Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:27

A. Mansur: Payg‘ambarimiz mo‘ylarini saqlash - ixtilofli masala


O‘zbekistonlik Abdulhafiz Xon To‘ra Ramzan Qodirovga sovg‘a qilgani aytilgan Muhammad payg‘ambarga oid osori-atiqalar.
O‘zbekistonlik Abdulhafiz Xon To‘ra Ramzan Qodirovga sovg‘a qilgani aytilgan Muhammad payg‘ambarga oid osori-atiqalar.

Qo‘qonlik sayyidzodalardan birining Muhammad alayhissalomga oid soch tolasini Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga sovg‘a qilganiga taassuf bildirgan shayx Abdulaziz Mansur bu osori-atiqa mamlakatda qolsa yaxshi edi, deb ta‘kidladi. Bunday buyumlarni saqlash - bid‘atdir, degan tanqidlarga javoban shayx hazratlari Islomda payg‘ambarlarga oid buyumlarni saqlashga mone‘lik yo‘q, deb javob berdi.

Yana bir "mo‘yi muborak" Chechenistonga ketdimi?

O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur 13 noyabr kuni Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga sovg‘a qilingan soch tolasiga oid ma‘lumotlar o‘rganilayotganini aytmoqda.

13 noyabr kuni prezident Ramzan Qodirovga oid rasmiy portalda o‘zbekistonlik Abdulhofiz Xon To‘ra ismli shaxs unga payg‘ambar Muhammad alayhissalomga oid bir tola soch va ikki dona kosani sovg‘a qilgani haqida xabar berildi.

Rasmiy xabarda, o‘zbek-chechen millatlari do‘stligi ramzi o‘laroq berilgan bu sovg‘a maxsus samolyotda Grozniy shahriga olib kelgani aytildi.

Shayx Abdulaziz Mansur bu xabarlarni kuzatayotgani, ammo qo‘lida bu xabarlarni tasdiqlovchi biror aniq ma‘lumot yo‘qligini ta‘kidladi:

- Eshitdik, qiziqdik biz ham. Lekin, bunaqa odam (Abdulhofiz Xon To‘ra - tahr.) haqida men eshitmagan ekanman. Endi avval bu xabarning anig‘ini bilish kerak, u odamning o‘zi bilan gaplashish kerak, ungacha bir gap aytish qiyin. Lekin, albatta, bunday osori-atiqalar o‘zimizda saqlansa, yaxshi bo‘lar edi, - dedi shayx hazratlari.

Ozodlik Qo‘qon shahridagi bir necha manbaga bog‘landi va Abdulhofiz Xon To‘ra ismli shaxs haqida hozircha jiddiy ma‘lumot topolmadi. Ba‘zi manbalarga ko‘ra, bu kishi Marg‘ilon shahrida yashaydi va u kishi ajdodlari sayyidlar - Payg‘ambar Muhammmad alayhissalomga taqaluvchi ahli ilmlardan biri sifatida obro‘-e‘tiborga ega. Ammo, Ozodlikda buni tasdiqlovchi aniq ma‘lumot hozircha yo‘q.

13 noyabr kuni xabar bergan RIA-Novosti agentligi Farg‘ona vodiysida payg‘ambarga oid osori-atiqalar borligi, bu buyumlar 19-asrning boshlarida Usmonli xalifaligi tomonidan Qo‘qon xonligiga tuhfa qilinganini yozdi.

1876 yilda Qo‘qon xonligi Chor Rossiyasi qo‘shinlari tomonidan tugatilgach, bu osori-atiqalarning qanchadir qismi Rossiyaga olib ketilgani, yana qanchasi yo‘qotilgani, ma‘lum bir qismi esa o‘sha kezlarda xon g‘aznasiga yaqin shaxslar tomonidan uyida yashirib qolingani aytiladi.

Shayx Abulaziz Mansur, ba‘zan oddiy odamlar Musulmonlar idorasiga olib keladigan shu kabi osori-atiqalarning qadimiyligi va o‘ta yaxshi saqlanganidan hayratlanishini aytadi:

- Xalq - xazina. Ba‘zan shunaqa noyob kitoblar, buyumlarni olib kelib, diniy idoramizga topshirishadi. Bularning hammasi idoramizdagi "Mo‘yi Muborak" madrasasida saqlanayapti, - deydi shayx hazratlari.

Toshkent muzeyida "mo‘yi muborak" bor edi...

O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi qoshida Islom diniga oid osori-atiqalar saqlanuvchi makon sobiq sovet zamonlaridan beri "Mo‘yi Muborak" madrasasi, deb yuritilgan.

Shayx Abdulaziz Mansur 1980 yillarning oxirida bu muzeyda Muhammmad alayhissalomga oid bir dona soch tolasi saqlanganini xotirlaydi:

- Shayx Ziyovuddin Boboxon davrida xorijdan kelgan mehmonlarga ko‘rsatilganida ko‘rganman. Payg‘ambarimizga oid 4 santimetrga yaqin soch tolasi saqlanardi. Kichkinagina shisha idishning bir tarafiga yopishtirib qo‘yilgan edi. Keyin, Mustaqillikka erishmasmizdan oldin shu "mo‘yi muborak" yo‘qolib qoldi. Hozirgacha biz bilmaymiz nima bo‘lganini, - deydi Abdulaziz Mansur.

Rasmiy manbada aytilishicha, "Mo‘yi Muborak" madrasasi ilk bor XV asrda qurilgan. Biroq u madrasa buzilib ketgach, 1856–1857 yillari pishiq g‘ishtdan qayta qurilgan.

"Bunday nom berilishiga madrasaning maxsus xonalaridan birida kichkina shisha idishda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak mo‘ylari saqlanishi sabab bo‘lgan. Tarixchi Muhammad Solihxo‘janing ma‘lumotiga ko‘ra esa, madrasaning alohida gumbazi bo‘lib, unga Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) soch tolalari qo‘yilgan... Hozir madrasa ta‘mirlanib, mashhur Usmon Mushafi muzey-kutubxonasiga aylantirildi", deyiladi O‘zbekiston Musumonlari diniy idorasiga oid saytda.

Ammo, bu rasmiy manbada "mo‘yi muborak"ning g‘oyib bo‘lganiga haqida ma‘lumot berilmagan.

Muborak kishilarga oid buyumni saqlash - bid‘atmi?

Qo‘qonlik to‘raning Muhammmad alayhissalomga oid soch tolasini Checheniston prezidentiga topshirgani haqidagi birgina xabarning o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda bahslarga sabab bo‘ldi.

Bir tomon fikricha, bu muqaddas buyumning Chechenistonga berib yuborilishi xato va bunga diniy osori-atiqalarning saqlanishiga imkon yaratib bermagan, aksincha, Qur‘oni karim kabi o‘ta nodir qo‘lyozmalarning o‘g‘irlanishiga to‘siq bo‘lolmagan hukumat aybdor.

Osori-atiqa Chechenistonga yo‘l olgani aytilgan Qo‘qon shahrida yashovchi Nuriddin qori shu fikr tarafdoridir:

- Qaniydi, payg‘ambarimizning bir tola sochi menga berilsa, men uni ko‘zimga surib saqlagan bo‘lardim. Lekin, biz o‘lib ketamiz, bolalarimiz uni bizdek saqlay oladimi - bilmaymiz. Shuning uchun, bunaqa narsalarni omon saqlaydigan muzeyni hukumatimiz ochib bersa qani edi?! Xalqning qo‘lida ko‘p bunaqa narsalar, lekin davlat saqlab berishiga ishonch yo‘q, - deydi Nuriddin qori.

Ammo yana bir tomon fikricha, Muhammad alayhissalomga oid soch tolasining "Mo‘yi muborak" deya saqlanishi, ziyorat qilinishi - bid‘atdir.

Shayx Abdulaziz Mansur bu bahs asrlar davomida tinmagan bahslardan biridir, deydi:

- Bu masalada ulamolar "Ha, bu bid‘at" ham deyolmaydi, "Yo‘q, bu bid‘at emas" ham deyolmaydi. Islomda bunaqa ixtilofli masalalar ko‘p. Lekin, payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v.ga oid buyumlarni qadrlash, saqlashga Islomda mone‘lik yo‘q. Faqatgina bunda haddan oshmaslik kerak, shirk keltirib qo‘ymaslik kerak, - deydi shayx hazratlari.

Bid‘ati hasana va bid‘ati sayyi‘a

Islomda yaxshilikka sabab bo‘luvchi bid‘at - bid‘ati hasana va yomonlikka sabab bo‘luvchi bid‘at - bid‘ati sayyi‘a tushunchasi ustida ham katta bahs bor.

Qarshilar yaxshilikka, xayrga sabab bo‘lishidan qat‘iy nazar bid‘at - musulmonlarni Islom asoslaridan uzoqlashtiradi va xatoga sabab bo‘lib qoladi, degan fikrni ta‘kidladi.

Qo‘qonlik Nuriddin qori shundaylardan biridir:

- Bid‘atning har qanaqasi ham yomon. Chunki dindan keyin paydo bo‘lgan narsalarda bular, dinimizda yo‘q narsalar bular. Hozir o‘zi hukumatimizning imomlari sof din bilan bid‘atni aralashtirib tashladiyu. Sof Islomning o‘zi qolmadi. Odamlar qaysi bir ish Islomdan, qaysi biri xalqning hayotiga kirib ketgan bid‘atdan - hech kim bilolmay qoldi o‘zi. Lekin, payg‘ambarimizga tegishli buyumlarning o‘rni bo‘lak, ularni saqlashda men bid‘at ko‘rmayman, - deb hisoblaydi Nuriddin qori.

Bid‘ati hasanani tan oladiganlar esa "bid‘at" so‘zning o‘zbek tilida keng qo‘llanuvchi "eskidan qolgan yomon odat, irim-sirim, xurofot" kabi ma‘nolari bilan cheklanib qolmasdan, bu so‘zning yana bir ma‘nosi - "dinda keyinchalik paydo bo‘lgan narsa"lardan qo‘rmaslikka chaqiradi.

Shayx Abdulaziz Mansur bunda, albatta hujjatga tayanish kerak va muhimi, shirkdan ehtiyot bo‘lish kerak, deb ta‘kiladi:

- Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilarki: “Kimki yaxshi bir odatni joriy qilsa, shu joriy qilgani uchun ham savob oladi hamda shunga amal qilib, davom ettiruvchilarning savoblaridan ham ulushini oladi” deydilar. Ana shu hadisning ikkinchi yarmida esa: “Kim yomon odatni, bid‘at, dinimiz ruhiga to‘g‘ri kelmaydigan, odamlarga ham na dunyoviy na uxroviy foydasi yo‘q narsalarni joriy qilsa, shu joriy qilgani uchun ham gunohini oladi va shunga amal qiluvchilarning ham gunohlaridan ulushini oladi”, deyiladi. Shuning uchun bunda suiste‘mol qilmaslik kerak, - deydi shayx Abdulaziz Mansur.

Quyida u kishi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Абдулазиз Мансур билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:01 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG