Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:24

Prezident kursisiga ko‘z tikkan prezident jiyani qora kursiga keltirildi


Akbarali Abdullayev prezidentning rafiqasi Tat‘yana Akbarovnaning singlisi Tamara Sobirovaning o‘g‘lidir.
Akbarali Abdullayev prezidentning rafiqasi Tat‘yana Akbarovnaning singlisi Tamara Sobirovaning o‘g‘lidir.

Aziya Terra” Internet nashrining Toshkentdagi o‘z manbasiga tayanib yozishicha¸ O‘zbekiston prezidenti rafiqasi Tat‘ana Karimovaning jiyani Akbarali Abdullayev 19 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida borayotgan mahkamaga olib kelingan.

Mahkama ishida prezidentning qayinsingli Tamara Sobirova va uning eri ham hozir bo‘lgan.

O‘tgan yilning 10 oktyabr kuni og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib hibsga olingan Akbarali Abdullayev “Quvasoy mafiyasi” deb nom olgan yirik guruh ustidan borayotgan mahkama jarayonida javobgarlikka tortilgan. Ayrim norasmiy manbalarga ko‘ra¸ Akbarali Abdullayev shaxsan prezident buyrug‘i bilan qamoqqa olingan.

Prezidentning qayinsingli Tamara Sobirovaning o‘g‘li bo‘lgan Akbarali Abdullayevga Farg‘ona shahar prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 164¸ 184-moddalari bo‘yicha talon-taroj va soliq to‘lamaganlik ayblari bilan jinoiy ish ochgan. Keyinchalik Bosh prokuratura bu ayblar ustiga pora olishga oid 210-moddani ham qo‘shgan.

Internetda Akbarali Abdullayevga nisbat berilan yagona fotosurat¸ aftidan uning pasport uchun tushgan suratidir.
Internetda Akbarali Abdullayevga nisbat berilan yagona fotosurat¸ aftidan uning pasport uchun tushgan suratidir.

2012 yilga qadar Farg‘ona vodiysidagi serdaromad biznes tizimlarini to‘liq nazoratida ushlab kelgani aytiladigan Akbarali Abdullayev biznes imperiyasi tarkibida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi¸ Quvasoy tsement zavodi¸ "Farg‘ona tekstil", "Silver Silk", "Kvarts", "Quvasoy tekstil", "Quvasoypromstroy" kabi fabrika va shirkatlar¸ o‘nlab savdo majmuasi¸ "Osiyo" mehmonxonalar tarmog‘i bo‘lgan. Ayni paytda Germaniya fuqaroligini ham olgani aytiladigan Akbarali Abdullayevning Yevropadagi ko‘plab qimmatbaho ko‘chmas mulk egasi ekani aytiladi.

Mahkama jarayonida o‘zining katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirganini tan olgan Abdullayev bu pullarni xayriya maqsadida ishlatib yuborganini iddao qilgan.

O‘zlashtirilgan yirik mablag‘ning bir qismini masjid¸ ziyoratgoh va bolalar uyi qurishga ajratgan Akbarali¸ uni bilganlarning guvohligiga ko‘ra¸ o‘zini O‘zbekiston Senatining bo‘lg‘usi raisi va undan so‘ng prezident vorisi sifatida taqdim etishni xush ko‘rgan.

2012 yilda qator biznes sheriklari hibsga olinishi ortidan O‘zbekistonni tark etgan Akbarali Abdullayev¸ Gulnora Karimova iddaosicha¸ xolasi Tatyana Karimova qamalmaslik haqida kafolat berganidan so‘ng vatanga qaytgan.

Aytilishicha¸ "Quvasoy mafiyasi" ishi doirasida hozirga qadar 40 dan oshiq odam qamalgan.

Prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova o‘z Twitter yozishmalarida Akbarali Abdullayevning o‘zlashtirilgan katta miqdordagi pullarni xolasi¸ prezidentning rafiqasi Tatyana Akbarovnaga berib kelganini iddao qilgan edi.

Bu iddaolardan ko‘p o‘tmay Gulnora Karimovaning Internetdagi yozishlari to‘xtatildi. Bu fosh etishlardan so‘ng prezident to‘ng‘ichining uy qamog‘ida saqlanayotgani aytiladi.

Ayni paytda Gulnora Karimovaning o‘z yaqin biznes sheriklari ustidan ham mahkama jarayoni davom etmoqda. O‘tgan oy uning fuqaroviy eri sanalgan Rustam Madumarov 10 yilga¸ shaxsiy yordamchisi bo‘lgan Gayane Avakyan esa¸ 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

XS
SM
MD
LG