Линклар

O‘zbekistonda 1 dekabrdan ish boshlagan UMS aloqa operatori ofislari oldida dushanba tongida boshlangan navbatlar ur-yiqitga aylanib ketdi. Rossiyaning MTS shirkati qariyb ikki yarim yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekistonda yana faoliyat boshlamoqda. 2012 yilning iyulida mamlakatdan haydalgan telekom shirkati 1 dekabrdan Universal Mobile Systems (UMS) brendi ostida ish boshladi.

UMS aloqa operatori ofislari oldida dushanba tongidan to‘plana boshlangan minglab o‘zbekistonliklar ur-yiqit bilan sim-kartalarni sotib olmoqda.

Ayniqsa, sim-kartalar soni cheklangan viloyatlarda 97 kodi bilan boshlanadigan raqamlar orzumandlarining tirband saflari yoniga tomoshatalablar ham qo‘shilib, nazorat qilinishi qiyin holat kasb etgani aytimoqda.

Ozodlik mushtariylari jo‘natgan rasmlarda UMS sho‘baalari oldida dushanba ertalabki ur-yiqit navbatlar aks etgan.

Toshkentning Amir Temur ko‘chasidagi sobiq “MTS-O‘zbekiston”ning bosh binosi va hozir UMS qarorgohi oldidagi tiqilinchni maxsus chaqirilgan militsiya bo‘linmalari nazorat qilayotgani bildirildi.

Ozodlik mushtariylari jo‘natgan yana bir fotoda UMS mobil shirkati joylashgan Toshkentdagi binoga yopishtirilgan panno aks etgan.

Bir haftadan beri UMS ochilishigacha qolgan kunlarni sanab kelgan elektron pannodagi "0" raqami MTSning O‘zbekistonga qaytib, ish boshlaganidan darak edi.

Mashaqqatlardan keyin orqaga qaytgan MTS quvonchi

Rossiyaning MTS shirkati matbuot xizmati vakili Dmitriy Solodovnikov, Ozodlik bilan suhbatda¸ qayta barpo etilgan Universal Mobile Systems - UMS qo‘shma korxonasi O‘zbekiston hududida mobil aloqa mijozlariga tijoriy xizmat ko‘rsatishni boshlaganligini "mamnuniyat" bilan e‘lon qildi:

- Bugun MTS qo‘shma korxonasi O‘zbekistonda yangi uyali aloqa tarmog‘ini ishga tushirdi. O‘zbekistondagi 20dan ortiq sho‘balarimizda abonentlarni tarmoqqa tirkash ishlari avjida. O‘zbekistondagi hamkorlarimiz bilan birgalikdagi MTS qo‘shma korxonasining faoliyat boshlaganligini e‘lon qilishdan mamnunman. Biz yuqori sifatli ovoz aloqasi va tezkor mobil Internet xizmatini taklif qilyapmiz. Maxsus kodlash algoritmiga asoslangan yuqori sifatli ovozni uzatish kabi yangi texnologiyani ham o‘zbek mijozlariga taqdim qildik¸- deya bildirdi MTS matbuot hizmati vakili Dmitriy Solodovnikov.

Ayni paytda, Solodovnikov UMS ofislari oldidagi tiqilinch va ur-yiqit boisini izohlamadi.

O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ qo‘mita yangi shirkatning birgina Toshkentdagi mijozlari uchun boshlamasiga faqat bir yarim millionta telefon raqami ajratgani bois defitsit paydo bo‘lgan.

Suhbatdoshning aytishicha, UMSga “O‘zdunrobita” ishlatgan va texnologik jihatdan o‘ta optimal bo‘lgan chastotalar berilgan:

“Bu sifatli aloqa degani. Sifatsiz aloqa xizmatidan charchagan mijozlar tezroq yangi sim-karta olishni istashmoqda”, deydi mulozim.

UMS sim-kartasini sotib olib, tasvirini Ozodlikka jo‘natgan Saidburxon ismli yigitning aytishicha, bu ur-yiqit “krutoy” telefon raqamlarini olib sotadigan odamlar bois yuzaga chiqqan:

“Ilgaridan shunaqa biznes bor. "Zolotoy" nomer olasizda uni keyin sotasiz. O‘shanaqa nomer olamiz, deb kelgan ko‘pchilik. Lekin unaqa "zolotoy" nomerlar allaqachon sotib bo‘lingan”, deydi suhbatdosh.

Ozodlik bilan Facebook orqali suhbat qurgan UMSning yana bir mijozi toshkentlik Marina Nikitina yangi shirkat MTS qilgan g‘irromliklarni qilmaydi, deb umid bildirgan edi:

“Umid qilamanki, ular endi mijozlar pulini o‘marishmaydi. 2004 va 2005 yilda MTS mijozlardan gaplashmagan suhbatlari uchun haq olib g‘irromlik sxemalarini amalga oshirishgan edi. Boshqa tarafdan esa, yangi operatorning kelganidan mamnunman. Operatorlar o‘rtasidagi konkurensiyadan mijozlar yutadi. Yangi shirkatga omad tilayman”, deb yozdi Facebook mushtariysi Marina Nikitina.

“O‘zdunrobita” kultepasi uzra bir qadam oldinga yoki 97 ning qaytishi

“Bir qadam oldinga” degan shiorni ilgari surgan UMS O‘zbekistonda 2012 yilgacha faoliyat olib borgan “O‘zdunrobita”ning asbob-uskunlari va infrastrukturasi yordamida ish boshlayotgani bildirildi.

Universal Mobile Systems operatori mijozlariga 998-97 prefiksi orqali bog‘lanish mumkin.

998-97 prefiksi 2012 yil yozigacha MTS-O‘zbekiston mobil aloqa operatoriga tegishli edi.

UMS qo‘shma korxonasi sobiq MTS-O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan antennalar va boshqa aloqa jihozlaridan foydalanadi.

O‘zbekiston tarixidagi birinchi va eng yirik mobil aloqa operatori “O‘zdunrobita”, keyinroq MTS-O‘zbekistonga aylangan shirkatning 10 millionga yaqin mijozi 2012 yil iyulida bir kunda aloqadan mahrum bo‘lgan edi.

"O‘zdunrobita" katta miqdorda soliqdan bo‘yin tovlash, pul yuvish, mijozlar pullarini noqonuniy o‘zlashtirish va boshqa qonunbuzarliklarda ayblangan edi.

Rossiyaning MTS shirkati esa O‘zbekistondagi ayrim “qudratli shaxslarni daromadli biznesni tortib olishga” urinishda ayblagan edi.

MTS va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida chiqqan mojaroda prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning ismi tez-tez tilga olingan.

O‘sha paytda mamlakatdan qochib ketgan "O‘zdunrobita" bosh direktori Behzod Ahmedov xalqaro qidiruvga berilgan.

Ayni paytda, Shveysariya hukumati pul yuvish aybi bilan Behzod Ahmedov ustidan ochgan jinoyat ishida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ham gumonlanuvchi sifatida o‘tmoqda.

2012 yilda yopilguniga qadar MTS 10 millionga yaqin abonenti bilan O‘zbekiston mobil aloqa bozorining 40 foizini nazorat qilgan.

2014 yil yozida Rossiyaning MTS shirkati va O‘zbekiston Aloqa qo‘mitasi ishtirokida Universal mobile systems" qo‘shma korxonasini barpo etishga qaror qilindi.

Mobil shirkatdagi 50,01% hissaga MTS, 49,99% hissaga esa O‘zbekiston Respublikasining Radioaloqa, radiouzatish va televideniye markazi davlat unitar korxonasi egalik qiladi.

XS
SM
MD
LG