Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:52

"Somsani Putin yeyapti, pulini mardikor to‘layapti"


"Yo‘q, rubljon. Biz yuqoriga!" Sergey Yolkin karikaturasi.
"Yo‘q, rubljon. Biz yuqoriga!" Sergey Yolkin karikaturasi.

28 noyabr kuni Rossiyada bir AQSh dollarining qiymati qariyb 50 rublga yetib qoldi. Rublning qadrsizlanishidan nafaqat rossiyaliklar, balki tirikchilik ilinjida Rossiyaga borib ishlayotgan minglagan o‘zbekistonlik muhojirlar ham aziyat chekmoqda. Ozodlik mushtariysi jo‘natgan quyidagi blogda ushbu vaziyat tilga olingan.

Odamlarimiz qiziq-da. O‘tgan yili Ukrainada boshlangan ommaviy noroziliklar Yanukovich hokimiyatini qulatishi ortidan Rossiya Qrimni o‘ziniki qilib olganida, Markaziy Osiyodan Rossiyaga borib ishlovchi mehnat muxojirlarining aksariyati Putinning siyosatini olqishlagan va G‘arb, xususan, AQSh siyosatini qoralagan edi.

Ko‘p o‘tmay Rossiya hukumati Ukraina sharqida tuzilgan “DXR” va “LXR” deb ataluvchi ayirmachi qurolli guruhlarni yarim yashirin, yarim oshkora qo‘llab-quvvatlay boshladi. Mehnat muhojirlari yana Putinni olqishlashdi. Ruslarni, rusiyzabonlarni himoya qilyapti, barakalla, degan gaplar ham aytildi...

Ukrainaning hududiy yaxlitligi haqida o‘ylash hech kimning hayoliga ham kelmagan edi.

Bundan ilhomlangan “Perviy kanal” esa “skinxedlar”ni esdan chiqarib, ukrain xalqini “berderchilar”ga, yangi hukumatni “qurolli xunta”ga aylantirishda davom etdi.

Yana biroz vaqt o‘tdi. Qrimning anneksiya qilinishiga javoban Yevropa Ittifoqi va AQSh Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Kreml propagandasi yana ish berdimi yoki odamlar yetarlicha bilimga ega emasmi, xullas, avvaliga hech kim bunga jiddiy e‘tibor bermadi...

Lekin tez orada nafaqat rossiyaliklar, balki, Rossiyaga Markaziy Osiyodan borib ishlovchi mehnat muhojirlari ham sanktsiya natijalarini o‘z tanasida his qila boshlashdi.

Xabaringiz bor, sanksiyalar va neftning sun‘iy arzonlashi natijasida rubl juda tez sur‘at bilan qadrsizlanmoqda. Kuni kecha bu borada tarixiy rekord ham yangilandi. Bir dollar qariyb 50 rubldan sotila boshladi! Sanktsiyalarga olib kelgan siyosatni qo‘llab-quvvatlagan mehnat muhojirlarining rublda topayotgan daromadlari ham o‘z-o‘zidan keskin qadrsizlandi.

Hisoblab chiqsak, daromadi rublda bo‘lganlar yil boshidan beri 30% atrofida mablag‘laridan mahrum bo‘lishibdi. Ko‘pchilik markaziy osiyoliklar o‘z yurtida dollar (so‘m, som, somoni)da qarz yoki kredit olib, uni uzish uchun Rossiyaga ketganini hisobga olsak, ularning o‘tgan yarim yil mobaynida qancha moliyaviy zarar ko‘rganini tasavvur qilish qiyin emas.

O‘z yurtidan yiroqda, issiq-sovuqqa chidab, rus politsiyachilari va migratsiya xizmati hodimlarining oilalarini ham qo‘shib boqayotgan yurtdoshlarimiz, endilikda janob Putinning Ukrainada olib borayotgan siyosati uchun ham o‘z hamyonlaridan to‘lashmoqda. Xalq tili bilan aytganda, odamlar yemagan somsasi uchun pul to‘lashmoqda.

Odamlarimiz qiziq-da. Shunda ham hamma Rossiyaga sanktsiya joriy qilgani uchun G‘arbni yomonlash bilan ovora. Balki, do‘ppini boshdan olib, ana shu sanktsiyalarning joriy qilinishiga nimalar olib kelganini, ular yuzlashayotgan qiyinchiliklarning asl sababi nima yoki sababchilari kimlar ekani haqida o‘ylab ko‘rish vaqti kelgandir?

Omonlik va moliyaviy omad tilab,

Taraqqiy Parvar.

XS
SM
MD
LG