Линклар

logo-print

Kompromatlar kampaniyasi kichik Islom Karimovni nishonga oldi


Prezident Islom Karimovning nevarasi Islom Karimov. (Rasm "O‘zbekiston xalq harakati" saytidan olindi)

Prezident Islom Karimovning nevarasi Islom Karimov. (Rasm "O‘zbekiston xalq harakati" saytidan olindi)

Keyingi bir hafta ichida O‘zbekiston prezidentining nevarasi Islom Karimovning shaxsi haqorat qilingan va unga oid konfidentsial ma‘lumot hamda fotosuratlar ilova qilingan beshta maqola e‘lon qilindi. Mamlakat tashqarisidagi bir nechta veb nashrlar tarafidan e‘lon qilingan qoralovchi maqolalar o‘tgan hafta kichik Islom Karimovning BiBiSi muxbiri Natalya Antelava bilan Londonda o‘tkazgan videosuhbatidan keyin paydo bo‘lgani kuzatildi.

Turkum maqolalarning birinchisida Akram Mansur degan noma‘lum avtor “Islom Karimov tilini tiymasa” unga nisbatan “e‘tirozlar” yana paydo bo‘lishini aytib, tahdid qiladi.

Jumladan, O‘zbekiston Xalq harakati saytida e‘lon qilingan turkum maqolalarda kichik Islom Karimov aroqxo‘r, bangi¸ muttaham va fohishaboz sifatida tasvirlangan.

O‘tgan hafta oxirida e‘lon qilingan maqolalarda prezident nevarasi “o‘zini muxolifatchi qilib ko‘rsatishga urinmoqda", aslida esa, “fahshga berilgan, bachkana va hech narsaga yaramaydigan lapashang” qabilida tasvirlangan.

Bu “maqola”larni tahlil qilgan toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning Ozodlikka aytishicha¸ Islom Karimovning nevarasiga kompromat manbaini birinchi oilaning o‘zidan qidirish kerak.

Haqiqiy portret?

Internetda e‘lon qilingan maqolalarning nomlaridanoq nima maqsad ko‘zlangani ayon bo‘ladi:

“Uzbekskaya saga: xu iz Islam Karimov-djunior?”¸ ( O‘zbek sagasi: kichik Islom Karimov kim o‘zi?) “Kto teper oplatit narkotu i vecherinki?”(Narkotik va bazmi jamshidlarning pulini kim to‘laydi?), “Uzbekskaya saga: vtoroye yavleniye Islama-djuniora narodu” (O‘zbek sagasi: Kichkina Islomning xalqqa namoyon bo‘lishi) "Ne poluchayetsya s devkami, tak poydu vo vlast" ili Chestnыy portret vnuka uzbekskogo prezidenta” (Qizlar bilan ishim yurishmasa, hokimiyatga kelaman yoki O‘zbekiston prezidenti nevarasining haqiqiy portreti).

Akram Mansur¸ I. Agzamov degan noma‘lum avtorlar va hech kim bilmaydigan “Mustaqil jurnalistlar uyushmasi” vakili Sh. Yuldashev kabi anonim mualliflar e‘lon qilgan maqolalarda O‘zbekiston prezidenti nevarasining shaxsiy hayotiga oid tafsilotlar e‘lon qilinadi.

Bu maqolalarni tahlil qilgan toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich e‘tiborni mazmunga emas, kontekstga qaratadi.

- Maqolalarning aynan nevaraning BiBiSiga intervyu berganidan keyin urchigani tasodif emas. Intervyuda u buvisi Tatyana Karimova O‘zbekiston prezidentini axborot izolyatsiyasida tutib turganlikda ayblagan edi. Bu intervyudagi to‘g‘ri gap kimgadir qattiq yoqmagan ko‘rinadi. Shu bois darhol bu maqolalar paydo bo‘ldi. Maqolalar nevarani yomon otliq qilish maqsadidagina yozilgan. Maqolalardagi asosiy mujda – nabira Karimov yolg‘onchi va uning gapiga ishonmanglar degan gap. Maqolardan birida¸ agar u jim bo‘lmasa¸ yana yangi maqolalr chiqishi haqida ogohlantirish ham bor,- deydi suhbatdosh.

Maqolalardan biriga kichik Islom Karimov chilim tutatib turgan rasm ilova qilingan. (O‘XH saytidan olindi.)

Maqolalardan biriga kichik Islom Karimov chilim tutatib turgan rasm ilova qilingan. (O‘XH saytidan olindi.)

Aleksey Volosevichning bu gapiga isbot o‘laroq¸ ushbu maqola yozilayotgan paytda kichkina Karimovga qarshi yana bir “maqola” sizdirildi.

Hajviya tarzidagi bu maqola “Islam Karimov-mladshiy: “Mama budet rvat vsex podryad! (Kichkina Islom Karimov: Onam hammangizni yirtadi), deb nomlangan.

Hajviyaga kichik Islom Karimovning xorazmcha cho‘girma kiyib¸ chilim chekib tushgan ikki rasmi ham ilova qilingan.

Karimov oilasi Karimovga qarshimi?

Aleksey Volosevichning aytishicha¸ ushbu maqolalarda kichkina Islom Karimovga oid ilgari sira ko‘rilmagan yangi fotosuratlar e‘lon qilingan.

Bu fotosuratlarda qadax ko‘tarib¸ yoki qimmatbaho sharob shishasini og‘zidan sipqarib turgan kichkina Islom Karimov aks etadi.

Maqolalarda O‘zbekiston prezidenti nevarasining mijozi sustligi¸ pul olib qaytarib bermasligi va hashamatga o‘chligi iddao qilinadi.

Fotosuratlardan boshqa hech qanday dalil keltirilmagan bu iddaolar prezident nevarasini ayblash uchun yetarli emasligi haqida toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich gapiradi:

- Har qanday odamning arxivida uni ahmoqona tarzda ko‘rsatuvchi o‘nlab fotosuratlar bo‘lishi mumkin. Bunday suratlarni e‘lon qilib¸ har qanday odamga ayb yopishtirish ham mumkin. Bu maqolalarda yosh va badavlat o‘spirinning hayot tarzini ko‘ramiz xolos. Bu yosh yigit onasining bazmu jamshidlari soyasida ulg‘aygan va shundan boshqa narsani ko‘rmagan. Ammo bu hali jinoyat emas. Bu holatda biz kichkina Karimovga qarshi qoralash ma‘rakasi haqida gapira olamiz. Kompromat yomg‘irini yog‘dirishmoqda. Taxminimcha, bu kompromatni uning buvisi Tatyana Karimova uyushtirgan,- deydi jurnalist.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ shu paytgacha muxolifat va fuqaroviy jamiyat faollariga qarshi ishlatib kelingan bo‘xton quroli endi birinchi oila mansublarini nishonga olmoqda.

Kichkina Karimov shu yil 12 noyabr kuni BiBiSiga bergan intervyusida “Men ham nishonga aylanganman” deb ta‘kidlagan edi.

Alamzadalar qasosi?

Shveysariyada yashovchi siyosiy faol Safar Bekjon fikriga ko‘ra¸ kichkina Karimovga qarshi sizdirilgan kompromat undan zarar ko‘rgan va hozir chet elda yashayotgan Gulnora Karimovaning sobiq hamkorlari va qo‘riqchilaridan chiqqan bo‘lishi haqiqatga ko‘proq yaqin.

Safar Bekjonning aytishicha¸ shu yilning 24 yanvar kuni Toshkentdan qochib ketgan kichkina Islom Karimovning qo‘riqchisi Roman Fedorenko ham ko‘p sir-asrorlarni bilishi mumkin.

O‘zbekiston prezidentining nevarasi 22 yashar Islom Karimov shu yilning 2 yanvaridan keyin Toshkentni tark qilib, Londonda yashayotgani aytiladi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda uy qamog‘iga olingani aytilayotgan onasi Gulnora Karimova haqida xorijiy matbuotga bir nechta intervьyu bergan 22 yoshli Islom Karimov bobosining rejimiga qarshi kurashga otlanganini e‘lon qilgan edi.

O‘zbekiston prezidentining nevarasi kichkina Islom Karimov mamlakat bosh prokuraturasi tomonidan “uyushgan jinoiy guruhga” a‘zolikda ayblanayotgan Gulnora Karimova va amerikalik o‘zbek millioner Mansur Maqsudiyning to‘ng‘ich o‘g‘lidir. Shu yil boshrog‘ida uy qamog‘iga olingani taxmin qilinayotgan Gulnora Karimova Yevropaning qator mamlakatlarida ham pul yuvish va boshqa iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, tergov qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG