvchilarning majburiy mehnati qo‘llanilgan 2014-yilgi paxta terimi kampaniyasi g‘arb matbuoti diqqatidan chetda qolmayotir.

The Guardian nashrida chop etilgan bu galgi maqolaga munosabat so‘rab, Ozodlik muxbiri ochiq maktubda nomi tilga olingan mutasaddilarga bog‘lanishga urindi.

O‘zbekiston Milliy Universiteti rektoratida telefon go‘shagini ko‘targan xodim Jurnalistika fakulteti talabalarining paxta terimiga majburlanganidan norozi bo‘lib, ochiq xat yozganidan bexabarligini aytdi.

"Rektorimiz bugun kun bo‘yi yig‘ilishda, qachon bo‘shashi noma‘lum. O‘zimiz sizga qaytib bog‘lanamiz", dedi va rasmiy Ozodlikka qayta bog‘lanmadi.

Ammo, muxbir Jurnalistika fakulteti dekan Mahliyo Mirsoatova bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Talabalar paxta terimiga olib chiqilganini rad qilmagan dekan ham ochiq xatdan bexabarligini aytdi:

"Men bolьnichniyda edim. Bugun keldim ishga, hech qanaqa xatdan xabarim yo‘q. Menga biroz muddat bering, o‘rganib ko‘raman", deya gapni qisqa qildi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda fakultet dekani.

Mahliyo Mirsoatova maktubda nomi tilga olingan Oybek Tillayev uning muovini ekanini tasdiqladi, ammo u kishi bilan ham hozir gaplashish imkoni yo‘qligini aytdi.

Shuningdek, fakultet dekani maktubda talabalardan paxtaga bormaslik evaziga 300 ming so‘m pul talab qilinganiga oid iddaolarga ham "xabari yo‘qligini" vaj keltirib, biror munosabat bildirmadi.

Ozodlik muxbiri ochiq maktubda nomi tilga olingan O‘zbekiston Oliy ta‘lim vaziri Alisher Vahobov bilan ham bog‘lanishga urindi, ammo muvaffaq bo‘lmadi.

Vazirlikning ikki mutasaddisi - Oliy ta‘lim vazirligining 2014-yilgi Paxta shtabi rahbari Odil Obidov va matbuot kotibi Marat Zokirovlar ham O‘zMU talabalari nomidan ochiq maktub haqida The Guardian nashrida maqola chiqqanidan bexabarligini aytdi.

Ayni paytda, Paxta shtabi rahbari Odil Obidov shikoyatdan bexabarligini aytarkan, bu yil vazirlik Paxta shtabi o‘z zimmasiga qo‘yilgan rejani oshig‘i bilan bajarganini ta‘kidladi.

Matbuot kotibi Marat Zokirov esa masalani o‘rganib ko‘rishi, Oliy ta‘lim vazirini xabardor qilishi, so‘ngra rasmiy munosabat bildirishini aytdi.

Gap orasida bu mulozim talabalarning paxta terimiga majburlab chiqarilganiga oid iddaolarni "bo‘hton" deb bilishi va biror talaba terimiga majburlanmagani, aksincha, ko‘ngilli ravishda chiqarilganini qayta-qayta ta‘kidladi.

Muhimi, Ozodlik bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan mutasaddilar talabalar shikoyat qilganiga oid xabarning o‘zini ham "bo‘hton" dedi.

Shu bois, muxbir ochiq xatni chop etgan "Dunyo o‘zbeklari" nashri bosh muharriri Ismat Hushevdan rasmiy e‘tirozga ikki og‘iz munosabat oldi va ayni paytda norozi talabalar bilan bog‘lanish imkonini so‘radi:

- O‘zMU Jurnalistika fakulteti talabalaridan kelgan bir necha shikoyatlarni chop etganmiz. Bular menga ishonchli manbalardan kelgan va men ularni shaxsan taniyman. Lekin, men ularning hayotini xavfga solib, ismini oshkor qilmayman. Oliy ta‘lim vazirligi maqola mualliflarini izlagandan ko‘ra, unda ko‘tarilgan muammoni hal qilish yo‘llarini izlasa, yaxshi bo‘lar edi, - dedi qisqagina qilib muhojiratdagi o‘zbekistonlik jurnalist Ismat Hushev.

Ozodlik kuzatuviga ko‘ra, 2014-yilgi paxta yig‘im-terim kampaniyasi paytida ham O‘zbekistondagi oliy, o‘rta maxsus kasb-hunar ta‘limi, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida esa umumiy o‘rta ta‘lim maktablari o‘quvchilari ham paxta terimiga majburan safarbar qilindi.

Xususan, O‘zbekiston Milliy Universiteti talabalari bu yil Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida paxta terganiga oid ma‘lumotlar Ozodlikka keldi.

Garchi, ta‘lim muassasalari rahbarlari talabalar o‘z ixtiyori bilan terimga chiqqanini ta‘kidlasa-da, talabalar terimga majburlanganidan muttasil ravishda shikoyat qilib keladilar.

O‘zbekistonda paxta mavsumida kattalar va voyaga yetmaganlar mehnatidan majburiy foydalanish amaliyotini tanqid qilib kelayotgan Sotton Campaign guruhi 14 noyabr kungi bayonotida hukumat bu yil ham millionlab odam, xususan, talaba va o‘quvchilarni terimga jalb etib, majburiy mehnat ko‘lamini yanada kengaytirganini tanqid qildi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta qurbonlari soni bu yil qariyb 20 nafarga yetdi va terimga majburlash kampaniyasidagi zo‘ravonlik o‘tgan yillardagidan oshgani kuzatildi.

XS
SM
MD
LG