Линклар

O‘sh qirg‘ini qurbonlari uchun atalgan uylar boshqalarga berilmoqda


O‘sh voqealaridan so‘ng qurilgan ko‘p qavatli uylar.

O‘sh voqealaridan so‘ng qurilgan ko‘p qavatli uylar.

2010 yil O‘sh voqealaridan keyin qurilgan ko‘p qavatli uylarni taqsimlash bilan bog‘liq mojarolar hali ham davom etmoqda. Uylarni taqsimlash uchun tuzilgan maxsus davlat komissiyasining o‘tgan hafta so‘ngida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ini ham janjal bois tugatilmasdan keyinga qoldirildi. Janjal uylarning ba‘zilari O‘sh voqealariga aloqasi bo‘lmagan odamlarga berilgani to‘g‘risidagi bahsdan kelib chiqdi.

O‘sh voqealaridan jabrlanganlar uchun qurilgan uylar egalariga emas, pul berganlarga tegayotganini davlat komissiyasi ham, uy olayotganlar ham aytmoqda. Rasmiylar bu uylarni noqonuniy olganlar aniqlanib, jazolanishini va‘da qilmoqda.

O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash davlat direktsiyasi O‘sh shahrida qurgan 11ta ko‘p qavatli uyda jami 1400 xonadon bor. Shu kungacha ularning yarmidan ko‘pi bo‘lib berilgan.

O‘sh shahar meriyasining Xususiy uy qurish departamenti vakili Qadiraqun Jo‘ldo‘shbayevga ko‘ra, uylarning 600dan ziyodi O‘sh voqealarida jabrlanganlar uchun berilgan:

- Bugungi kungacha, O‘sh shahridagi 772 fuqaroga uy berilgan. Undan 120si kuch ishlatar tizimlari xodimlari uchun, 45 xonadon ko‘zi ojiz va eshitishi nochor fuqarolarga, 607 xonadon 2010-yil voqealarida jabr ko‘rganlarga davlat komisiyasi tomonidan bo‘lib berilgan. Hozirda bizning munitsipal xususiy mulk boshqarmasi balansiga 349ta uy berilgan, va yana 271ta uy balansga toprilishi jarayonida turibdi. Umumiylashtirib aytganda, 620 honadonni keyingi komissiya qaroriga muvofiq fuqarolarga beramiz,- dedi Qadiraqun Jo‘ldo‘shbayev.

O‘sh voqealarida jabrlanganlar uchun qurilgan uylarni taqsimlash bo‘yicha davlat komissiyasining o‘tgan shanba kuni o‘tkazilgan 11-yig‘inida qolgan uylarni ham bo‘lib berish masalasi ko‘rib chiqildi. Yig‘inda bundan avval taqsimlangan xonadonlar jabrlanganlarga emas, O‘sh voqealarga umuman aloqasi bo‘lmagan shaxslarga berilgani iddao qilindi.

Majlisda ishtirok etgan Qirg‘iziston Jo‘g‘o‘rqu Kengashi deputati Bo‘do‘sh Mamirova bunga doir bir nechta holatdan xabari borligini ta‘kidladi:

- Almamatov Kayrat Talantbekovich isimli yigit birinchi marotaba uch xonalik uy olgan. Shundan keyin Talantbek o‘g‘li Kayrat deb tug‘ilgani to‘g‘risidagi hujjatni o‘zgartirib, ikki xonalik uy olgan. Buni men avvalgi yig‘inlarda ham ko‘targanman, shu paytgacha birontang ham to‘liqroq o‘rganmadinglar. O‘sha uyning taqdiri nima bo‘ladi? Almamatov hujjatlarni Oloy tumanidan tayyorlab kelgan. U to‘polon paytida O‘shda bo‘lmagan, Rossiyada savdo qilib yurgan ekan. Nima sababdan o‘sha fuqaro, uning hujjatlarini tayyorlab bergan kishilar jazoga tortilmaydi? Bu mendagi bir qancha faktlarning birigina, dedi Bo‘do‘sh Mamirova.

Davlat komissiyasining boshqa a‘zosi, Avazqan O‘rmo‘nova komissiyaning avvalgi qarorlarida ko‘rsatilagan uylar egasiz qolayotganidan xayratdaligini aytadi:

- Kuyovi o‘lib, uy olgan kelinlar qaynota-qaynonalari bilan sudlashmoqda. Marhum farzandlariga berilib, biroq uyni marhum yaqinlari egallab olgan holatlar ham ko‘p. Bizning komissiya avvalgi yig‘inlarda qaror chiqargan odamlarga uy berilmagan. Uylarga boshqa birovlar kirib olgan. Bu nima degan gap. Shu narsalarni aniqlashdan hukumat, mahalliy hokimyat manfaatdor bo‘lishi kerak. Negaki, ular javobgardir. Voqeadan 4 yil o‘tib ketdi, biroq uylarni berish haligacha kechikayapti. Shunday hollarning barchasini aniqlab, fosh qilish kerak. Negaki ertaga xalq bizni, shu komissiya a‘zolarini “uyni sizlar bo‘lib bergansanlar” deb ayblashadi,- dedi komissiya a‘zosi.

Hukumat vakillari ham uylarni taqsimlashda noqonuniy harakatlar bo‘lganini tan olishadi. Qirg‘iziston Birinchi vitse-premьer-ministri Tayirbek Sarpashovga ko‘ra, bu harakatlarning barchasi ertami-kechmi tekshirilib, baho beriladi:

- Har bir hujjatni elakdan o‘tkazib, qayta-qayta tekshirgachgina uy berayabmiz. Bugun ham 16-17 odamgagina uy berdik. Keyingi yig‘inda qolganlarni ko‘rib chiqamiz. Komissiya a‘zolaridan ham alohida guruh tuzdik, ular ham har bir arizani o‘rganib chiqishadi. Korruptsiya bilan, tanish-bilish orqali uy olgan kishilar bo‘lsa, ularning o‘zlarigina emas, ularga ruxsat bergan, qalbaki hujjatlarni tayyorlagan odamlar ham jinoiy javobgarlikka tortiladi,- deydi Tayirbek Sarpashev.

Shu paytgacha uylarning noqonuniy taqsimlashi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ichki ishlar boshqarmasi 10dan oshiq, prokurotura esa 7-8ta jinoiy ish ochgani ma‘lum. Uy olish uchun ro‘yxatga olinganlarning 200ga yaqini hujjatlari noqonuniy degan gumon bilan tekshirilmoqda.

Uy olish uchun ro‘yxatga turgan “O‘sh sheyitteri” jamiyati vakillari komissiya xulosasining yo‘qqa chiqarilishini talab qilmoqda, O‘sh voqealarida jabrlangan Gulbarchin Jarmamatovaga ko‘ra, uy olishda poraxo‘rlik hozir ham davom etmoqda:

- Hujjatlarimizni ko‘tarib, yugurib yurganimizga 4 yil bo‘ldi. O‘q yegan, ko‘zi-boshi pachoqlangan, yaqinlari vafot etgan odamlar uy ololmay boshqalar olayapti. Hozir korruptsiya yo‘q deyishadi, hamma yerda korruptsiya bor, haqiqat yo‘q. Faqat pul berganlarga, tanishi borlarga berilayapti. Bu komissiya ham ro‘yxatni, uy berishni adolatli qaramadi. Yuzaki qarab, hujjatlarni to‘la tekshirmay ketib qolayapti. Biz komissiyaning qarorlari butunlay yo‘qqa chiqarilib, qayta ko‘rib chiqilishini talab qilamiz,- deydi Gulbarchin Jarmamatova.

Uylarni taqsimlash davlat komissiyaning so‘ngi 11-yig‘ini yakuniga yetmadi va keyinga qoldirildi. Unda uylarni imkoniyati cheklanganlar, Botken voqeasi ishtirokchilari hamda muhtojlarga berish masalasi ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

2010 yilning iyun oyida O‘shda ro‘y bergan qirg‘in paytida 500ga yaqin odam qurbon bo‘lgan. Minglab odamlarning uylari yondirilgan edi. Xalqaro tashkilotlar yordamida O‘sh va Jalolobodda yondirilgan xususiy uylar qayta tiklandi. Bundan tashqari hukumat 943 odamga ko‘p qavatli uylardan bepul kvartiralar berish haqida qaror chiqargan.

XS
SM
MD
LG