Линклар

logo-print

24 noyabr kuni Rossiyaning Tyumen viloyatidagi “Roshchino” aeroportida deportatsiya qilingan o‘zbekistonlik 47 yoshli Ra‘no To‘xtanazarova vafot etdi. Muhojir ayolda yurak huruji yuz berganini taxmin qilayotgan tergovchilar uning yaqinlarini qidirmoqda.

Tyumen shahridagi “Roshchino” aeroportining xalqaro bo‘limida O‘zbekistonga chiqarib yuborilayotgan ayolning ahvoli yomonlashib, tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgunga qadar vafot etdi.

Bu haqda Ozodlikka Ural Federal okrugi bo‘yicha Tergov qo‘mita boshqarmasi navbatchilik bo‘limi ofitseri ma‘lum qildi:

- To‘xtanazarova Ra‘noxon Ikromovna, 1967 yilda tug‘ilgan. Andijon viloyatidan. Soat kunduzgi 2-dagi reysda jo‘natilayotganida ahvoli birdaniga yomonlashib, tibbiy xodimlar ko‘magiga qaramasdan vafot etdi. Tergovchilarimiz unda yurak huruji sodir bo‘lganini taxmin qilmoqda. Ammo yakuniy natijani sud-tibbiy ekspertiza ko‘rsatadi. O‘zbekistonlik ayol kecha vafot etgan bo‘lsa, bugun allaqachon sud-tibbiy ekspertizadan o‘tgan bo‘lishi kerak,- dedi navbatchi ofitser.

Tyumen viloyatining Transport Tergov boshqarmasi xodimlari Ra‘noxon To‘xtanazarova bungacha viloyatning Kurgan shahrida istiqomat qilib kelgani va migratsiya qonunchiligini buzgani sababli sud qarori bilan deportatsiya qilinganini ma‘lum qilishdi.

Aeroportga marhuma ayol sud pristavlari nazorati ostida kelgani aytildi.

Tyumen viloyati Tergov qo‘mita boshqarmasi boshlig‘i Sergey Salmonovning Ozodlikka aytishicha, hodisa joyiga borgan tergovchilar guvohlarni so‘roq qilgan, tafsilotlar o‘rganilib, To‘xtanazarova bundan oldin tibbiy yordam so‘rab murojaat qilmagan.

Salmonov Ra‘noxon To‘xtanazarovaning Andijondagi yaqinlariga xabar berishda ko‘maklashishni so‘radi:

- Siz uning yaqinlarini topib berishda ko‘maklashvoring. Yaqinlari kelishsa, biz savol-javobdan keyin ularga vafot etgan ayolning shaxsiy buyumlarini berib yuborishimiz kerak. Hozir murda Tyumen shahar morgida. Biz aniqlashimizcha, To‘xtanazarovani deportatsiya qilish to‘g‘risida sud qarori bo‘lgan va u “Tyumen -Toshkent” reysi bo‘yicha uchayotgan samolyotga chiqarilayotgan paytda, aniqrog‘i, pasport nazoratidan o‘tganidan keyin o‘zini yomon his qilgan va hushidan ketgan. Eng asosiysi - uning yaqinlariga tezroq xabar berish va o‘likni tezroq olib ketish. Aks holda uni umumiy qabrga ko‘mib yuborishlari mumkin, - dedi tergov rahbari Sergey Salmonov.

Rossiya IIV ma‘lumotiga ko‘ra, 2014 yilning 9 oyi davomida Rossiyada migratsiya qonunchiligini buzgan 30 ming xorij fuqarosi sud qarorlariga muvofiq deportatsiya qilingan.

Rossiya Federatsiyasidan badarg‘a qilinayotganlarning asosiy qismi O‘zbekiston fuqarolaridir.

XS
SM
MD
LG