Линклар

O‘zbekistonda dron uchqichlar taqiqlanadi


“O‘zbekiston. Qumliklar marvaridi” nomli hujjatli film dronli uchqichlar yordamida suratga olingan.

“O‘zbekiston. Qumliklar marvaridi” nomli hujjatli film dronli uchqichlar yordamida suratga olingan.

Mamlakatdagi video studiyalarga tegishli yuzga yaqin radioboshqaruvli dron (multikopter)lar musodara qilindi. Ayrim xabarlarga ko‘ra, joriy hafta Vazirlar Mahkamasining dron uchqichlarni O‘zbekistonga keltirish va ulardan foydalanishni butunlay taqiqlashga doir maxsus qarorining e‘lon qilinishi kutilmoqda.

O‘tgan hafta Buxoro shahridagi to‘rtta video studiyaga tegishli to‘rt dona radioboshqaruvli dron uchqichi musodara qilindi. Bu haqda Ozodlikka gapirgan video studiya rahbariga ko‘ra, soliq xodimlari drondan foydalanish uchun litsenziya yo‘qligini ro‘kach qilishgan:

"Toshkentdan 2 ming dollarga olgandim. Bir oycha video oldik. Anuv kuni nalogchilar kelib, dronni ishlatish uchun litsenziya olmagansan, deb konfiskatsiya qilishdi. Shu paytgacha biror odam dron uchqichlar uchun ruxsat olmagan. Bu haqda eshitmaganmiz. Bu borada ogohlantirishmadi ham. Endi esa dronlarni ishlatish mumkin emas, deyishayapti", dedi Buxorodagi video studiyalardan birining rahbari.

Keyingi olti oy mobaynida mamlakatdagi ayrim video studiyalar tepadan panorama qilinadigan kadrlar uchun radioboshqaruvli dron (Hexacopter)dan foydalanib kelayotgan edi. Video tasvir olishga mo‘ljallangan, uchuvchisiz boshqariladigan apparat-mulьtikopterlar pult bilan uchadigan o‘yinchoq vertolyotlar hajmidan kattaroq bo‘lib, Toshkent do‘konlarida kamida 2 ming AQSh dollari atrofida sotilgan.

O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi qoshidagi Elektromagnit moslashuv markazidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, o‘tgan bir oy mobaynida mamlakatdagi video studiyalarga tegishli yuzga yaqin radioboshqaruvli dron musodara qilingan:

“Bular birinchi navbatda bizdan va "O‘zbekiston havo yo‘llari"dan ruxsat olishi lozim edi. Hech birida litsenziya yo‘q. Keyin bu dronlar yomon niyatli shaxslar qo‘liga tushsa, xohlagan ishini qilishi mumkin. Terrorchi xohlagan binosini portlatishi ham mumkinku bu yordamida. Shuning uchun dronlarni yig‘ishtirib olish haqida buyruq bo‘ldi”, dedi mazkur markazning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining ismini ochiqlamayotganimiz mulozimiga ko‘ra, dronli uchqichlarning aeroport hududlariga o‘tishi holatlari kuzatilgani ham taqiqqa sabab bo‘lgan:

“Dronlar uchib aeroport hududiga o‘tgan bir nechta holat aniqlandi. Aeroport hududi yopiq hisoblanadi. Xavfsizlik masalasi bor. Shuning uchun mamlakatdagi barcha dronlar yig‘ishtirib olindi. Havo kodeksiga ko‘ra, har qanday uchadigan narsa uchun ruxsat olish kerak”, dedi aviakompaniya mulozimi.

Mazkur ikki tashkilot mulozimlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, shu kunlarda Vazirlar Mahkamasi dronli uchqichlar masalasini o‘rganmoqda:

“Bir hafta ichida Vazirlar Mahkamasining postanovleniyesi (qarori-tahr.) chiqadi. Dronlarni mamlakatga keltirish va eksplutatsiya qilishni taqiqlash borasida”, dedi suhbatdoshlarimiz.

O‘zbekistonda dronli uchqichlar yordamida video ishlash joriy yilda ko‘paygani kuzatildi.

Rossiyalik rejissyorlarning “O‘zbekiston. Qumliklar marvaridi” nomli hujjatli filьmi dron uchqichlari yordamida suratga olingani haqida mahalliy matbuotda bosilgan xabarlardan so‘ng ushbu apparatga qiziqish kuchaygan.

Keyingi paytda pilotsiz boshqariladigan katta hajmdagi drondan nafaqat harbiy maqsadlarda, balki maishiy hayotda ham foydalanish ommalashmoqda.

AQShda joriy yil yozidan boshlab dronlarning tijoriy parvozlarini amalga oshirishiga ruxsat berildi.

Alyaska shtatida neft quvurlari, yo‘llar va sanoat inshootlari holatini dronlar yordamida kuzatish imkoniga ega bo‘lgan.

Avvalroq, dronlarni noharbiy maqsadlarida faqatgina Shimoliy Muz okeani ustida uchirishga ruxsat etilgandi.

XS
SM
MD
LG