Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:39

Toshkent bog‘chalariga o‘z hisobidan qishga sabzavot g‘amlash topshirildi


Toshkent shahridagi bolalar bog‘chalariga o‘z hisobidan qishga qo‘shimcha piyoz, sabzi va kartoshka zaxirasini g‘amlash buyurildi. Ozodlikka shikoyat qilgan bog‘cha mudiralarining aytishicha, qishki zaxira uchun byudjetdan pul ajratilmayapti va barcha xarajatlar, odatdagidek, tarbiyachilar hamda ota-onalar zimmasiga tushmoqda.

Toshkent shahridagi bog‘chalarning o‘z hisobidan qishga qo‘shimcha sabzavot va kartoshka zaxirasini yig‘ish haqidagi buyruq shahar xalq ta‘limi boshqarmasi tomonidan berildi.

Bu haqda ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan bog‘cha mudiralaridan biriga ko‘ra, paxtaga odam chiqarish, saylov uchastkalarini bezash kabi topshiriqlardan bezigan bog‘cha tarbiyachilari endi qishga sabzavot zaxira qilishga majburlangan:

“Bir tonna kartoshka va bir tonna piyoz zaxira qilishimiz kerak ekan. Lekin bunga bir tiyin ham pul ajratilgani yo‘q. Paxtaga odam chiqar deyishdi, xodimlarimning maoshidan ushlab qolib mardikor yolladik. Saylov uchastkalarini bezatinglar dedi, yonimizdan pul to‘plab qilib berdik. Endi zaxiraga yana xodimlarimdan pul yig‘ishim kerak, bu topshiriqlardan charchab ketdik”, dedi bog‘cha mudirasi.

Uning aytishicha, davlat tomonidan kundalik ravishda berilayotgan sabzavotdan tashqari qo‘shimcha ravishda qishga sabzavot g‘amlash ehtiyoji nega paydo bo‘lgani haqida tushuntirish berilmayotir.

Sirg‘ali tumani xalq ta‘limi bo‘limining o‘zini Bahrom, deb tanishtirgan mulozimi haqiqatan ham qishga sabzavot va kartoshka g‘amlash haqida topshiriq bo‘lganini tasdiqlar ekan, buning sababini ochiqlamadi:

- Buning mohiyatini kelsangiz tushuntirib beraman, telefonda ma‘lumot bermayman, - dedi xalq ta‘limi bo‘limi mulozimi.

Toshkent shahridagi bog‘chalardan yana birining mudiriga ko‘ra, qishga qo‘shimcha zaxira yig‘ishda ular ota-onalar yordamiga suyanishga qaror qilgan:

- Bir tonnaga yaqin kartoshka va 600 kilo piyoz tayyorlab qo‘ydik. Kelib rasmlarga ham olib ketishdi. Xarajatini roditelskiy fonddan qildik. Byudjetdan pul berishgani yo‘q, - dedi bog‘cha mudirasi.

Uchtepa tumanidagi bog‘chalardan birining mudirasi esa zaxira bog‘cha tarbiyachilarining pullari hisobiga qilinayotganini aytdi:

- Bu byudjetdan emas. Ishchilarimizning oyligi hisobidan bo‘layapti. Bilasizmi, biz qanday yo‘l topdik?! Masalan, baribir har bir tarbiyachimizning o‘ziga shu sabzavot qishda kerak. Kimga qancha kartoshka yoki piyoz kerak bo‘lsa, zavxozimizga spisok qilib pulini berdi. Zavxozimiz Qo‘yliq bozoridan olib kelib qo‘ydi. Shuni ko‘rsatib qutuldik. Endi, qish paytda xodimlarimiz bozorga yugurib yurmaydiyu, ro‘zg‘origa keraklisini skladdan olib ketaveradi. Boshliqlar ham xursand, bizga ham qulay bo‘ladi, - dedi ishbilarmon bog‘cha mudirasi.

Mudira Toshkentdagi bog‘cha va yaslilar kerakli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta‘minlab turilgan bir paytda, bunday ortiqcha majburiyat kimning tashabbusi ekanini ham bilolmay hayron ekanini qo‘shimcha qildi.

Ismini ochiqlamagan bog‘cha mudiralaridan biri yangi tashabbus sababini bog‘cha ta‘minoti uchun byudjetdan keladigan pul cho‘g‘i ozayganiga bog‘ladi:

- Qish qattiq kelgan paytda bazalarda sabzavotlar muzlab qoladi. Biz esa o‘zimining skladlarda ustini o‘rab, avaylab saqlaymiz. Asosan, shu sababi. Byudjetda esa bunga pul ajratilmagan. Shuning uchun o‘zlaring zaxira qilinglar deb aytishyapti, - dedi bog‘cha mudiralaridan biri.

O‘zbekistonning xalq ta‘limi tizimidagi muassasalar mahalliy hokimiyatlarning tekin mardikorlariga aylanib qolgani kuzatilmoqda.

Joriy yilda Toshkent shahridagi maktablar va bog‘chalarga paxta terimiga odam yollab jo‘natish topshirig‘i yuklatilgan edi.

O‘zbekiston parlamentiga o‘tkaziladigan saylovlar uchun belgilangan uchastkalarni bezash, plakatlar yozish Toshkent shahar bog‘cha mudiralariga topshrilgani haqida Ozodlik o‘tgan haftada xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG