Линклар

logo-print

Shveysariya konfederatsiyasi prezidenti va konfederatsiya Tashqi ishlar vaziri Didye Burkxalter 21 noyabr kuni mintaqaga qilayotgan safari doirasida Toshkentga keldi.

Shveysariya Konfederatsiyasining atigi bir yilga saylanadigan prezidenti ayni paytda Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining joriy raisi ham hisoblanadi.

Didye Burkxalter Toshkentga ham konfederatsiya Tashqi ishlar vaziri¸ ham YeXHT raisi sifatida safar qilayotgani bois¸ Toshkent muzokaralaridagi masalalar ko‘lami ancha kengdir.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra¸ kun tartibida ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy aloqalar istiqbolidan tortib¸ mintaqa va xalqaro maydondagi dolzarb muammolar qo‘yilgan.

Shveysariyadagi Bern Deklaratsiyasi deb atalgan nohukumat tashkilotining moliyaviy eksperti Olivier Longchamp Ozodlik bilan suhbatda Shveytsariya va O‘zbekiston rasmiylari o‘zaro suhbatda muhokama qiladigan masalalar ro‘yxati va ko‘lami chindan ham katta ekanini ta‘kidlaydi:

- Shveysariya Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruv kengashi a‘zosi. Ammo u kengashda faqat konfederatsiya emas¸ balki O‘zbekiston¸ qolaversa¸ postsovet hududidagi “iston”lar namoyandasi sifatida o‘tiradi. Helvetistan (Helvetica – Shveysariyaning qadim nomi +iston Markaziy Osiyo davlatlari qisqartmasi) deb ataladigan bu guruh namoyandasi sifatida Shveytsariya rasmiylarining Toshkentda gaplashadigan gaplari borligi tabiiy¸ deydi shveytsariyalik tahlilchi.

Kuzatuvchilar¸ ayni paytda¸ YeXHT raisi sifatida Burkhxalter va unga hamrohlik qilayotgan delegatsiyaning O‘zbekistonda rejalangan saylovlardan to Ukraina-Rossiya mojarosi kabi masalalarni muhokama qilishini ta‘kidlamoqda.

Gulnora Karimova va Shveytsariyadagi “o‘zbeklar ishi” Toshkentda muhokama qilinadimi?

Hozircha Ozodlik na O‘zbekiston va Shveysariya prezidenti va na rasmiy delegatsiyalar uchrashuvlari kun tartibiga bu masalaning kiritilganiga oid ma‘lumot topa olgani yo‘q.

Ammo Ozodlik suhbatlashgan kuzatuvchilar¸ Toshkentga kelgan Shveysariya siyosiy arboblari¸ qolaversa bank-moliya tizimi vakillari bilan bu masalada u yoki bu shaklda gaplashmaslik mumkin emasligiga ishonadilar.

- Shveysariya banklarida 700 million dollar pulingiz muzlatilgan bo‘lsa va bugun siz bilan qo‘l berib ko‘rishib turgan odam ayni shu mamlakat prezidenti bo‘lsa¸ mantiqqa ko‘ra¸ bu haqda gaplashmaslikning o‘zi qiyin¸ deydi Olivier Longchamp.

Shveysariya prokuraturasiga Gulnora Karimova sheriklari nomiga ochilgan bank hisoblaridagi muzlatilgan pullarni joriy O‘zbekiston hukumatiga qaytarmaslikni so‘rab rasman ariza topshirgan o‘zbek muxolifatchisi Safar Bekjon ham Toshkent tashabbusi bilan bu pullar masalasi muzokaralarda tilga olinishini taxmin qiladi:

- Albatta¸ harakat qilib ko‘rishadi. Biz bu jinoyatchilarni jazoladik¸ bu pullar bizning mamlakatimizdan o‘g‘irlangan¸ degan iddao bilan Shveysariyadan uni qaytarib olish urinishi¸ albatta¸ bo‘ladi deb o‘ylayman. Lekin Shveysariya prezidentining bu jarayonga aralashishga vakolati yetmaydi. Prokuratura bu yerda mutlaq mustaqil tizim va siyosiy hokimiyatning uning ishiga aralashuvi qabul qilinmaydi. Bundan tashqari¸ muzlatilgan pullar taqdirini kuzatib turgan juda ko‘p boshqa mustaqil tizimlar bor va ularni har xil sovetcha maxinatsiyalar bilan aldash qiyin¸ deydi Shveysariyadan boshpana topgan o‘zbek muxolifatchisi Safar Bekjon.

2012 yil yozida Shveysariyada “o‘zbeklar ishi” deb nom olgan ish doirasida yirik miqdordagi korruptsiya va pul yuvganlik gumoni bilan Gulnora Karimovaning besh nafar biznes sherigi nomiga ochilgan bank hisoblaridagi pullar muzlatib qo‘yildi. Shveysariya prokuraturasi bu hisoblardagi pullarning asl egasi Gulnora Karimova ekanini taxmin qilmoqda.

Joriy yili O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham Shveysariyadagi ish figurantlariga nisbatan jinoiy ish ochdi va Rustam Madumarov, Gayane Avakyanni og‘ir iqtisodiy jinoyatlarni sodir qilgan shaxs sifatida jazoga ham tortdi. Ayni jarayonga tortilgan Gulnora Karimovaning esa hozirga qadar uy qamog‘ida saqlanayotgani iddao qilinmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan kuzatuvchilar¸ O‘zbekistondagi bu tergov va mahkama jarayonlari aynan Shveysariya hukumati va adliya tizimlari uchun amalga oshirilgani va ulardan maqsad Shveysariya banklarida muzlatilgan pullarni O‘zbekistonga qaytarish ekanini taxmin qilmoqdalar.

- Albatta¸ maqsad pullarni O‘zbekistonga qaytarish ekaniga ishonish qiyin emas. Toshkentdagilar bu shaxslarning Shveysariyada muzlatilgan pullarini qaytarib olishning yagona yo‘li ularning noqonuniy ekanini shveytsar huquq tizimlariga isbotlash ekanini tushundi va shu bois O‘zbekistonda ham ularga jinoyat ishlari ochildi.

Ammo bu jarayon ular o‘ylaganchalik oson bo‘lmaydi. “Muzlatilgan pullarni biz bergan isbot-dalillar asosida darrov musodara qilingu ularni darrov yana o‘g‘irlagan shaxslarning o‘zginasi yoki yaqinlari hisobiga qaytarib yuboring”¸ degan hiyla bu yerda o‘tmaydi. Bu pullar O‘zbekiston prokuraturasi taqdim etadigan hujjatlar asosida musodara qilingan taqdirda¸ ularni kimga¸ qachon va qaysi shartlar asosida qaytarish yuzasidan qaror berish Shveysariya tizimlari vakolatidadir va ular bu ishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘lishlari lozim.

Bilishimcha¸ ular bu jarayondagi xatarlardan¸ ya‘ni muzlatib¸ musodara qilingan pullarning yana aynan o‘g‘rilarning o‘ziga qaytarish ehtimoli kuchliligidan xabardorlar. Shveysariya hukumati keyingi yillar davomida o‘nlab bunday restitutsiya so‘rovi yuzasidan qaror berdi va yo‘l qo‘ygan xatolaridan o‘rgandi¸ deb o‘ylayman¸ deydi Shveysariyadagi korporatsiyalar¸ bank va hukumat agentliklari faoliyatini monitoring qiluvchi 20 mingdan oshiq mutaxassisni birlashtirgan Bern deklaratsiyasi deb atalgan mustaqil nohukumat tashkilotining aynan restitutsiya masalalari bo‘yicha eksperti Olivier Longchamp.

XS
SM
MD
LG