Линклар

Kuni kecha O‘zbekistondagi 4 ta vazirlik: Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta ta‘lim, Xalq ta‘limi vazirliklarining qo‘shma qarori bilan Ichki ishlar organlarini qoidabuzarlik faktlari va qoidabuzarlik bilan bog‘liq boshqa holatlardan xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma kuchga kirdi.

21 noyabrda qabul qilingan va 24 noyabrda kuchga kirgan hujjat haqida xabar qilgan norma.uz ga ko‘ra, bundan buyon ta‘lim va sog‘liqni saqlash muassasalari rahbariyati har qanday tartibbuzarlik to‘g‘risida militsiyaga xabar qilishi shart.

Aytilishicha, bundan buyon O‘zbekistondagi maktab, litsey, kollej, oliy o‘quv yurtlari va sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari rahbarlari o‘z tasarrufidagi muassalalarda sodir bo‘lgan:

har bir qoidabuzarlik;

oilaviy-maishiy mojarolar;

oilaviy-maishiy mojarolar sohasida kishi hayoti va salomatligiga xavf soladigan tahdidlar

hamda

o‘quvchilarni aksilijtimoiy tartib va qoidabuzarlikka jalb etish faktlari yuzasidan, shuningdek, qoidabuzarlikka moyil shaxslar to‘g‘risida ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar berishlari lozim.

Sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari esa:

ijtimoiy ahamiyatli va boshqalar uchun xavfli bo‘lgan kasalliklar tarqalishi;

tan jarohati bilan yoki hushini yo‘qotgan holda sog‘liqni saqlash muassasiga tushgan yoxud murojaat qilganlar;

oilaviy-maishiy mojarolar;

oilaviy-maishiy mojarolar sohasida kishi hayoti va salomatligiga xavf soladigan tahdidlar

hamda

voyaga yetmaganlarni aksilijtimoiy tartib va qoidabuzarlikka jalb etish faktlari yuzasidan, shuningdek, qoidabuzarlikka moyil shaxslar to‘g‘risida ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar berishlari lozim.

Ichki ishlar organlarini qoidabuzarlik faktlari va qoidabuzarlik bilan bog‘liq boshqa holatlardan xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada ta‘lim va sog‘liqni saqlash muassalalarining qoidabuzarliklar to‘g‘risida ichki ishlar organlariga xabarni qanday yetkazishi, yetkazilgan xabar qanday qayd etilishi, xabarlarning qancha muddat (3 yil) saqlanishi qadam ba qadam tushuntirilgan.

Masalan, biron-bir maktab o‘quvchisi qoidabuzarlik qildi, deylik. Yo‘riqnomaga ko‘ra, maktab direktori bu haqda maktabi joylashgan hududdagi ichki ishlar bo‘limining navbatchilik qismiga zudlik bilan telefon orqali xabar qilishi shart.

Navbatchi qabul qilib olgani xabarni qayddan o‘tkazishi hamda xabar yetkazgan shaxsga xabar qaysi raqam bilan qayddan o‘tkazilganini aytishi shart.

Shundan so‘ng qoidabuzarlik to‘g‘risida xabar qilgan shaxs 24 soat ichida qoidabuzarlik to‘g‘risida yozma xabarni militsiya bo‘limiga yetkazishi lozim.

Yozma xabarni qabul qilgan mas‘ul militsiya xodimi uni rasmiylashtirishi va gerbli muhr bosishi lozim va hokazo...

Prinsipda, shu paytgacha ham u yoki bu voqea to‘g‘risida muassasalar rahbarlari militsiyaga xabar berishi kerak edi. Masalan, kasalxonaga tan jarohati bilan tushganlar to‘g‘risida vrachlarning militsiyaga xabar berishi lozim edi.

Bas, shunday ekan, 4 ta vazirlik o‘rtasida qabul qilingan bu Yo‘riqnomaning yangiligi nimada?

Ozodlik bu savolni o‘zbekistonlik huquqshunos Ruhiddin Komilovga berdi.

Uning aytishicha, shu paytgacha amal qilayotgan qator qonunlar va boshqa me‘yoriy hujjatlarda qoidabuzarliklarni qayd etish mexanizmi belgilab qo‘yilgan.

“Hadeb yangi hujjatlar kashf qilaverish o‘rniga mavjud qonunlarning ishlashini ta‘minlash kerak”, dedi Ruhiddin Komilov.

XS
SM
MD
LG