Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:51

Qozog‘istonda "jihodchi qozoq bolalar" videosiga to‘siq qo‘yildi


"Jihodchi qozoq bolalari" filmidan olingan surat.
"Jihodchi qozoq bolalari" filmidan olingan surat.

Qozog‘istonda "jihodchi qozoq bolalar" videosi va ushbu video haqida ma‘lumot bergan maqolalarga to‘siq qo‘yildi. 22 noyabr kuni “Islomiy davlat” guruhi qozog‘istonlik ekani aytilgan bolalarning harbiy mashqlardan o‘tayotgani aks etgan videolavhani e‘lon qildi.

Britaniyaning Daily Mail nashri xabariga ko‘ra, “Islomiy davlat” radikal guruhi jihodga tayyorlanayotgan qozoq bolalari haqidagi videoni ijtimoiy tarmoqlarga 22 noyabrь kuni joylashtirgan.

Videoda qozoqcha gapirayotgan bolalar aks etgan bo‘lib, ularning Qur‘on va arab tilidan dars olayotgani tasvirlangan.

Tasvirlar davomida bolalarning harbiy kiyimda, qo‘lida qurol bilan harbiy tayyorgarlik mashqlarida ishtirok etayotgani aks etgan. Bolalar Kalashnikov avtomatini qanchalik boshqara olishlarini namoyish qilishadi.

"Jihodchi qozoq bolalari" haqidagi filьmdan skrinshot
"Jihodchi qozoq bolalari" haqidagi filьmdan skrinshot

Bolalardan biri o‘zinini qozog‘istonlik Abdulla deb tanishtirib, katta bo‘lganida mujohid bo‘lishini aytadi.

Videoda gapirgan boshqa bir bola esa “Kofirlarni o‘ldirish uchun ushbu lagerda o‘qib, mashq qilayapmiz”, deydi.

Videolavha qachon tayyorlangani bo‘yicha aniq ma‘lumot yo‘q. Daily Mail nashrining yozishicha, lavha “Islomiy davlat” guruhining “Al Hayot” media markazi tarafidan tayyorlangan.

Ushbu video va bu haqda xabar qilgan maqolalar, jumladan, Ozodlik radiosining qozoq xizmati saytidagi "jihodchi qozoq bolalar" videosi haqidagi maqola Qozog‘istonda to‘sib qo‘yildi.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Aydos Sarim ushbu video jamoatchilikni vahimaga solish uchun tarqatilgan deb hisoblaydi. Ayni paytda siyosatshunos bu kabi videolarni to‘sish orqali natijaga erishib bo‘lmaydi deb hisoblaydi.

“Menimcha, Internetdagi maqolalarga to‘siq qo‘yish orqali muammo yechimini topish mushkul. Hukumatimiz qo‘lidan faqat to‘siq qo‘yish va yopish keladi. Albatta videoni keng miqiyosda tarqalishiga imkon bermaslik zarur. Ayni paytda bu videoni hatto televideniye orqali namoyish qilish lozim. Faqat uni “Mana ko‘ring, jihodga otlanganlar qay ahvolga kelishdi, bolalaringiz va nevaralaringizni asrang” degan mazmunda berish kerak”, degan siyosatshunos Qozog‘istonda ekstremizmga qarshi kurash usullarini o‘zgartirish lozim degan fikrni ham bildiradi.

Jihod maydoniga tashlangan o‘zbek bolalari
Jihod maydoniga tashlangan o‘zbek bolalari

Internetda jihod maydoniga tashlangan o‘zbek bolalari haqida ham video tarqatilgan. 2009 yilda Youtubeda tarqatilgan videoda 30 nafarcha o‘zbek bolalarining Badr (Badr Islom payg‘ambari g‘olib kelgan jang) deb atalgan madrasada harbiy ta‘lim olayotgani aks etadi.

Ayrim xalqaro tashkilotlarga ko‘ra¸ O‘zbekiston islomiy harakati safida jihod qilayotganlar orasida kamida 1000 nafar o‘zbek bolalari bor. Bolaligi o‘yingoh emas¸ qonli janggohlarda kechayotgan bu bolalar o‘zbek jamiyati ertasi uchun tahdid sifatida ko‘rilmoqda.

Suriyadagi jangarilar safida MDHdan 1500 nafardan ortiq yollanma jangarilar qatnashayotgani va ularning aksariyati o‘zbeklar ekani aytilmoqda.

Qirg‘iziston Din ishlari davlat komissiyasi ma‘lumotiga ko‘ra, Suriyadagi qirg‘izistonlik jangarilarning aksari ham o‘zbeklardir.

O‘tgan oy oxirida O‘sh viloyatining Aravon tumanidan ikki oila bola-chaqasi bilan Suriyaga jihod qilish uchun ko‘chib ketgani aniqlandi. Bundan o‘n besh kun avval O‘sh shahar militsiyasi 9-sinf o‘quvchisi o‘z sinfdoshlarini “Suriyada jihod qilishga chorlagani” haqida ma‘lumot tarqatgan edi.

XS
SM
MD
LG