Линклар

Rossiyada G‘arbdan olingan homashyo yoki tayyor oziq-ovqatlarning Qozog‘iston va Belorusda qadoqlangan importi ham taqiqlandi. G‘arb mahsulotlari kontrabandasi ustidan ham nazoratni kuchaytirayotgan Rosselxoznadzor qora ro‘yxatiga iste‘molchilar talabi katta bo‘lgan belarus krevetkalari, xom quritilgan cho‘chqa go‘shti, sara pishloqlar va dengiz baliqlarining bir necha turi kiritib qo‘yildi.

"Belarus tranzitiga taqiq" nomini olib ulgurgan bu cheklov Rosselxoznadzor boshchiligida mamlakatning Belarus hamda Qozog‘istonga tutash chegaralarida olib borilgan surishtiruvlardan so‘ng joriy etildi.

Tekshiruvlar natijasida Moskva joriy qilgan taqiqqa tushgan qator G‘arb oziq-ovqat mahsulotlari yashirin tarzda mamlakatga olib kirilayotgani, bundan tashqari, bu ikki davlatda qadoqlanayotgan G‘arb oziq-ovqatlari hajmi ortgani aniqlandi.

Ayniqsa, Qozog‘istondan olib kirilayotgan kontrabanda oziq-ovqat mahsulotlariga "Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan", degan soxta tamg‘a qo‘yilayotgani ham qayd etildi. Ayni vaziyat Belarus bilan chegaralarda ham qayd etildi.

Rosselxoznadzor g‘azabiga uchragan va ijtimoiy tarmoqlarga nomi tushib, mutoyiba qilinayotgan mahsulotlar orasida belarus krevetkalari, xom quritilgan cho‘chqa go‘shti, sara pishloqlar va dengiz baliqlarining bir necha turi bor.

Belarus iqtisodchilari Yevropa davlatlaridan borayotgan sabzavot va mevalarni qayta qadoqlashning o‘zidan ishbilarmonlar 700 million dollar atrofida foyda ko‘rganini aytmoqda. Mahsulotni qayta ishlovchi korxonalar esa Belarusda kun sayin oshmoqda.

Belarus statistika qo‘mitasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, so‘nggi 9 oy ichida Rossiyaga eksport qilingan gulmohi (forel) baliqlari hajmi 500 marotaba, nimtalangan kurka go‘shti eksporti 300 marotaba, krevetka va molyuskalar eksporti qariyb 200 marotabaga oshgan.

Bundan tashqari, noyabr oyi boshidan buyon Rosselxoznadzor G‘arbda ishlab chiqarilgan va mamlakatga noqonuniy kirilayotgan 7,5 ming tonnadan ortiq go‘sht, 11 ming tonna meva va sabzavotni to‘xtatganini ma‘lum qildi. Bular, asosan baqlajon, olma va nokdir.

Ekspertlarning hisobicha, ushlab qolingan bu mahsulotlar Belarusdan Rossiyaga boradigan barcha oziq-ovqat mahsulotlarining 10 foizini tashkil qiladi.

Moskvaning G‘arb mahsulotlariga taqiqi ortidan Belarus davlat byudjetiga shu yilning ichida qo‘shimcha 5 million dollar kirim bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Shuningdek, Kanada va boshqa Yevropa davlatlaridan sotib olingan xomashyodan shitob bilan qayta ishlanayotgan belarus mahsulotlarining sifati tushib borayotgani ham Rosselxoznadzor tomonidan alohida tanqid qilindi.

Natijada, sut va go‘sht mahsulotlari sifatiga e‘tirozlar ortidan bir necha belarus shirkati mahsulotlarini Rossiyaga olib kirish 24 noyabrdan boshlab taqiqlab qo‘yildi. Bundan shirkatlar soni tez orada oshishi mumkinligi ham aytildi.

Rosselxoznadzor shu tariqa Moskva taqiqlagan G‘arb mahsulotlari kontrabandasiga ko‘z yumayotgan Belarus hukumatidan noroziligini bildirdi. Ammo, Belarus mas‘ullari Rossiya tomoni noroziligini "nohaq ayblashga urinish" deb baholamoqda.

Ayni paytda Belarus hukumatini Rossiyaning bugungi ahvolidan foydalanishga, shuning ortidan pul ishlab olishga urinishda ayblayotganlarga, umumiyatla shu vaziyatning kelib chiqishiga mas‘ul ko‘rilgan Rossiya hukumatining o‘zini ayblovchilar qarshi chiqmoqda.

Zero, hukumat embargosi ortidan biznesi o‘tirib qolgan rus shirkatlarining belarus hamkasblarini yashrincha biznesga tortayotgani, bunda hukumat vakillarining ham qo‘li borligiga oid iddaolar ustida surishtiruvlar boshlangani ham aytilmoqda.

Lekin bundan ham muhimi – iste‘molchilarning ehtiyojidir.

Rossiyaning import oziq-ovqatlar bozorida ko‘p pullangan va katta daromad keltirgan yeguliklar sirasida dudlangan yoki quritilgan cho‘chqa go‘shti, sara pishloqlar va dengiz mahsulotlarini hissasi katta. Shu bois, taqiqlash yo‘li bilan bu mahsulotlarni o‘rtahol va puldor rossiyaliklarning kundalik ratsionidan chiqarib tashlash mumkinligiga shubha qiluvchilar ham oz emas.

XS
SM
MD
LG