Линклар

O‘sh shahar sobiq meri Mirzaqmatovga qidiruv e‘lon qilindi


Eks-mer Mirzaqmatov o‘z tarafdorlari bilan Oshdagi mitingda. (Surat 2014 yilning yanvarida olingan).

Eks-mer Mirzaqmatov o‘z tarafdorlari bilan Oshdagi mitingda. (Surat 2014 yilning yanvarida olingan).

O‘sh shahar sobiq meri Melis Mirzaqmatovga jinoyat ishi ochilib, uni qamoqqa olish qarori chiqdi. Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Mirzaqmatovni xizmat vakolatini suiiste‘mol qilishda ayblab, unga nisbatan qidiruv e‘lon qildi.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi tarqatgan xabarga ko‘ra, Melis Mirzaqmatov O‘sh shahridagi Navoiy ko‘chasida joylashgan ko‘prikni qurish jarayonida xizmat vakolatini suiiste‘mol qilib, mamlakat qonunlarini buzganlikda ayblanmoqda.

Prokuratura ma‘lumotiga ko‘ra, Mirzaqmatov buyrug‘i bilan 2013 yili ko‘prik qurilishi uchun noqonuniy ravishda ikki marta tender o‘tkazilib, davlatga 27 million som (Taqriban 465 ming AQSh dollari)dan ortiq ziyon yetkazilgan.

27 noyabrda Mirzaqmatovga sirtdan qo‘yilgan ayblovga ko‘ra, u Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 304-moddasi (Xizmat vakolatini suiiste‘mol qilish) bo‘yicha ayblanmoqda.

Payshanba kuni O‘sh shahar sudi Mirzaqmatovni qamoqqa olish qarorini ham chiqardi.

Mirzaqmatov merlikdan ketishidan avval O‘shning Alisher Navoiy ko‘chasida katta estakada ko‘prigini qurish tashabbusini ko‘targan. Ko‘prik loyihasiga shahar byudjetidan mablag‘ ajratilib, ko‘prik qurilishiga uyushtirilgan marafonda bir necha yuz ming som yig‘ilgani ham aytilgan.

O‘tgan yilning dekabrida Melis Mirzaqmatov O‘sh shahri meri lavozimidan bo‘shatilgan. Shundan keyin ko‘prik loyihasi yo‘qqa chiqarilib, uning qurilishi boshqa loyiha bo‘yicha amalga oshirilishi aytilgan.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi avvalroq O‘sh shahar meriyasining uch hodimiga “xizmat amalini suiiste‘mol qilish”, “davlat manfaatiga qarshi shartnoma imzolagan” va “noqonuniy tender o‘tkazgan” degan ayblov qo‘ygan. Biroq ko‘prik qurilishi bo‘yicha ayblanayotgan shaxslar, qo‘yilayotgan ayblovlar asossiz ekanini aytishgan.

Shu yilning 15 yanvar kuni O‘sh shahar hokimligi uchun bo‘lib o‘tgan saylovda hokimlikka saylanmay qolgan Melis Mirzaqmatov 2010 yilgi O‘sh qirg‘ini paytida ham shahar meri lavozimida ishlagan. Qirg‘iziston hukumati uch yil davomida uni lavozimidan bo‘shatishga bir necha marotaba uringan, lekin bu urinishlar natija bermagan edi.

O‘tgan yilning 5 dekabrida Melis Mirzaqmatov Qirg‘iziston Bosh vaziri buyrug‘i bilan ishdan olingan.

XS
SM
MD
LG