Линклар

Amerikalik sakkiz senator O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga ochiq xat yo‘llab, siyosiy maxbuslar - A‘zam Turg‘unov, Dilmurod Sayyid, Solijon Abdurahmonov, Muhammad Bekjon va Bobomurod Razzovlarning ozod etilishini talab etdi.

AQShning sakkiz senatori 24 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga ochiq xat yo‘llab, adolatsiz qamalgan inson huquq faollari va mustaqil jurnalistlarni ozod qilishni so‘radi.

Xatga demokrat senatorlar Richard Darbin, Robert Menendez, Patrik Lihi, Richard Blumental, Benjamin Kardin, Barbara Bokser, Robert Seysi, va respublikachi senator Mark Kirk imzo chekkan.

Ular O‘zbekistonda qamalgan huquq faollari A‘zam Turg‘unov, Bobomurod Razzoqov, jurnalistlar Muhammad Bekjon, Dilmurod Saidov va Solijon Abdurahmonovlarning ozod etilishini talab etganlar.

Bu amerikalik senatorlarning O‘zbekiston rahbariga ayni mazmunda yo‘llagan ikkinchi maktubidir.

"Avvalgi maktubda yozganimizdek, beshala maxbusning qamalishi aftidan siyosiy sabablarga ega va ular xalqaro e‘tirof etilgan tashkilotlar tarafidan vijdon tutquni deb e‘tirof etilgan. Beshalovi ham qamoqda kasallik orttirib, lozim tibbiy muolajadan mosuvo qolmoqda, ularning turmada qolishi o‘zaro aloqalarimizdagi ko‘p tamoyillarga mos kelmaydi", - deyiladi murojaatnomada.

52 yoshli jurnalist va inson huquqlari faoli Dilmurod Saidov 2009 yilda ta‘magirlik aybi bilan 12,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Huquq faollari Saidov qamoqda og‘ir sil kasalidan jabr ko‘rayotgani, ahvoli keskin yomonlashganini aytishadi.

62 yoshli inson haqlari faoli A‘zam Turg‘unov 2008 yilda ta‘magirlik aybi bilan 10 yilga qamalgan. Yoshi oltmishdan oshib qolganiga qaramay Turg‘unov qamoqda og‘ir mehnatga jalb etilgani aytiladi.

62 yoshli jurnalist Solijon Abdurahmonov 2008 yilda giyohvand moddalar savdosi aybi bilan 10 yillik qamoqqa hukm etilgan. U oshqozon yarasi zo‘rayishi tufayli Toshkentdagi mahbuslar shifoxonasida davolanmoqda.

60 yashar Muhammad Bekjon 1999 yil 16 fevral kungi Toshkent portlashlariga aloqadorlikda ayblangan. Mahkamada o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etgan va tergov paytida qiynoqqa solinganini bildirgan.

Muhammad Bekjon muxolifat yetakchisi, Erk partiyasi rahbari Muhammad Solihning ukasidir. Uning jazo muddati 2012 yilning fevral oyida tugab, ozodlikka chiqarilishi kerak edi. Faolning salomatligi borasida havotirlar izhor qilinadi. Unning qamoq muddati davomli tarzda uzaytirib kelinadi.

62 yashar fermer Bobomurod Razzoqovni ikki yil avval O‘zbekiston sudi to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan. Sud Razzoqovni odam savdosida aybdor deb topgan edi. Razzoqovning ham qamoqda ahvoli og‘irlashgani aytiladi.

"Bu tutqunlar sog‘liqlarining yomonligi va ularga yetarlicha tibbiy yordam berilmayotgani xabar qilinadi. Ular zudlikda ozod qilinishi kerak", - deyiladi maktubda.

XS
SM
MD
LG