Линклар

Suriyada Shuhrat Bobojonov qo‘lga olindi


Qirg‘izistondan Suriyaga ketganlarning 90 foizi o‘zbeklardan iborat ekani aytilmoqda

Qirg‘izistondan Suriyaga ketganlarning 90 foizi o‘zbeklardan iborat ekani aytilmoqda

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 174 fuqaro Suriyaga ketgani va ulardan 10 nafari u yerda o‘lganini ma‘lum qildi. Yana uch qirg‘izistonlik Suriya armiyasi tomonidan qo‘lga olingan va o‘lim jazosiga tortilgan. Suriya hibsxonasida saqlanayotgan qirg‘izistonlik Shuhrat Bobojonovning 3 farzandini boqayotgan otasi musulmonlarni bu yo‘ldan qaytishga chaqirdi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 17 noyabr kuni tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha Suriyaga ketgan 170 fuqaroning 90 foizi janubiy viloyatlaridandir.

Jalolobod, O‘sh va Botken viloyatlaridan Suriyaga ketgan fuqarolardan 10 nafari o‘lgani ma‘lum qilindi.

17 noyabr kuni Qirg‘iziston Jo‘g‘o‘rqu Kengashi deputatlari O‘sh shahrida ko‘chma yig‘in o‘tkazib, diniy ekstremizmga qarshi kurash yo‘llarini muhokama qilishdi.

Yig‘inda Davlat din komissiyasi raisi O‘ro‘zbek Mo‘ldaliyev yoshlarning Suriyaga ketishiga ularning noto‘g‘ri diniy qarashda bo‘lganini sabab ekanini aytib, estremistik ideologiyaga an‘anaviy islom ideologiyasini qarshi qo‘yish kerakligini aytdi:

- Bu masala biz o‘ylaganimizdan ko‘ra chuqurroq, murakkabroq. Bular orasida: "Pul berishsayu, Suriyaga borib jang qilsak, jannatga chiqib ketamiz!", deydigan sodda ahmoqlar yo‘q. Bular g‘oya uchun kurashayapti va bu dindorlar bilan kuch organlari yolg‘iz kurasholmaydi. Chunki, borayotganlar mamlakatdagi hukumat g‘oyasiga ishonmaydi. Bu masalada biz - Din ishlari qo‘mitasi kuch ishlatar organlarga ko‘maklashishimiz kerak, - dedi O‘ro‘zbek Mo‘ldaliyev.

Bundan tashqari, yaqinda Rossiyaning birinchi kanali uch qirg‘izistonlik Suriya hukumati tomonidan qo‘lga olinganini e‘lon qilindi. Shuningdek, bu xabarda Suriya armiyasi tomonidan qo‘lga olinganlardan biri Shuhrat Bobojonovning intervьyusi berildi:

- Maqsadimiz barcha yerda shariat qonunlarini o‘rnatish. Rossiyada ham, Suriyada ham, Qirg‘izistonda ham. Urush tugagach, barchamiz o‘z mamlakatimizga borib, u yerda xalifalik o‘rnatamiz. Ular meni oshpaz qilib tayinlashdi. Negaki, bizning o‘lkada taomni mazali tayyorlashadi. Men tashqariga chiqqanimdagina qurol berishgan, - deydi Shuhrat Bobojonov.

Suriyada tutqunlikda saqlanayotgan Shuhrat Bobojonovning yaqinlari uni birovlar yo‘ldan adashtirgan, deb hisoblamoqda. Uning shu kunda O‘shda yashayotgan yaqinlaridan biri bu borada Ozodlik muxbiriga mana bularni aytdi:

- Yaqinda televizorda ko‘rdik. Turmaga tushibdi, qo‘lga tushib qolibdi. Sizlarga maslahatim shuki, aldanib qolmanglar! Ukamning uch bolasi bor. Yarim yildan buyon otasiz qoldi. Bolalari juda ham yosh. O‘zining ham ahvoli og‘ir ekanini ko‘rdik, shundan buyon ko‘z o‘ngimizdan ketmayapti. Otam uni ko‘rib har kuni yig‘layapti, hech kim bunday ishga bormasin, borsa, o‘sha yurtlarda harom o‘lsin! - deydi Bobojanov yaqinlaridan biri.

Bundan bir hafta avval Qorasuv tumani Narimon qishlog‘ida yashovchi 91 yoshli Fazilatxon Teshaboyeva o‘g‘li oilasi bilan Suriyaga ketganini aytib, Qirg‘iziston kuch tizimlaridan ularni qaytarishda yordam so‘ragan edi.

Qirg‘iziston janubidagi aholi diniy ekstremistik tashkilotlar ta‘siri ostida qolayotgan hudud hisoblanadi. Asosan, Jalolobod viloyatining Suzoq tumani, O‘sh viloyatining O‘zgan, Qorasuv, Aravon Novqat tumanlari, O‘sh shahri va Botken viloyatining Qizilqiya shahrida yashirin diniy ekstremistik tashkilotlar targ‘ibot olib borayotgani aytiladi.

Suriyada janglarda ishtirok etayotganini aytgan niqobli o‘zbek yigitlari O‘zbekiston hamda Qirg‘izistonda ham qon to‘kilishini aytib, tahdid qilgan yana bir videotasma o‘tgan hafta Internetda tarqaldi.

- Yaqinda O‘zbekistonga boramiz, pachog‘ini chiqaramiz! Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonni olamiz! Biz Shom shahridagi jixod maydonida turibmiz. Suriyani ham oz-ozdan yenga boshladik. O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston hududlariga yaqinda kirib boramiz! - deyiladi videoda.

Ulamolar Suriyaga kayetayotgan yoshlarning diniy ilmi juda oz ekanini ham ta‘kidlamoqda. Qirg‘iziston muftiyi Maqsadhoji To‘qtamishev diniy savodsizlikdan kelib chiqayotgan islomiy ekstremizm payini qirqish uchun har bir imomni qayta attestatsiyadan o‘tkazib, bilimsizlarining o‘rniga teologik bilimga ega imomlarni tayinlash zarurligini aytdi:

- Avval o‘zimizning dindorlargina imomlarimizni attestatsiyadan o‘tkazar edi. Hozir esa Mudofaa kengashi a‘zolari, Diniy komissiyaning ikki a‘zosi, Ulamolar kengashi vakili - jami, 8 odamdan iborat komissiya tuzildi. Endi ular imtihon oladi. Avval bunday bo‘lmagan, - deydi Maqsadxoji To‘qtamishov.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasi O‘sh bo‘limi ma‘lumotiga ko‘ra, Qirg‘izistondan Suriyaga ketganlarning umumiy soni 174 odamga yetgan. Ularning 90 foizi o‘zbek, 6 foizi uyg‘ur, 3 foizi qirg‘izdir.

Suriyaga ketganlarning 90 foizi 25-29 yoshlardagi yigitlardir. Bular orasida 23 nafar ayol borligi ham aytildi.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston orqali Suriyaga ketganlar orasida rossiyalik 5 nafar, o‘zbekistonlik 4 nafar va tojikistonlik 1 fuqaro borligi aytildi.

XS
SM
MD
LG