Линклар

logo-print

Toshkentda 26 noyabrda o‘tgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya hukumatlararo komissiyasi yig‘inida o‘zbekistonliklarni Rossiyada uyushtirilgan tarzda ishga joylashtirish masalasi ko‘tarildi.

Rossiyaning “Novosti” agentligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari kelasi yilda bu borada shartnoma imzolashga kelishganlar.

O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov bundan maqsad Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari huquqlarini himoyalash ekanini aytdi.

“Eng muhimi, har bir ishchi biron mamlakatga yo‘l olishidan avval qo‘lida aniq bir korxona bilan imzolangan shartnomasi bo‘lishi shart”, - degan Azimov jurnalistlarga.

Agar mazkur kelishuv kuchga kirsa, Rossiyaning vakolatli organlari O‘zbekistonning tegishli idoralari bilan ishchilar soni masalasida oldindan kelishishi lozim bo‘ladi.

“Rossiya vakolatli organlari tomonidan mehnat muhojirining huquqiy himoyasi, eng kam ish haqi to‘g‘risidagi talablarning bajarilishi, munosib istiqomat va maishiy sharoitlarning ta‘minlanishi, tibbiy va ijtimoiy sug‘urta qilinishini ko‘zda tutuvchi tartib kafolatlanishi kerak”, – degan Rustam Azimov jurnalistlarga.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi bunday kelishuv qachon imzolanishi ma‘lum emas. Tomonlar qabul qilgan ish rejasiga ko‘ra, 2015 yilning iyulida ikki davlat hukumatlari vakillari shartnomaga asos bo‘ladigan takliflar va tavsiyalar ryxatini ishlab chiqadi.

“Bu shartnoma Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga nisbatan tarang munosabatlarni yumshatishi mumkin”, deb bildirdi Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy

Ozodlik muxbiri qachondir imzolanajak mazkur kelishuv mohiyatini tushuntirib berishini so‘rab O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muxofaza qilish vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlikka murojaat etdi.

Agentlikning ismini ochiqlamagan rasmiysiga ko‘ra, agar shunday kelishuvga erishilsa, 18 yoshga to‘lgan, chet elda ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzgan va O‘zbekistondagi tegishli idoralar ruxsatini olgan o‘zbekistonliklargina Rossiyada qonuniy ishlash huquqini qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi.

- Bu Rossiyaga ishlagani ketayotgan hamyurtlarimizni o‘ylab qilinyapti. Bu yerda ish beruvchi va ishchi o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish haqida gap boryapti. Qarang, hozir qanaqa bo‘lyapti, “Rossiyada oyiga shuncha topsa bo‘lar, ekan, u qilsa bo‘lar ekan, bu qilsa bo‘lar ekan”, deb ko‘pchilik o‘zlaricha Moskva, Sankt Peterburgga boryapti. U yerda qulday ishlab, borganiga ming pushaymon bo‘lib qaytib kelyapti. Chunki kelishuv yo‘q. Shartnoma yo‘q. Shartnoma bo‘lmasa qanaqa qilib huquqini talab qiladi. Agar ish beruvchi bilan shartnomani imzolab, qayerda ishlashini, nima ish qilishini, qancha maosh olishini bilib, yo‘lga chiqsa, bu boshqa gap. Bizning agentligimiz saytida bo‘lim bor, Rossiyaga ketmoqchi bo‘lganlar mutaxassisligi bo‘yicha anketalarni to‘ldirishlari mumkin. Agentligimiz ularga Rossiyada ish topib beradi, huquqiy yordamlarni ham beradi. Maqsad bu yerda hamyurtlarimizning o‘zga yurtlarda xor bo‘lishining oldini olish, - dedi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlik rasmiysi.

O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muxofaza qilish vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlik orqali Rossiyada qancha odam ish topgani ma‘lum emas.

Agentlik rasmiysi bu haqda ma‘lumotga ega emasligini aytdi.

Norasmiy manbaalarga ko‘ra esa, Rossiyada 5 millionga yaqin o‘zbekistolik mehnat muhojiri bor.

Ularning bir qismi noqonuniy muhojirlardir. Shuning uchun ular Rossiyada mavsumiy qora ishlarni qilishadi.

Moskvada farrosh bo‘lib ishlovchi Azamatning aytishicha, Rossiyada qora ishga yollanishning noqonuniy tizimi shakllanib ulgurgan, bu ishni qonuniy yo‘l bilan amalga oshirish deyarli imkonsiz bo‘lib qolgan.

- Shartnoma asosida qilamiz, ish beruvchi va ishchi o‘rtasida shartnoma bo‘lishi kerakligi haqida ko‘p gapirilgan. Bu befoyda urinish. Birinchi navbatda buni bu yerdagi ish beruvchilar xohlamaydi. Bir ishchini qonun asosida, shartnoma bilan ishga yollash qimmat, ular uchun juda qimmatga tushadi. Soliq to‘lashi kerak, har bir ishchi uchun belgilangan maosh to‘lashi kerak, sotsial to‘lovlari bo‘ladi. Ularga arzon ishchi kerak. "Manovi pulni ol-da, shu ishni qil"! Bo‘ldi, ortiqcha narsa kerak emas. Shuning uchun ham biz bormiz-da. Buni o‘zgartirib bo‘lmaydi, - deydi Azamat.

Shartnomasiz oylab ishlayotganlar, haqini ololmayotganlar, odam savdogarlari qo‘liga tushib qolib, majburiy ishlatilayotgan o‘zbekistonliklar juda ko‘p.

Moskvadagi mehnat muhojirlariga huquqiy ko‘mak beruvchi “Yordam” tashkiloti rahbari Bahrom Hamroyev shu jihatdan ham ishga yollash tizimi tartibga solinishi kerak, deb hisoblaydi.

Lekin, uning fikricha, O‘zbekiston hukumatini o‘z fuqarolarining huquqlari o‘ylantirayotgani yo‘q, aksincha, hukumat mehnat muxojirligi jilovini o‘z qo‘liga olish, o‘z fuqarolarining chetga oqimini nazorat qilish uchun Rossiya bilan shartnoma imzolashga urinmoqda.

- Mehnat muhojirligini qonuniy tartibga solish kerak. Lekin Karimov hukumati istayotgan narsa emas bu. Karimovni o‘zi aytgan ediku “Rossiyaga ketayotganlar dangasalar, shu yerda ishlasa ham hech kim ochdan o‘layotgani yo‘q”, deb. Karimov hukumatini o‘z fuqarolarining huquqlari tashvishga solmaydi. Ular o‘z fuqarolarining chetga oqimini nazorat qilmoqchi. Mehnat muxojirligi jilovini o‘z qo‘liga olmoqchi, xolos - deydi Baxrom Hamroyev.

Rossiya va boshqa davlatlaridagi o‘zbek mehnat muhojirlari vatanlariga yuborayotgan mablag‘lar O‘zbekiston iqtisodining kasodga uchrashidan himoyalab kelayotgan asosiy omillardan hisoblanadi.

BMT ma‘lumotlariga ko‘ra, hozir mehnat muxojirlari yuborayotgan mablag‘lar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 15-20 foizini tashkil etishi mumkin.

XS
SM
MD
LG