Линклар

logo-print

O‘zbekistonda 1 dekabrdan ishga tushishi kutilayotgan UMS aloqa operatorining tariflari ma‘lum bo‘ldi. Yangi operator taklif qilayotgan bir qator tarif rejalarini tahlil qilar ekansiz, mazkur narxlar O‘zbekiston uyali aloqa bozoridagi ayni mahsulotlardan qimmatroq ekaniga amin bo‘lasiz.

UMS mobil aloqa operatori mijozlariga bir qancha tarif paketlarini taklif etmoqda.

“Start” deb nomlangan tarif bo‘yicha kunlik abonent to‘lovi 0,01 AQSh dollari bo‘lib, O‘zbekiston bo‘ylab chiqish qo‘ng‘iroqlarining bir daqiqasi va har bir SMS narxi 0,03 AQSh dollarini tashkil qiladi. Mazkur tarif oyiga 100 Mb tekin internetni ham o‘z ichiga oladi.

“MAXI” deb nomlangan tarifda esa oylik abonent to‘lovi O‘zbekiston bo‘ylab 1000 daqiqa so‘zlashuv va 600 Mb internet uchun15 AQSh dollarini tashkil etmoqda.

Mazkur tariflardan tashqari qo‘ng‘iroqlarning har bir minuti uchun 0,02 AQSh dollari, har bir SMS uchun 0,02 AQSh dollari, 1 MV internet uchun esa 0,10 AQSh dollari miqdorida haq olinadi.

300 MB Internet 5 AQSh dollari, 1000 MB Internet esa 10 AQSh dollari turadigan paketlar ham bor.

Telefondan tinimsiz gaplashadiganlar uchun esa shirkat “Absolut” degan tarifini taklif etmoqda.

Mazkur tarif bo‘yicha mijoz oyiga 150 AQSh dollari to‘lab, O‘zbekiston bo‘ylab telefonda cheklanmagan muddat gaplashishi, SMS hamda Internet hizmatidan foydalanishi mumkin.

Shuningdek, korporativ tariflar ham bor. “Corp” tarifida oyiga 25 AQSh dollarlik to‘lov evaziga kompaniya ichida cheksiz qo‘ng‘iroqlar, kompaniya tashqarisida esa 2000 daqiqa, 1000 SMS, shuningdek 800 Mb internet taqdim etiladi.

“Corp VIP” tarifida esa oyiga 45 AQSh dollari evaziga kompaniya ichida cheksiz va kompaniya tashqarisida 5000 daqiqa qo‘ng‘iroq, 2500 ta SMS hamda 1200 Mb internet taklif etilmoqda.

Narxlar qimmatligi ayon bo‘lmoqda

O‘zbekistonlik uyali telefon foydalanuvchilari UMS shirkatinng “Start” va “Maksi” deb nomlangan paketlari O‘zbekiston uyali aloqa bozoridagi boshqa shirkatlarnikidan qimmatligini payqashgan.

- “Maksi” paketi uchun oyiga 15 dollar to‘lash kerak. Bu faqat abonent to‘lovi. Bundan tashqari nomer uchun 20 dollar to‘lash kerak. Bundan tashqari ulanish uchun va sim-kartaning dastlabki balansi uchun ham to‘lovlar bor. Shirkat hujjatlari bilan tanishganimda bulardan tashqari yana kunlik 10 sent yig‘im ham borli ma‘lum bo‘ldi. So‘zlashuvlarni minutiga 3 sentdan hisoblab olarkan. Agar Perfektum (uyali aloqa shirkati) bilan solishtirsangiz ancha qimmat, - deydi UMS ning yangi mijozlaridan biri.

Toshkentlik Akbarni esa narxlar o‘ylantirmaydi.

-Eng muhimi sifatli bo‘lsa bo‘ldi. MTS ketganidan keyin O‘zbekistonda aloqa sifati tushib ketgan edi. Aloqa sifati yaxshi bo‘lsa bo‘ldi. Shunga umid qilib turibmiz, - deydi Akbar.

O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasidagi Ozodlik manbasining aytishicha UMS ga “O‘zdunrobita” ishlatgan va texnologik jihatdan o‘ta optimal bo‘lgan chastotalaar berilgan.

Shuningdek, qo‘mita yangi shirkatning birgina Toshkentdagi mijozlari uchun boshlamasiga bir yarim million telefon raqami ajratilgan.

Bu telefon raqamlarining hammasi ilgari “O‘zdunrobita” ishlatgan 97 bilan boshlanadi.

Ayni paytda yangi shirkat eski mijozlarning “O‘zdunrobita” paytidagi raqamlarini tiklamasligini ham bildirdi.

MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘basi "O‘zdunrobita" 2012 yilning iyul oyida hukumat qarori bilan faoliyatini to‘xtatgan edi.

"O‘zdunrobita"ni katta miqdorda soliqdan bo‘yin tovlash, pul yuvish, mijozlar pullarini noqonuniy o‘zlashtirish va boshqa qonunbuzarliklarda ayblangan edi.

UMS bo‘limlari 1 dekabrdan boshlab ishlashi, shirkatning bosh idorasi Toshkentning Amir Temur ko‘chasidagi sobiq “MTS-O‘zbekiston”ning bosh binosida bo‘lishi aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG