Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:37

O‘zbek qamog‘idagi ikki siyosiy mahbusning ahvoli og‘ir


Siyosiy mahbus Murod Jo‘rayevning salomatligi qamoqda kundan-kunga yomonlashayotgani aytilmoqda.
Siyosiy mahbus Murod Jo‘rayevning salomatligi qamoqda kundan-kunga yomonlashayotgani aytilmoqda.

20 yildan buyon qamoq jazosini o‘tayotgan sobiq parlament deputati 62 yashar Murod Jo‘rayevning saraton kasalligiga chalingani taxmin qilinmoqda. Uning tengdoshi buxorolik huquq faoli, to‘rt yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Bobomurod Razzoqov esa bosh miyasining suyagi singani bois Toshkentdagi "sangorod"ga keltirilgan. Bu ikki xabarni mahkumlarning yaqinlari Ozodlikka ma‘lum qildi.

Murod Jo‘rayevning qovug‘ida o‘simta paydo bo‘lgan

20 noyabr kuni Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi 64/56 - qamoqxonada jazo muddatini o‘tayotgan O‘zbekiston Oliy Kengashining sobiq deputati Murod Jo‘rayevning ahvoli og‘irlashgani xususidagi ma‘lumot uning rafiqasi Xolbika Jo‘rayeva orqali “Ozodlik”ka yetib keldi.

Jo‘rayevaning ta‘kidicha, oldindan sog‘lig‘i yomon bo‘lgan, oshqozon-ichak yallig‘lanishi, gipertoniya va umumiy holsizlikdan shikoyat qilayotgan sobiq deputatning qovug‘ida o‘simta paydo bo‘lgan. Onkologik xarakterdagi mazkur o‘simta mahkumning hayotiga jiddiy havf solmoqda va Murod Jo‘rayev davolana olishi uchun tezlikda ozod qilinishi lozim.

“So‘nggi umidlarim ham so‘nib bormoqda. U kishining tirik chiqishiga, bolalari bilan diydor ko‘rishishiga ko‘zim yetmay qoldi. Iltimos, dunyo jamoatchiligiga xabar beringlar, Murod Jo‘rayev hayotining so‘nggi kunlarini yashayotgandek”, dedi Xolbika Jo‘rayeva.

"Bobomurod Razzoqov qiynoqqa tutilgan"

Toshkentdagi tibbiylashtirilgan jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan “Ezgulik” jamiyatining Buxoro viloyati bo‘limi raisi Bobomurod Razzoqovning ham hayoti xavf ostida qolgani haqidagi xabar 20 noyabr kuni “Ozodlik”ka uning o‘g‘li Shuhrat orqali yetib keldi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Bobomurod Razzoqovni davolayotgan 64-18-sonli muassasa shifokori uning bosh miya suyagining yopiq sinishi va bosh miya jarohati bilan og‘ir ahvolda "sangorod"ga keltirilganini aytgan.

Mahkumning o‘g‘li Shuhratga ko‘ra, mazkur holat uning qiynoqqa solinganini ifodalaydi:

“Tushunishimcha, otamning qamoqdan chiqargani so‘nggi xati uchun qiynoqqa solishgan. Shu boisdan qariyb bir oydan beri qonuniy uchrashuvlarni ham berishmayapti. Go‘yo, sangorodga otamni olib kelishganida uning hujjatlari Tovoqsoydagi koloniyada qolib ketganmish. Bu holat yuzasidan bugun GUINga ariza berdim, ular xizmat tekshiruv o‘tkazishga va‘da berishdi. Aftidan, otamni eson-omon ko‘rmayman”, dedi Shuhrat Razzoqov tushkun kayfiyatda.

O‘zbekiston Oliy Kengashining sobiq deputati Murod Jo‘rayev 1994 yilda, huquq himoyachisi Bobomurod Razzoqov esa 2013 yilda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilinishgan. Ularga nisbatan umumiy avf (amnistiya) akti qo‘llanilmayotir.

Hozir O‘zbekiston qamoqxonalarida kamida o‘n nafar huquq faoli va jurnalist bor.

Solijon Abdurahmonov, A‘zam Farmonov, Nozim Isoqov, G‘aybullo Jalilov, Abdurasul Xudoynazarov, G‘anixon Mamatxonov, Yo‘ldosh Rasulov, Dilmurod Saidov, A‘zam Turg‘unov kabi jurnalist va huquq himoyachilari shular jumlasidandir.

O‘n uch yillik qamoq jazosini o‘tab, ozodlikka chiqishi kerak bo‘lgan 60 yoshli siyosiy mahbus Muhammad Bekjonning jazo muddati ikki yil avval 4 yilu 8 oyga uzaytirilgan.

Jurnalist Yusuf Ro‘zimurodov ham, sog‘lig‘i yomonlashganiga qaramay, 15 yildan buyon qamoqda qolmoqda.

XS
SM
MD
LG