Линклар

So‘nggi oylarda xorijdan mehnat muhojirlarining ommaviy qaytishi ko‘payishi ortidan yangi muammolar yuzaga kelmoqda. Ish yo‘qligi bois odamlar noqonuniy yo‘llar orqali pul topishga harakat qilayotgani, joylarda jinoyatchilik ko‘lami ham oshayotgani kuzatilmoqda.

Buxoroda mardikorlar qaytgach jinoyatchilik oshdi

Buxorolik blogger Nafisaning aytishicha, mardikorlarning qaytishi bilan ortidan shaharda noqonuniy taksichilar va marshrutka haydovchilari soni ko‘payib ketgan:

- Hozir shaharda noqonuniy taksistlar ko‘paygan. Aynan qaytib kelgan migrantlar hisobiga ko‘paymoqda. Taksistlar ko‘paygani uchun tushum kamayib ketgan. Bozorda valyutchiklar ko‘payib ketgan. Buxoro markazidagi "Kritiy" qora bozorda valyutchiklarning ko‘pchiligi Rossiyadan qaytib kelgan va ketolmay yurganlar. Ko‘pchiligida zapret bor. Deport qilingan Rossiya federatsiyasidan. Bundaylar hozir juda ko‘payib ketgan. Ayniqsa, Buxoro, Navoiy, Samarqandda,- deydi buxorolik blogger Nafisa.

Suhbatdosh muhojirlar armiyasining qaytishi ortidan Buxoroda jinoyatchilik ko‘lami ham oshganini aytadi:

- Hozir hammaning og‘zida shu gap. Rossiyadan qaytganlar "moshennik"chilik qilib, odamlarni chuv tushirayotgan ekan. Anov kuni dollar bozoriga chiqsak, kimnidir pulini olib qochibdi. Qaytib kelganlar ko‘payib, bekorchilikdan mana shunaqa xolatlar ko‘payapti, - deydi buxorolik blogger Nafisa.

Deport qilingan mardikor ishsiz qolayapti

So‘nggi oylarda Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda mehnat qilayotgan o‘zbek muxojirlarining uylariga ommaviy qaytishi kuzatilmoqda.

Ma‘lum bo‘lishicha, ularning aksari o‘zlari yashaydigan mamlakatlarda migratsiya qonunlarini buzgani uchun deport qilingan o‘zbekistonliklar.

Namanganlik Muhiddinga ko‘ra, qaytib borishi taqiqlangan mehnat muxojirlari O‘zbekistonda ish topolmay qiynalayapti:

- Qaytib kelib, to‘rt oydan beri ishsiz o‘tiribmiz. Bir ikki so‘m bilan qaytganmiz. U ham tugab qolyapti. Nima qilishimizni bilmaymiz, - deydi Rossiyadan deport qilingan namanganlik Muhiddin.

Keyingi oylarda Rossiya hukumati muhojirlar sonini kamaytirish maqsadida mardikorlar, jumladan, o‘zbekistonliklarni ommaviy ravishda deportatsiya qila boshladi.

Buxorolik Ma‘ruf ham Rossiyadan deportatsiya qilingan minglab o‘zbekistonlikning biri:

- Moskvada qurilishda 12 yil ishladim. Uch oy avval pasportga deport pechatini bosib, meni O‘zbekistonga qaytarib yuborishdi. Besh yilgacha Rossiyaga kirolmayman. Hozir ishsiz qoldim. Bola-chaqani boqish kerak. Mashina olib, vaqtincha taksichilik qilib turamiz, boshqa nima ham qilamiz, - deydi Ma‘ruf.

Samarqandning Qo‘shrobod qishlog‘ilik Zafar esa Rossiyadan o‘tgan oy muddati o‘tgan pasportini almashtirgani kelib, O‘zbekistondan qaytib ketolmayapti:

- Pasportim muddati o‘tyapti. Yangi biometrik pasport olish uchun kelgandim. Hozir yangi pasport berishmayapti. Qaytib kelganlarni shunaqa qilib sarson qilishyapti. Bu yerda ish yo‘q. Rossiyadan qaytib kelganlarni yubormaslik uchun ataylab shunday qilishyapti, menimcha. Mendan uch-to‘rt oy oldin kelganlar ham pasportini ololmayapti, - deydi Zafar.

Jizzaxlik Mirodil 14 yil Janubiy Koreyada ishlab, uch oy oldin O‘zbekistonga deport qilingan.

- O‘zbekiston tashqi migratsiya bo‘yicha agentligi ko‘magida besh yilga kontrakt bo‘yicha Koreyaga ketgandik. Besh yil ishladik. Muddat o‘tganidan keyin, yoqib qolib o‘sha yerda qoldik. To‘qqiz yil nelegal bo‘lib ishlaganimdan so‘ng avgustda bizni deport qilib yubordi. Hozir qaytib kelganimizdan so‘ng agentlikdan xat oldik. Jarima to‘lashimiz kerak ekan. 14 ming dollar jarima belgilashgan. Shartnomani buzib, Koreyada noqonuniy qolib ketganimiz uchun, shunaqa jarima belgilashgan. Hozir o‘zi O‘zbekistonga qaytganimizdan so‘ng ish topolmayapmiz, ustiga mana buni to‘laysan, deb bizga xat jo‘natyapti, - deydi Mirodil.

"Dangasa"larni qaytarish kampaniyasi

Ayni paytda viloyatlarda tashqariga chiqib ketgan o‘zbekistonliklarni qaytarish tadbirlari davom etmoqda. Militsiya nozirlari va mahalla faollari uyma-uy yurib, xorijdan qaytmaganlarning ota-onalariga bosim qilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov o‘tgan yili chet davlatlarda ishlab yurgan yurtdoshlarini "dangasalar" deb atagan edi.

- Ha, O‘zbekistonni o‘zida hech kim ochlikdan o‘layotgani yo‘q, baraka topgur!... Bunaqalarni dangasa deymanki, katta pul tezroq topish uchun u yoqqa borib sharmanda qiladi hammamizni, degan edi Islom Karimov.

O‘zbekiston prezidentining ushbu bayonoti ortidan mehnat muxojirlarini Rossiyadan qaytarish boshlandi.

Kelasi yildan esa Rossiyaga borish uchun O‘zbekistondagi idoralardan ruxsat olish kerak bo‘ladi.

Toshkentda 26 noyabrda o‘tgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya hukumatlararo komissiyasi yig‘inida o‘zbekistonliklarni Rossiyada uyushtirilgan tarzda ishga joylashtirish masalasi ko‘tarildi.

“Eng muhimi, har bir ishchi biron mamlakatga yo‘l olishidan avval qo‘lida aniq bir korxona bilan imzolangan shartnomasi bo‘lishi shart”, - degan ayni yig‘inda qatnashgan O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov jurnalistlarga.

Agar mazkur kelishuv kuchga kirsa, Rossiyaning vakolatli organlari O‘zbekistonning tegishli idoralari bilan ishchilar soni masalasida oldindan kelishishi lozim bo‘ladi.

2009 yildan beri o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari son jihatdan Rossiyadagi xorijliklar orasida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 2 million 700 ming, norasmiy manbalarga ko‘ra, kamida 5 million o‘zbekistonlik muhojir bor.

XS
SM
MD
LG