Линклар

logo-print

Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra¸ 24 noyabr kuni Chexiya prezidenti Milosh Zeman rasmiy tashrif bilan Ostonaga boradi.

25 noyabr kuni esa O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov ham Ostonaga safar qiladi.

Joriy yil fevral oyida Pragaga kelishi rejalangan Islom Karimov safari xalqaro va mahalliy inson haqlari himoyachilari noroziligidan so‘ng bekor qilingan edi.

Bosim ostida qolgan Chexiya Bosh vaziri¸ Praga shahar hokimi va hukumatning besh vaziri Islom Karimov va O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrasha olmasligini bildirgani ortidan rasmiy Toshkent safarni noma‘lum muddatga qoldirgan edi.

Matbuotdagi farazlarga qaraganda¸ ikkalasi ham o‘tmishda kommunist bo‘lgan Karimov va Zemanning fevralda bo‘lmay qolgan uchrashuvi endi kelasi hafta Ostonada o‘tkazilishi mumkin.

Nursulton Nazarboyevning har ikkala mehmon hamkasbi bilan alohida uchrashishini bildirgan Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati¸ uchala prezidentning birgalikdagi muzokaralari kun tartibida yo‘qligini ta‘kidladi.

Ayni paytda¸ matbuot xizmati Karimov va Zeman o‘rtasida alohida uchrashuv bo‘lish-bo‘lmasligi haqida izoh berishni istamadi.

Milosh Zeman O‘zbekiston prezidenti safarining qoldirilgani ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlariga salbiy ta‘sir qilganidan afsus bildirib¸ demokratiya va inson haqlari himoyachilarini ikki yuzlamachilikda ayblagan edi.

- Men O‘zbekiston kabi davlatlarga kiritilgan sarmoyalarimiz inson haqlarini himoya qilish deb atalayotgan siyosat sababli xatar ostida qolayotganidan ancha xavotirdaman. Agar bu davlat rahbarlari¸ xususan¸ O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov bizning mamlakatimizga tashrif qilmas ekan¸ biz inson huquqlari haqidagi fikrlarimizni ularning yuziga aytish imkonidan mahrum qolamiz¸ degan edi chex prezidenti Zeman.

Karimov safari qoldirilganidan so‘ng chex tadbirkorlari bilan uchrashuvda Zeman Karimov Praga tashrifining bekor qilinishi chex shirkatlariga qimmatga tushgani – imzolanishi hozirlangan 15 milliard krona – 750 million dollarlik biznes kelishuvlari imzolanmay qolganidan shikoyat qilgan edi.

Chex siyosatchilarining mas‘uliyatsiz yondashuvlari oqibatida chex shirkatlari O‘zbekistonga o‘z mahsulotlarini eksport qilish imkonidan mahrum qoldi¸ deb yozg‘irgan edi Praga hukumati vakillarini prezident Milosh Zeman:

- Endilikda biz O‘zbekiston kabi davlatlarga kiritilgan sarmoyamizni ham yo‘qotish tahlikasi ostida qoldik. Men Chexiya Respublikasi o‘zini go‘yo superdavlat sifatida tutmasligi kerak¸ deb o‘ylayman. Buning o‘rniga hukumatimiz mamlakatda yashayotgan 630 ming ishsizga hurmat ko‘rsatishi kerak. Bunday shoshma-shoshar harakatlar oqibatida ishsizlar sonini yanada ko‘paytirmasligimiz kerak¸ degan edi o‘tmishda kommunist bo‘lgan Milosh Zeman.

20 noyabr kuni Zemanning Ostona safari kun tartibi uchun mas‘ul bo‘lgan chex rasmiylari O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuvning rejalangan-rejalanmayotgani¸ rejalangan bo‘lsa¸ unda qanday masalalar muhokama qilinishiga oid savollarga izoh berishdan tiyilishlarini bildirdilar.

Ayni paytda Ozodlik bilan suhbatda Chexiya prezidenti ma‘muriyati rasmiylaridan biri Milosh Zeman Islom Karimovga rasmiy taklifnoma yuborgani va Karimov taklifni qabul qilsa¸ O‘zbekiston prezidentining 2015 yili Pragaga tashrif buyurishi kutilayotganini ma‘lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG