Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:23

O‘zbekiston qamog‘idagi jurnalist Solijon Abdurahmonov Germaniyada mukofotlandi


Berlinda Solijon Abdurahmonov ozod qilinishi talabi bilan o‘tkazilgan protest.
Berlinda Solijon Abdurahmonov ozod qilinishi talabi bilan o‘tkazilgan protest.

Hozirda qamoq jazosini o‘tayotgan o‘zbekistonlik jurnalist 64 yashar Solijon Abdurahmonov 30 oktabr kuni xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi. Germaniyadagi Yoxann-Filipp Palm jamg‘armasining so‘z va matbuot erkinligiga bag‘ishlangan yuksak mukofotini Solijon Abdurahmonov nomidan uning hamkasbi jurnalist Qudrat Bobojon qabul qilib oldi.

Germaniyaning Shorndorf shahrida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimidan qaytayotgan Qudrat Bobojon, Ozodlik bilan suhbatda, bu mukofotni Solijon Abdurahmonovning yaqinlariga tezroq yetkazmoqchi ekanligini ta‘kidladi:

- Solijon Abdurahmonov qamoqda bo‘lgani uchun uning hamkasbi sifatida men bu mukofotni oldim va mening zimmamga bu mukofotni uning yaqinlariga tezroq yetkazish kabi sharafli vazifa tushdi. Mukofotni olish paytida men so‘z olib o‘zbek jurnalisti Solijon Abdurahmonovning so‘z erkinligi uchun kurashdagi qaxramon ekanligini ta‘kidladim¸- deydi jurnalist.

Qudrat Bobojonga ko‘ra¸ Germaniyadagi Yoxann-Filipp Palm nomidagi jamg‘armaning so‘z erkinligi va matbuot sohasidagi 2014 yilgi mukofoti laureatlari ikki nafar bo‘lgan.

- Ulardan biri aytib o‘tganimdek, O‘zbekistondan jurnalist Solijon Abdurahmonov va yana biri Bahrayndan Nazixa Sayid (Nazeeha Saeed). Bu ikki jurnalistning har biriga mukofot timsoli bilan birgalikda 10 ming yevro miqdoridagi pul ham berildi. Bu pul 2008 yildan beri qamoqda qolayotgan Solijon Aburahmonov oilasiga ko‘mak bo‘lganidan hursandman, deydi Qudrat Bobojon.

So‘z erkinligi uchun mukofot

“Erkinlik zo‘ravonlikka qarshi” - bu germaniyalik matbuotchi Yoxann-Filipp Palm sharafiga tashkil etilgan jamg‘armaning asosiy mujdasidir.

1766 yili, Shorndorfda jarroh oilasida tug‘ilgan Yoxann-Filipp Palm, Napaleon boshchiligidagi frantsuz qo‘shinlari Germaniyani ishg‘ol qilgan paytda bir noshir sifatida tanqidiy maqolalarni bosishga jur‘at qilgan edi.

1806 yili nashriyotchi Palm tahallusi ostida yozilgan “Germaniya va uning tahqirlanishi” pamfletini chop qilganidan keyin u o‘sha yilning 14 avgust kuni u hibsga olinadi. Ammo jasur matbuotchi Palm qiynoqlarga qaramasdan, bu pamflet mualllifi nomini sotmagani uchun tarixga qo‘rqmas noshir nomi bilan ismi yozildi.

Yoxann-Filipp Palm sud tomonidan o‘limga hukm qilinib, 1806 yilning 26 avgustida osib o‘ldirladi.

O‘sha davr iqtidori boshqa noshirlarga saboq bo‘lsin uchun Palmga chiqarilgan o‘lim hukmi aholi o‘rtasida ming nusxada tarqatiladi. Hukmning o‘ta adolatsiz ekani esa aholi orasida g‘azab va norozilikni uyg‘otgani aytiladi.

Germaniyada so‘z erkinligi timsoliga aylangan Yoxann-Filipp Palmni xotirlash uchun Palm jamg‘armasi butun dunyo bo‘ylab har yili matbuot va so‘z erkinligi uchun kurashayotgan va jabrlanayotgan jasur jurnalistlar, mualliflarni taqdirlab keladi.

Solijon Abdurahmonov – qamoqdagi laureat

64 yashar o‘zbek jurnalisti Solijon Abduraxmonov qamoqqqa olinguniga qadar Uznews.net, IWPR (Urush va tinchlikni yoritish instituti), Ozodlik radiosi va “Amerika ovozi” kabi axborot agentliklarida ishlab kelgan.

Huquq faollariga ko‘ra¸ Abdurahmonov 2008 yilning iyunida uydirma ayblovlar bilan O‘zbekistonda hibsga olinib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ tergov va sud unga qo‘yilgan giyohvandfurushlikka doir ayblovining qanchalik haqligini tekshirishga hatto urinmagan ham.

2009 yili Xalqaro Amnistiya tashkiloti Abdurahmonovni vijdon tutquni deya e‘tirof etdi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar Abdurahmonovning qamalishiga uning jurnalistik va huquq himoyachilik faoliyati sabab bo‘lganini aytib, O‘zbekiston hukumatidan uni ozod qilishni talab qilib keladi.

O‘tgan hafta amerikalik sakkiz senator O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga ochiq xat yo‘llab, boshqa siyosiy maxbuslar qatorida Solijon Abdurahmonovning ozod etilishini talab qilgan edi.

Qamoqdagi jurnalist Solijon Abdurahmovning Ozodlikdagi hamkasblari uni yuksak mukofot bilan tabriklaydi va uning tezroq ozodlikka chiqarilishiga tilakdosh.

XS
SM
MD
LG