Линклар

AQSh prezidenti Barak Obama Las Vegas shahrida juma kuni qilgan chiqishida immigratsiya qonunchiligining isloh qilinishi haqida gapira turib, bu "Amerikaning uzoq yillik yaxshi an‘analari" bilan bog‘liqligini ta‘kidladi.

Obama: Jinoyatchi bo‘lsangiz, badarg‘a qilinasiz

Janob Obama o‘z chiqishida noqonuniy muhojirlarni yoppasiga avf etish adolatsizlik bo‘lishi, ularni yoppasiga mamlakatdan haydab yuborish ham imkonsiz va amerikaliklarning zehniyatiga to‘g‘ri kelmasligini qayd etdi.

- Qonun talablari doirasida panadan chiqib, qonun asosida yashashingiz mumkin. Jinoyatchi bo‘lsangiz, mamlakatdan badarg‘a qilinasiz, - dedi Obama.

Sal avval prezident Obama AQShda noqonuniy yashab kelgan millionlab muhojirlarga ishlash uchun ruxsatnoma so‘rab, murojaat qilish imkonini beruvchi qonuniy o‘zgarishlarni imzoladi.

Mazkur o‘zgarishlarga muvofiq, AQShda tug‘ilgan bolalarning hujjatsiz ota-onalari hamda balog‘at yoshiga yetmagan paytda AQShga kelib qolgan noqonuniy muhojirlar 3 yilgacha ishlash uchun ruxsatnoma olishlari va bu muddat kelajakda uzaytirilishi mumkin.

Avvalgi qonunchilikka ko‘ra, 30 yoshgacha bo‘lganlar va AQShga 2007 yilgacha kirib olganlar ishlash uchun ruxsatnoma so‘rab, murojaat etishlari mumkin edi.

Prezident Obama yosh cheklovini olib tashladi va "qizil liniya"ni 2010 yil qilib belgiladi.

Yangi qonun 5 million muhojir taqdiriga ta‘sir ko‘rsatadi

Avvalgi qonunchilikka muvofiq, 1, 2 million muhojir ishlash uchun ruxsatnoma so‘rab murojaat qilishi imkoniga ega bo‘lgan bo‘lsa, joriy o‘zgarishlar AQShdagi besh milliondan ortiq noqonuniy muhojir taqdiriga ta‘sir qilishi mumkin.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozir AQShda 11 milliondan ko‘proq noqonuniy muhojir bor.

Ulardan 59 foizi meksikaliklar, 6 foizi Salvadordan kelgan. Qolgani Gvatemala, Gonduras, Filippin va boshqa mamlakatlardan AQShga noqonuniy kelgan muhojirlardir.

Bu AQShda 1980 yildan buyon immigratsiya qonunchiligidagi eng yirik o‘zgarishdir.

Obamaning qarori respublikachilarga yoqmadi

Respublikachilar Obamani o‘zboshimchalikda ayblab, uning qarori noqonuniy muhojirlarni amnistiya qilish bilan baravar, deya tanqid qilishmoqda.

AQSh Kongressining Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner Obamani parlament bilan bemaslahat ish tutganlikda aybladi.

- U Kongress bilan maslahatlashmasdan, go‘yo qirol yoki imperatorday mamlakat migratsiya siyosatiga o‘zboshimcha o‘zgartishlarni kiritayapti, - dedi Beyner.

AQShdagi o‘zbek muhojirlari Obamadan minnatdor

AQShdagi besh milliondan ortiq noqonuniy muhojir hayotiga ta‘sir etishi mumkin bo‘lgan immigratsiya qonunchiligidagi o‘zgarishlarni Amerikada yashovchi o‘zbekistonlik muhojirlar olqishlamoqda.

U

U

- Men Filadelfiyada yashayman. Yetti yil avval viza bilan o‘qishga kelib, shu yerda qolib ketganman. Lekin bu o‘zgarishlar menga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi - bilmayman. Umuman olganda, bu o‘zgarishlar AQShda hamma qatori qonuniy ishlash, yashash imkonini beradi. O‘zimni kelajagimni Amerikada ko‘ryapman, shu yerda yashab, shu mamlakatga foydam tegishini istayman, - deydi ismi sir qolishini istagan AQShning Pensilvaniya shtatida yashovchi o‘zbekistonlik muhojir.

AQShning Virjiniya shtatida yashovchi G‘ofurjon ham immigratsiya qonunchiligidagi o‘zgarishlardan mamnun ekanini aytadi.

- Men shu yerda oilam bilan yashayman. Olti yil oldin seminarga chaqirishgan, bu yer yoqib qolib, qolgandim. Keyin oilamni oldirdim. Grin kard bo‘lmasa, qiyin ekan bu yerda yashash. Vositachilar orqali ishlab, bu yerda tirikchilik qilyapmiz. Mana bu o‘zgarishlardan umid qilib turibmiz. Biz ham bu yerda hamma qatori qonuniy yashab, ishlashni istaymiz. Qonuniy ishlasak, soliqlarini to‘lasak, davlatga ham yaxshi-da, - deydi o‘zbekistonlik G‘ofurjon.

Nyu York shahridagi "Vatandosh" o‘zbeklar jamiyati rahbari Farhod Sulton Ozodlik bilan suhbatda yangi qonunchilik AQShda yashayotgan ko‘plab o‘zbekistonliklar taqdiriga ham ta‘sir qilishi mumkinligini aytadi.

- Hozir AQShda qancha o‘zbekistonlik noqonuniy muhojir borligi haqida qo‘limizda aniq raqam yo‘q. Lekin juda ko‘p. Bu yerga talabalar student vizalari bilan kelib, qolib ketishadi. Qochqinlik olish uchun kelib, maqom ololmay, sarson bo‘lib yurganlar bor. Ular uchun bu umidbaxsh qonundir, - deydi Farhod Sulton.

So‘nggi yillarda AQShga O‘zbekistondan keluvchilar soni ham ko‘paydi. Ularni ko‘pchiligi AQShda yashash va ishlash huquqnini beruvchi Grin kard lotoreyalarini yutib kelishadi.

Ayrimlar viza bilan kelib, AQShda qolib qolishadi. Har yili AQShdan yarim millionga yaqin noqonuniy muhojir kelgan yurtlariga qaytariladi.

XS
SM
MD
LG