Линклар

Toshkentdan Moskva jome‘ masjidiga o‘z imomini tayinlash so‘ralmoqda


Moskva jome‘ masjidi o‘z hududidan tashqarida bo‘layotgan amallar uchun mutlaq mas‘ul emasligini ta‘kidlamoqda.

Moskva jome‘ masjidi o‘z hududidan tashqarida bo‘layotgan amallar uchun mutlaq mas‘ul emasligini ta‘kidlamoqda.

Moskva jome‘ masjidi imom xatibining bildirishicha¸ O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlariga masjidga kelayotgan o‘zbek va tojik jamoasiga o‘z tilida va‘z aytadigan oliy ma‘lumotli imom tayinlash so‘rovi o‘tgan yili yuborilganiga qaramay¸ hozircha na Toshkent va na Dushanbe bu so‘rovni qondirgan.

Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Akram Omonov parlament oldida qilgan so‘nggi chiqishida Rossiya poytaxtidagi eng yirik masjidni Suriya va Iroqdagi jihodchilar safiga odam yollash markaziga aylanganlikda aybladi:

- Moskvaning Prospekt Mira ko‘chasida jome‘ masjidi bor. Ana shu masjidda yosh musulmonlar Suriyadagi jihodga yollanmoqda¸ dedi jumladan tojik maxfiy xizmatlari rahbari.

Rossiya muftiylari kengashi 26 noyabr kuni Tojikiston hukumatining bu tanqidiga javob qaytardi:

- Moskvadagi jome‘ masjidi radikal hissiyotlarning o‘z qavm orasida tarqab ketishini jilovlash yo‘lida jiddiy sa‘y-harakat qilmoqda. Shu bois masjidni jihodchilar yollovchi markaz sifatida talqin etish mutlaq asossizdir¸ deyiladi Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi rasmiy bayonotida jumladan.

Ozodlik bilan suhbatda Rossiya muftiyati raisi o‘rinbosari Damir Muhiddinov¸ Moskva jome‘ masjidi o‘z nazoratidagi hududda jihodchilar yollanmayotganini komil ishonch bilan ayta olishini bildirdi:

- Masjid hududi¸ xususan¸ uning ichkarisida jihodchi yollash imkoni mutlaq yo‘q. Chunki masjid hududi va uning ichkarisida hamisha bizning xizmatchilarimiz¸ imomlar va mudarrislar¸ shuningdek ichki tartib uchun mas‘ul qorovullar bor. Masjidlarimiz 24 soat davomida videokameralar orqali nazorat qilinadi. Shuning uchun markaziy osiyolik namozxonlar masjidda Suriya va Iroqdagi jihodga yollanmoqda¸ degan gaplarda mutlaq asos yo‘q¸ dedi Rossiya diniy boshqarmasi rasmiysi.

Ayni paytda Damir Muhiddinov¸ Moskva jome‘ masjidi ibodatga kelayotgan musulmonlarning barchasini o‘z hududiga sig‘dira olmasligi bois¸ o‘n minglab odam namozini ko‘chada o‘qiyotganini ayta turib¸ masjid hududidan tashqarida borayotgan jarayonlar uchun mas‘uliyat masjid va muftiyat zimmasidan soqit ekanini alohida ta‘kidladi:

- Bu Moskva shahar hududi va uni nazorat qilish ham shahar ma‘muriyati vakolatidadir. Bu yerda bo‘layotgan amallar – narkotik yoki o‘tochar qurollar savdosimi yoki jihodchi yollash bo‘ladi¸ Rossiya qonunlariga ko‘ra¸ biz unga javobgar emasmiz. Bu ishlar shahar va huquq tizimlari mas‘uliyatidadir. Ammo biz o‘z qavmimizni bunday ishlardan uzoq turishga doim da‘vat qilib kelayapmiz¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Damir Muhiddinov.

Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi bayonotida aytilishicha¸ muftiyat 2013 yilda Tojikiston¸ O‘zbekiston va Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonalariga murojaat qilib¸ qavmining aksari aynan shu respublikalardan kelgan mehnat muhojirlari ekani bois ularga o‘z tilida va‘z qiluvchi imomlar yuborishni so‘ragan. Bu so‘rovga hozirga qadar faqat Qirg‘iziston hukumatigina ijobiy javob qilganini ta‘kidlagan muftiyat¸ tojik va o‘zbek diplomatlari na bu so‘rov va na shu masalada uchrashish taklifini mensimaganini bildirdi.

"O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari o‘z elchixonalari orqali milliy manfaatlarini himoya qilishlari¸ tegishli profilaktika choralari qo‘llab¸ ham mamlakat ichkarisi¸ ham tashqarisidagi o‘z fuqarolari uchun mas‘uliyatni zimmalariga olishlari lozim”¸ deyiladi Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi bayonotida.

Rossiyaga ish izlab kelgan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining bu yerdagi radikal islomiy guruhlar ta‘siriga tushib¸ Suriya va Iroqdagi jihodchilar safiga ketayotgani keyingi oylarda Toshkent va Dushanbe¸ qolaversa Bishkek va Ostonani jiddiy tashvishga solmoqda.

Mustaqillik arafasida bir guruh o‘zbek imomlari bilan uchrashgan Islom Karimov ulardan yoshlarni radikal islom g‘oyalari¸ xususan¸ Suriya va Iroqdagi “balo”dan asrash yo‘llarini izlab topishga da‘vat qilgan edi.

Rossiya muftiyati taklif qilayotgan shunday yo‘llardan biri – Moskva jome‘ masjidiga o‘zbek imomini tayinlash so‘rovi qondirilsa¸ O‘zbekiston masjidlaridagi va‘zlarning yaqin kelajakda Moskva masjidlariga ko‘chishini taxmin qilish mumkin.

Norasmiy manbalarga ko‘ra¸ Suriya va Iroqning kattagina hududlarini nazoratiga olib¸ bu hududda islomiy xalifat o‘rnatilganini iddao qilayotgan Islomiy davlat radikal guruhi safida bir necha ming o‘zbekistonlik bor va ularning aksari jihodga aynan Rossiya hududidan ketmoqda.

XS
SM
MD
LG