Линклар

logo-print

Moskva shahar sudi ikki nafar dog‘istonlik ish beruvchisini o‘ldirib, murdalarni beton qo‘yib ko‘mib tashlaganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosini hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi. O‘zbek muhojiri ish haqini bermagani uchun bu jinoyatga qo‘l urgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Ayni paytda, o‘zbekistonlik muhojirlar tomonidan sodir etilayotgan og‘ir jinoyatlar soni kamaymayotir.

Moskva viloyatining Podolskoye tumanidagi kottej qurilishlaridan birida yerga ko‘milib, ustidan beton quyib yuborilgan ikki murda aniqlandi.

Bu qotillikni sodir etganlikda ayblanib, shu qurilishda ishlab kelgan 29 yashar o‘zbekistonlik quruvchi yigit qo‘lga olindi. Moskva shahar Tergov qo‘mitasi vakili, Ozodlik bilan suhbatda, ismi oshkor etilmayotgan yigit mehnat haqini bermagan ish beruvchilarini sheriklari yordamida o‘ldirib qo‘yganlikda gumon qilinayotganini bildirdi.

Ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan tergovchiga ko‘ra, shu yilning 16 oktabr kuni soat 16:10larda “Solnechniy gorod” qo‘rg‘onidagi Podsolnux ko‘chasida qurilayotgan kottejlardan birining hududida ikki murda topilgan. Ular yo‘qolib qolgani to‘g‘risida politsiyaga jabrlanganlarning yaqinlari murojaat qilgan edi, deya davom etdi tergov idorasi xodimi.

- Operativ xodimlar shu binoda ishlagan o‘zbek quruvchilarini tergov qilib, ulardan ikki nafari bu jinoyatga aloqasi borligini aniqlagan. “29 yashar quruvchi yigit bu jinoyatni o‘z bo‘yniga oldi, biroq ikkinchi gumonlanuvchi shaxs allaqachon O‘zbekistonga chiqib ketishga o‘lgurgan ekan: hozir uning Rossiyaga ekstraditsiyasi masalasi ko‘rib chiqilmoqda”, dedi tergovchi xodim.

Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, o‘ldirilgan shaxslar shu qurilishni boshqarib kelgan dog‘istonlik brigadir va prorab bo‘lgan. Ish haqi berilmayotgani ustida chiqqan janjal oqibatida ishchilar boshliqlarni kaltaklab o‘ldirib qo‘ygani, keyin chuqur qazib, u yerga tashlangan o‘liklarni ustiga beton qo‘yib yuborilgani taxmin qilinmoqda.

Tergovchilar o‘liklarni qotib qolgan betondan chiqarib olish uchun bir kun sarflagani ma‘lum.

Tergov qo‘mitasida hozircha ikki kishi bu jinoyatga iqror bo‘lgani, biroq ularni kaltaklab o‘ldirishda qolgan ishchilar ham ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Kuni kecha, Moskva shahar sudi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105-moddasi (qotillik) asosida qo‘zg‘atilgan jinoiy ish yuzasidan 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosini ikki oyga hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Sud mahkamasi yopiq tarzda o‘tkazildi, zero ayblanuvchi politsiyaga o‘ldirilgan dog‘istonliklarning yaqinlari undan qasos olishi mumkinligidan xavfsirayotgani va unga tahdidlar bo‘layotganini ma‘lum qilgan. Tergov ishlari davom etmoqda.

2014 yilning 23 noyabr kuni Moskva viloyatining Pushkino shahrida ham “Globus” Savdo markazi qurilishida shunga o‘xshash hodisa yuz berdi. Bino qurilishida ishlayotgan to‘rt nafar ishchi muhojir o‘z brigadiri bilan oylik berilmayotgani ustida janjallashib, urib o‘ldirganlikda gumon qilinmoqda. O‘z qilmishi izlarini yo‘qotishga uringan mehnat muhojirlari brigadirning tanasini ekskvator yordamida qurilish maydonchasiga ko‘mib tashlagani aniqlangan.

Permda o‘zbek nasha o‘stirgani uchun javobgarlikka tortildi

Permь viloyati Narkotiklar nazorati bo‘yicha Rossiya Federal xizmati (FSKN) boshqarmasinasha giyohvandlik o‘simligini o‘stirgan 50 yashar o‘zbekistonlik qo‘lga olinganini xabar qildi.

“Ismi tergov tomonidan oshkor qilinmayotgan bu shaxs sabzavot ustirilayotgan issiqxonada nasha yetishtirganlikda gumon qilinmoqda”, deydi Ozodlikka Perm viloyati bo‘yicha FSKN boshqarmasi vakilasi Tatyana Tolstikova.

Biroq suhbatdosh bu shaxs allaqachon Rossiya fuqaroligiga o‘tganiga qaramasdan nima sababdan o‘ning “O‘zbekistonda tug‘ilganiga” urg‘u berilayotgani borasida Ozodlik so‘roviga tushuntirish bera olmadi.

- U O‘zbekiston Respublikasida tug‘ilgan, ammmo Permda istiqomat qilib keladi. Haqiqatan, u Rossiya fuqarosi. Kungur shahrida o‘ziga qarashli dala hovlisida joylashgan teplitsada sabzavotlar orasida nasha usimligini o‘stirgan. Jinoiy ishi Kungur shahar sudiga o‘tkazildi, dedi Tatьyana Tolstikova.

Operativ xodimlar taqdim etgan videoda dala hovlisida o‘sayotgan o‘simlilarni ko‘rsatayotgan shaxs nasha urug‘larini topish muammo emasligi va ular hamma joyda o‘sayotganini gapirganini ko‘rish mumkin.

Narkonazorat xodimlari asli o‘zbekistonlik bu shaxs qonida ham giyohvand moddalar qoldiqlari topilganini gapirmoqda.

Nashavand shaxs dala uchastkasidan jami 30 tup pishib yetgan nasha o‘simligi musodara qilindi.

Narkotik moddalariga ega o‘simlikni yetishtirgan 50 yoshli fuqaro mahalliy qonunchilikka muvofiq 2 yilgacha qamoq jazosiga tortilishi mumkin.

.......

So‘nggi yillarda aynan muhojirlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarga urg‘u berayotgan Rossiya hukumati mamlakatda migrantlar sonini kamaytirishga qaratilgan siyosatni avj oldirganini ma‘lum qildi. O‘tgan bir yilning o‘zida FMS tomonidan 6 million muhojirdan barmoq izlari olindi, 1 million 100 mingdan ziyod xorijlikka Rossiyaga kirish taqiqlandi.

Federal migratsiya xizmati Konstantin Romodanovskiy noqonuniy yashab kelgan migrantlarga 10 yilgacha Rossiyaga kirish ta‘qiqlanishi, og‘ir jinoyatlarni sodir etgan xorij fuqarolariga esa umuman Rossiyaga kirish man etilishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG