Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:50

Bosh vazir Mirziyoyev Surxondaryoga muvaqqat hokim tayinladi


Shu kunlarda prezident Karimovning Surxondaryoga tashrif qilib, yangi hokimni rasman tayinlashi kutilmoqda
Shu kunlarda prezident Karimovning Surxondaryoga tashrif qilib, yangi hokimni rasman tayinlashi kutilmoqda

19 noyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati hokimi Eshdavlat Jo‘rayev o‘rniga Tojimurod Mamarimovni muvaqqat hokim etib tayinladi. Surxondaryo rasmiylariga ko‘ra, viloyatga yangi hokimni rasman tayinlash uchun prezident Karimovning tashrifi kutilmoqda.

Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni Surxondaryo viloyatiga safar qilib, Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Tojimurod Mamaraimovni viloyatga muvaqqat hokim etib tayinladi.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan Surxondaryo viloyati statistika boshqarmasidagi manbaga ko‘ra, o‘sha kuni Termizda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi chaqirilishi, sessiya ishida prezident Islom Karimov ishtirok etib, viloyat hokimi Eshdavlat Jo‘rayevni lavozimidan ozod qilishi kerak edi.

“Lekin prezident kelmadi. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga statupravleniyadan barcha ma‘lumotlar olib ketilganiga bir oydan oshdi. Hali viloyatda o‘z siyosatini joriy qilish tugul viloyatni to‘liq o‘rganishga ham ulgurmagan Jo‘rayev oxirgi selektrda paxta planini to‘ldirmagani uchun qattiq dashnom eshitdi. Ehtimol uni shuning uchun olishgandir, uni bir haftadan beri Toshkentda deb eshitamiz”, deydi manba.

Surxondaryo viloyati hokimligining o‘zini Olimjon deb tanishtirgan matbuot xizmati xodimi hali sessiya bo‘lmaganini aytib, “podadan oldin chang chiqarmaslik”ka chaqirdi:

“Konstitutsiya bor, qonun qoida bor, sessiya bo‘lganidan keyin yozsalaring ham bo‘ladi-ku. Vahimaning nima keragi bor?!”, dedi Olimjon.

Surxondaryo viloyati hokimligining rasmiy saytidagi ma‘lumotda viloyat hokimi sifatida Jo‘rayev Eshdavlat Tursunovich qayd etilgan. U O‘zbekiston prezidentining 2013 yil 19 dekabrdagi farmoniga asosan Surxondaryo viloyati hokimi etib tayinlangan. Bungacha Jo‘rayev O‘zbekiston Bosh prokuraturasida boshqarma boshlig‘i, Qashqadaryo viloyati prokurori lavozimlarida faoliyat yuritgan, adliya katta maslahatchisidir.

O‘zbekiston Konstitutsiyaning 93, 102-moddalariga ko‘ra, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini tayinlash O‘zbekiston prezidenti vakolatiga kiradi.

P.S. Ozodlik ushbu mavzu tafsilotlarini o‘rganishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG