Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:18

Yapon kreditiga Toshkentda ikki telekanal ochilayapti


MY5 телеканали логотипи
MY5 телеканали логотипи

Dekabr oyidan boshlab Toshkentda “Mahalla” va “Mening yurtim” telekanallari ish boshlaydi. “Mahalla” kanali O‘zMTRK tomonidan, “Mening yurtim” esa “O‘zbeknavo”, "Kamolot" kabi jami 4ta tashkilot ko‘magida tuzilgan. Rasmiylarga ko‘ra, ikkita telekanal ham Yaponiya tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit hisobiga ochilayapti.

Yapon kreditiga ochilayotgan “Mahalla”

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (O‘zMTRK)ning to‘qqizinchi kanali sifatida ochilayotgan “Mahalla” telakanali 1 dekabrdan boshlab ishga tushiriladi.

O‘zMTRKning o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, “Mahalla” kanali Yaponiya tomonidan raqamli televideniyeni rivojlantirish uchun O‘zbekistonga berilgan mablag‘ evaziga ishga tushiriladi:

“Yaponiya krediti evaziga “Mahalla” tsifrovoy standart telekanal sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Boshida yangi telekanal 6 soatdan efirga chiqadi. Keyinchalik dasturlar vaqti ko‘paytiriladi. Bu telekanal orqali mahallalarimiz hayotiga oid ma‘rifiy dasturlar efirga beriladi”, dedi O‘zMTRK xodimi.

Uning aytishicha, joriy yil boshida O‘zbekistonda raqamli televideniyeni rivojlantirish uchun Yaponiya 78 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli qarz ajratgan:

“Yaponiya krediti asosida mamlakat hududida yuz foiz raqamli televideniye bo‘ladi. Besh yilga mo‘ljallangan maxsus loyihaning umumiy qiymati 92 million dollarni tashkil etadi. Yapon kreditidan tashqari tashkilot- idoralar homiyligi yo‘lga qo‘yilgan”, dedi O‘zMTRK xodimi.

“MY5”da 1 oyda 1000ta rolik aylanadi

12 noyabrdan boshlab test rejimda sinab ko‘rilayotgan “Mening yurtim” telekanali 8 dekabr - Konstitutsiyaning 22 yilligi kuni rasman ish boshlaydi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidagi ismini ochiqlamayotganimiz mulozimiga ko‘ra, Yaponiya krediti hisobidan ochilayotgan “Mening yurtim” telekanaliga yana to‘rtta tashkilotning homiyligi jalb qilingan:

“Bilasiz 2018 yilgacha mamlakatdagi barcha telekanallar tsifrovoy bo‘ladi. Bu kanalga Yaponiya kreditidan ajratilgan mablag‘ sarflanayapti. Yana bizning birlashma bilan birgalikda O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Kamolot” yoshlar harakati va Yoshlar madaniyat va san‘at markazi ko‘magida tashkil qilindi. Kanal yoshlarga mo‘ljallangan bo‘lib, dasturlarning katta qismi musiqiy-madaniy va ko‘ngilochar ko‘rsatuvlardan iborat. Kanalda ishlaydigan xodimlar ham asosan yoshlar”, deydi “O‘zbeknavo” mulozimi.

"Mening yurtim" telekanali "MY5" logotipi bilan efirga uzatiladi.

“MY- mening yurtim so‘zlarining bosh harfi bo‘lib, muvaffaqiyat belgisi bo‘lgan 5 raqami esa telekanalning zo‘rligiga ishora sifatida. “Ishim besh”, “Besh ketdim” iboralarini eslasangiz kifoya. MY5ni inglizchadan o‘girsangiz, “meniki besh” degan ma‘noni beradi”, deydi “O‘zbeknavo” mulozimi.

Suhbatdoshga ko‘ra, “Mening yurtim” telekanali poytaxtliklar va Toshkent viloyati aholisiga mo‘ljallangan bo‘lib, taxminan 5 million tomoshabinga ega bo‘lishi ko‘zlangan.

O‘zbekiston elektron OAV milliy assotsiatsiyasi saytidagi ma‘lumotga ko‘ra, “Mening yurtim” telekanali ko‘rsatuvlarining 60 foizi o‘zbek tilida, 40 foizi esa rus va ingliz tilida efirga uzatiladi. Ushbu telekanalning boshqa telekanallardan asosiy farqi unda bir oy mobaynida 1000 ta ijtimoiy rolik efirga uzatiladi.

Gulnora Karimova telekanallarining o‘rni to‘ldirilmoqda

O‘tgan yilning oktyabr oyida prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishliligi aytiladigan Forum TV, TV-Markaz, NTT va SOFTS telekanallari yopildi.

Oradan bir oy o‘tib ushbu telekanallar o‘rnini bosishi aytilgan "Navo" musiqiy telekanali ishga tushirildi.

Lekin toshkentlik tomoshabinlarga ko‘ra, "Navo" kanali Gulnora Karimovaning yopilgan telekanallari kabi ommabop bo‘la olmagan.

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda "Navo" kanali ko‘rsatuvlariga norozilik sifatida bildirilayotgan fikrlar ko‘payotgani kuzatildi.

Endilikda mutasaddilar “Navo” kanali erisha olmagan ommaboplikka "MY5" telekanali erishishini kutishmoqda.

XS
SM
MD
LG