Линклар

logo-print

Qirg‘iziston 23 dekabrda Bojxona ittifoqiga qo‘shilish yuzasidan shartnomani imzolashni rejalashtirgani sababli O‘zbekiston, Tojikiston va Xitoy bilan chegaralarini yangi talablarga moslashtira boshladi.

Rossiya va‘da qilgan 250 million dollardan darak yo‘q

Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonning 13 chegara – o‘tkazish punkti 2015 yilning 1 yanvaridan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi deb atala boshlanadigan ayni paytdagi Bojxona ittifoqining tashqi chegaralari sifatida belgilandi. Mazkur chegara punktlari orasida O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan “Do‘stlik”, Qizilqiya”, “Qayrag‘och” va temir yo‘lo‘tkazish punktlari hambor.

Ayni paytda Qirg‘iziston mazkur chegaralar Bojxona ittifoqi shartlariga moslashtira boshlanganini e‘lon qildi.

- Hozirgi paytda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi komissiyasi belgilab bergan shartlar asosida bojxona-chegara punktlarini texnik jihatdan tartibga keltirish ishlari boshlandi. Har bir bojxona va chegara punkti zamonaviy texnik vositalar, ya‘ni portal monitorlari, rentgen-skanerlar bilan ta‘minlanadi. Shuningdek, Bojxona ittifoqining yagona axborot bazasiga qo‘shilamiz hamda boshqa davlatlardan o‘tayotgan tovarlar oqimini nazoratga olamiz, - dedi Qirg‘iziston Bojxona xizmati rasmiysi Akilbek Borubayev.

Xabarlarda aytilishicha, Rossiya Qirg‘izistonning Bojxona ittifoqi tashqi chegaralari sifatida belgilangan bojxona va chegara o‘tkazish punktlarini zamonaviylashtirish uchun 250 million dollar moliyaviy yordam berishni va‘da qilgan. Biroq shu kungacha mazkur mablag‘ berilgan emas.

O‘zbekistondan Qirg‘izistonga, Qirg‘izistondan O‘zbekistonga o‘tayotgan mahsulotlar ham qimmatlaydi

Qirg‘izistonning Bojxona ittifoqiga qo‘shilishi ortidan mamlakatga Bojxona ittifoqiga a‘zo bo‘lmagan davlatlar, jumladan, O‘zbekiston va Xitoydan olib kelinayotgan mahsulotlar narxi qimmatlashi kutilmoqda.

Qirg‘iziston O‘zbekiston uchun Xitoy mahsulotlari olib o‘tiladigan tranzit zona hisoblanadi. Shundan kelib chiqilsa, Qirg‘izistondan O‘zbekistonga olib o‘tilayotgan Xitoy mahsulotlari narxi ham qimmatlaydi.

Bojxona rasmiylari O‘zbekistondan va Xitoydan Qirg‘izistonga olib o‘tilayotgan mahsulotlar uchun boj to‘lovlari qancha miqdorda oshirilishi borasida hozircha ma‘lumotlar yo‘q ekanini aytmoqda.

“Qirg‘iziston Bojxona ittifoqiga qarshi” jamoatchilik harakati hamraisi, iqtisodchi Marat Musuraliyev esa boj to‘lovlari va narx-navo sezilarli tarzda oshib ketishini bashorat qilayotir.

- Bojxona ittifoqining birinchi talabi Xitoydan kelayotgan mahsulotlar oqimini qattiq nazoratga olish bo‘ladi. Bungacha Qirg‘izistonda bojxona to‘lovlari liberal shaklda edi. Ya‘ni tovarlarning ko‘p turlaridan og‘irligi yoki hajmiga qarab boj to‘lovi olinardi. Endi esa Bojxona ittifoqi talabiga rioya qilingan holda, olib o‘tilayotgan mahsulotlar donalab sanaladi va har biriga alohida, oshirilgan miqdorda boj to‘lovi belgilanadi, - dedi Marat Musuraliyev.

Rossiya yetakchiligidagi Bojxona ittifoqiga Qozog‘iston, Belorus va Armaniston a‘zo davlat hisoblanadi. 2015 yilning 1 yanvaridan Bojxona ittifoqi nomi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi deb o‘zgartiriladi.

XS
SM
MD
LG