Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:32

O‘zbekistonda bo‘lajak diplomatlar xorijga chiqarilmayapti


Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalarining chet mamlakatlarga chiqishiga cheklov qo‘yilgan. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan talabalarga ko‘ra, oliygoh rahbariyati chetga chiqmoqchi bo‘lganlarga xorijda "suv toshqinlari, bo‘ronu-to‘fonlar bo‘layotganini ta‘kidlab, uyda tinchgina o‘tirishni maslahat bermoqda".

Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bir guruh talabalarining Ozodlikka yozgan maktubida ikki yildan buyon chet davlatlarga chiqish deyarli to‘xtatib qo‘yilgani haqida yoziladi:

“Bizda oxirgi ikki yil ichida talabalarni chet elga qo‘yishmayapti. Joriy yildan bu jinnicha nazorat odamni bo‘g‘adigan darajaga yetdi. Rektor maslahatchisi lavozimi niqobidagi MXX xodimi butunlay diktatura o‘rnatib olgan. Summer school, Winter school, trainings/conferences – chet elga chiqishning har qanday sabablari ham biror bir sababsiz ravishda ushbu “maslahatchi” va Xalqaro bo‘lim rahbari tomonidan norasmiy tarzda taqiqlanmoqda”, deb yoziladi maktubda.

Ozodlik maktubda ismlari keltirilgan talabalardan biri bilan bog‘landi. Ovozi yozib olinmaslik sharti bilan gapirgan bu talabaning aytishicha, har safar chetga chiqishga ruxsat so‘rab murojaat qilinganda Xalqaro bo‘lim rahbari kurakda turmaydigan bahonalarni keltiradi:

“Sabab sifatida odamning kulgisini qistadigan bahonalarni aytishadi. Emishki, chet elda suv toshqinlari, bo‘ronu to‘fonlar bo‘lib, atrof-muhitni ifloslanganligi bizning sog‘lig‘imizga qattiq zarar qilarmish va shuning uchun uyda “qisib” o‘tirishimiz kerak ekan”, deydi talaba.

Suhbatdoshning aytishicha, “yo‘lini” qilib chetga chiqib kelgan o‘zboshimcha talabalar universitetdan haydalishi bilan tahdid qilinmoqda:

“Bunaqangi paranoyyaga asoslangan ichki tartib Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari akademik hayotlarining ilk davridan tajriba va bilim orttirish, o‘z professional karьeralarini boshlashda ulkan to‘siqlarni yaratib, “to‘tiqush” kadrlarga aylantirib qo‘ymoqda. Nahotki universitet rahbariyati bo‘lajak xalqaro munosabatlar sohasidagi kadrlarning professional hayotiga qanchalik jirkanch to‘siq bo‘layotganliklarini anglab yetmayaptilar”, dedi talabalardan biri.

Ozodlik talabalarning bu iddaolariga munosabat olish maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan bog‘landi. Oliygohning o‘zini tanishtirmagan mulozimi, haqiqatan ham talabalarning chetga chiqishi cheklanganini tasdiqladi:

“To‘g‘ri, buning asosan ikkita sababi bor. Birinchisi, eng avvalo biz haqiqatan ham talabalarning xavfsizligini o‘ylayapmiz. Ikkinchidan esa, ularning chetga chiqishini biz hal qilmaymiz. Talabalar to‘ldirgan anketa Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi, ular xal qiladi chiqish yoki chiqmaslikni. Lekin aksariyat hollarda ruxsat berilmayapti”, dedi universitet mulozimlaridan biri.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining o‘zini Otabek deb tanishtirgan xodimi universitet mulozimining gaplarini asossiz deb aytdi:

“Sizga xato aytishibdi. Lekin, bu bizga taalluqli emas. Kadrlar bo‘limiga qo‘ng‘iroq qiling”, dedi matbuot xizmati xodimi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi kadrlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi bu haqda hech qanday ma‘lumot berolmasligini aytdi:

“Biz bu ma‘lumotni sizlar bilan bo‘lisholmaymiz. Bu bizlarning ichki protseduralar, uzr”, dedi kadrlar bo‘limi mulozimi.

O‘zbekistonda boshqa oliy o‘quv yurtlarida ham chetga chiqishga talab qilinadigan viza olish uchun oliygohdan ruxsatnoma talab qilinadi.

Joriy yilning yozida O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligi ruxsatisiz yozgi ta‘til paytida maktab o‘quvchilarining ota-onasi bilan xorijga sayohatga chiqishini taqiqlangan edi.

Shu yilning martida esa O‘zbekistonda ayrim davlat amaldorlari xorijga faqat mamlakat prezidenti, Vazirlar mahkamasi va prezident devonining tegishli xizmatlaridan maxsus ruxsatnoma olganidan keyingina chiqa olishi haqida qaror qabul qilingan edi.

P.S. Maqola tayyorlanayotgan paytda Ozodlik Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Nodir Jumayev ishdan olingani haqida xabar oldi. Oliygoh rektoratining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Nodir Jumayevning ishdan bo‘shatilganini tasdiqladi, ammo buning sababini ochiqlamadi.

XS
SM
MD
LG