Линклар

logo-print

Britaniyadagi Charity Aid Foundation (CAF) xayriya tashkiloti 2014 yil uchun tuzgan Jahon xayriya reytingida (World Giving Index) O‘zbekiston 135 ta mamlakat orasida 28- o‘rinni egalladi.

Saxovatpeshalar reytingida Turkmaniston O‘zbekistondan oldinda (23- o‘rin), lekin Tojikiston (34-o‘rin), Qirg‘iziston (83-o‘rin), Qozog‘iston (101-o‘rin) keyinda.

Aytilishicha, jahon mamlakatlaridagi saxovatpeshalik darajasi xayriya tashkilotlariga pul o‘tkazishi, fuqarolarning xayriya tadbirlarida ko‘ngilli ishtirok etishi hamda notanish kimsalarga yordam berishi kabi uch kriteriy asosida aniqlanadi.

Jahon xayriya reytingining dastlabki o‘ntaligini AQSh boshlab bergan bo‘lib, bu mamlakat ketidan Myanma, Kanada, Irlandiya, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Malayziya, Buyuk Britaniya va Shri-Lanka o‘rin olgan.

Aftidan, Jahon xayriya reytingini tuzgan tashkilot xayriya yordamlari va tadbirlarini uyushtirish usullariga qiziqmagan ko‘rinadi.

Masalan, reytingda birinchi o‘rinni egallagan AQShda xayriya yordami ko‘rsatgan shaxs yoki tashkilotga soliq imtiyozlari berilishi ko‘pchilikka ma‘lum.

Ayni paytda O‘zbekistonda xayriya yordamlari ma‘muriy-buyruqbozlik usuli bilan uyushtiriladi.

Bu usul mamlakatda keng qo‘llanilishiga Vazirlar Mahkamasi joriy yil avgustida qabul qilgan maxsus qaror ham dalildir. O‘sha qarori bilan O‘bekiston hukumati tadbirkorlik sub‘ektlarini xayriya hamda pul ajratish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga majburan jalb qilishni taqiqlab qo‘ygan edi.

Vazirlar Mahkamasi qarorida tadbirkorlik sub‘ektlarini xayriyaga majburlash man etilishi, ular o‘z yordamini faqat qonunchilikda ko‘zda tutilgani kabi ixtiyoriy va beg‘araz yo‘sinda ko‘rsatishi mumkinligi hamda bu yordam maqsadga muvofiq sarflanishi lozimligi qayd etilgan.

Qarorga muvofiq, byudjet tashkilotlariga xayriya yordami ko‘rsatgan tadbirkorlik sub‘ektlari mazkur yordam vositasida amalga oshirilayotgan ishning istalgan bosqichida mablag‘larning maqsadga naqadar muvofiq ishlatilayotgani tekshirilishi mumkin.

Hukumat qarorida tadbirkorlik sub‘ektlarini xayriya tadbirlariga majburan jalb qilgan davlat boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari va byudjet tashkilotlari rahbarlari qonunchilikka muvofiq ravishda javobgarlikka tortilishi ham ta‘kidlangan.

XS
SM
MD
LG