Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:10

MTS va O‘zbekiston o‘rtasida arbitraj g‘avg‘osi tugadi


Rossiyadagi yirik uyali aloqa operatori bo‘lgan “Mobilnie TeleSistemi” hissadorlik jamiyati O‘zbekiston bilan sudlashmaydigan bo‘ldi.

Shirkat matbuot vakili Dmitriy Solodovnikovning Ozodlikka aytishicha, MTS va O‘zbekiston o‘rtasidagi mojaroga tomonlarning qo‘shma arizasiga ko‘ra chek qo‘yilgan.

- Kecha Vashingtondagi Sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga soluvchi xalqaro markaz (ICSID) yo‘llagan arizalarimiz asosida MTS va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi arbitraj surishtiruvlarni to‘xtatdi, - dedi Dmitriy Solodovnikov.

MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘basi "O‘zdunrobita" 2012 yilning iyulь oyida hukumat qarori bilan faoliyatini to‘xtatgan edi. Shundan so‘ng MTS bu borada Vashingtondagi xalqaro arbitrajga arz qilgandi.

MTS va O‘zbekiston vakillari shu yilning 31 iyulida bir-biriga bo‘lgan barcha e‘tirozlarni birgalikda hal qilish haqida murosa bitimi imzolaganidan so‘ng Vashingtondagi Sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga soluvchi xalqaro markazga ishni to‘xtatishni so‘rab murojaat etdilar.

Arbitraj surishtiruvning to‘xtatilishi MTSga O‘zbekiston hududida o‘z faoliyatini tiklash uchun imkon yaratdi.

Murosa bitimi shartlariga ko‘ra, shu yil sentyabrida “Universal Mobile Systems” nomli qo‘shma korxona tashkil etilib, shirkat hissalarining 50,01 foizi MTSga, 49,99 foizi esa o‘zbekistonlik aloqachilarga berildi.

Yangi tashkil etilgan “UMS” uyali aloqa operatori dekabr oyi boshidan o‘z faoliyatini boshlamoqchi.

- Hammasi risoladagiday bormoqda. “UMS” tarmoqlarini 1 dekabrdan ishga tushirishni rejalayapmiz. Yangi qo‘shma korxonaga 2G/3G/LTE litsenziyalari, zarur chastota diapazoni, raqam sig‘imi va ish uchun zarur bo‘lgan boshqa ruxsatnomalar berilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ravishda investitsiyalarning qaytarib berilishi va yaxshi saqlanishi uchun kafolat taqdim etilgan, - dedi “Mobilnie TeleSistemi” hissadorlik jamiyati matbuot vakili Dmitriy Solodovnikov.

Ayni paytda O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi “UMS” ga faoliyatini boshlash uchun 2 yarim million abonent raqami ajratgan. Ulardan 1,5 millioni Toshkent aholisi uchun berilgan bo‘lib, qolgan raqamlar O‘zbekiston viloyatlari bo‘yicha taqsimlanadi.

1 dekabr kuni "UMS" tarmog‘iga ulanmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik abonentlar qayerga va kimga murojaat etishlari kerak?, - degan savolga Solodovnikov: Bu haqda ochilish kuni arafasida e‘lon qilamiz, - deb javob qildi.

XS
SM
MD
LG