Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:50

Islom Karimov Ostonada tayanch izlayotganini aytdi


24 noyabr kechqurun Ostonaga rasmiy safarini boshlagan O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 25 noyabrda prezident Nursulton Nazarboyev bilan tor doirada uchrashib, Qozog‘iston va O‘zbekiston bir-biriga tayanch bo‘la olishiga ishora qildi. Rus matbuotida chiqish qilayotgan ekspertlar esa “Islom Karimov O‘zbekiston KXShTdan chiqqani va AQSh bilan yaqinlashganidan so‘ng Rossiya bilan yomonlashgan munosabatlarni qayta tiklash yo‘nalishida Nazarboyevning qo‘lloviga ega bo‘lish uchun Ostonaga bordi”, qabilidagi iddaolarni bildirmoqda.

Qozog‘iston prezidenti rasmiy saytida e‘lon qilingan xabarda aytilishicha, Islom Karimov bilan tor doirada uchrashgan Nursulton Nazarboyev ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, suv-energetika, transport va madaniy-ma‘rifiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.

Bundan tashqari mintaqaviy xavfsizlikning muhim jihatlari ham prezidentlar e‘tiboridan chetda qolmagan.

Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston va O‘zbekistonning xavfsizlik yo‘nalishidagi hamkorlik yuzasidan pozitsiyasi mintaqa barqarorligi uchun muhim ekanini ta‘kidladi:

- Qo‘shni davlat sifatida mustaqillik sharoitida biz o‘z munosabatlarimizni yetarli darajada qura oldik. Qozog‘iston O‘zbekistonni barcha tashabbuslarini qo‘llab keladi. Biz ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga, savdo-sotiqni, munosabatlarni, jumladan, ichki va tashqi xavfsizlik bo‘yicha munosabatlarni rivojlantirishga hozirmiz. Bizning mamlakatlarimizda mazkur muzokaralarni diqqat bilan kuzatishmoqda, negaki Qozog‘iston va O‘zbekistonning pozitsiyasi hamda hamkorlikdagi ishi mintaqaning barqarorligi, taraqqiyoti uchun muhimdir, - dedi Nazarboyev.

Rasmiy ma‘lumotlarda aytilishicha¸ 2013 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 3¸2 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan va 2012 yilga nisbatan 14 foizga oshgan. Joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra¸ o‘zaro savdo hajmi 3¸1 milliard dollarni tashkil etgan va bu 2013 yilning ayni davriga nisbatan 25¸7 foizga ko‘pdir.

Islom Karimov Ostonada Qozog‘iston va O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy jabhada, balki siyosiy munosabatlarda ham bir-biriga tayanch bo‘la olishiga ishora qildi:

- Bugungi sharoitda har bir davlat o‘z tayanchini izlaydi, o‘z rejalarini aniqlaydi va o‘zining yaqin qo‘shnilariga suyanadi. Qozog‘iston biz uchun eng yaqin mamlakat, og‘ir sinovlar va quvonchli kunlarimizda doimo biz bilan birga bo‘lgan eng yaqin xalq, - deb bildirdi O‘zbekiston prezidenti.

Islom Karimovning Ostonaga tashrifi Vladimir Putinning dekabr oyida Toshkentga qiladigan safari oldidan bo‘lgani uchun Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari uchrashuvi rossiyalik ekspertlar va rus nashrlari e‘tiboridan chetda qolgani yo‘q.

Rus matbuotida chiqish qilayotgan ekspertlar “Islom Karimov O‘zbekiston KXShTdan chiqqani va AQSh bilan yaqinlashganidan so‘ng Rossiya bilan yomonlashgan munosabatlarni qayta tiklash yo‘nalishida Nazarboyevning qo‘lloviga ega bo‘lish uchun Ostonaga bordi”, qabilidagi iddaolarni bildirmoqda.

19 noyabr kuni xorij elchilarining ishonch yorlig‘i topshirish marosimida Rossiya prezidenti dekabr oyida Islom Karimov taklifi bilan Toshkentga borishini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG