Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:07

Sobiq sudya: “Adolat qilaman deb adolatsizlik qurboni bo‘ldim!”


Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudi sobiq raisi Nurmuhammad Qodirov.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudi sobiq raisi Nurmuhammad Qodirov.

Farg‘ona viloyatida 6 yil sudyalik qilgan Nurmuhammad Qodirov mahalliy prokuraturaning adolatsizligi bois, ishidan mosuvo bo‘lganini da‘vo qilmoqda. Odatan, oddiy fuqarolar shikoyatchisi bo‘lgan O‘zbekiston huquq-tartibot tizimi ustidan Ozodlikka arz qilgan sobiq sudya tuman prokuraturasi noto‘g‘ri malakalagan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytargani uchun suddan quvilganini iddao qildi.

Farg‘ona viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudi sobiq raisi Nurmuhammad Qodirov adolatsizlikka uchrganini da‘vo qilib, Ozodlikka arz qildi.

2012 yilning 30 oktabrida O‘zbekiston prezidenti farmoyishi bilan ishdan bo‘shatilgan sobiq sudya iddaosicha, prezidentga uning ustidan to‘qima ayblovdan iborat ma‘lumotnoma kiritilgan.

Ayni paytda o‘z iddaolariga dalil taqdim qilmagan Nurmuhammad Qodirov da‘vosicha, bunga uning narkotiklar bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergovchi va prokuror noto‘g‘ri malakalagan ishlarni qo‘shimcha tergovga qaytargani sabab bo‘lgan:

- Bu narkotik modda bilan bog‘liq jinoyat ishlari edi. 2011 yilning oktabr oyida prokuratura o‘ta og‘ir jinoyatni uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat deb malakalab sudga chiqargan edi. Men esa bu jinoyat ishi noto‘g‘ri malakalangan deb, qo‘shimcha tergovga qaytardim. Qo‘shtepa tumani prokurori R. A., tergovchi K. J. men hali qo‘shimcha tergovga qaytarmasimdan oldin mening oldimga kelib, bosim o‘tkaza boshladi. Prokuror agar shu ishni men aytganday qilib ko‘rib chiqmasang, baribir seni ishdan oldiraman, deb po‘pisa qilgan edi, - deydi sobiq sudya.

Nurmuhammad Qodirov shundan so‘ng bu 2 jinoyat ishiga oid hujjatlar sud idorasidan noqonuniy ravishda olib chiqilgani, keyin esa unga tergovchi ham bosim o‘tkazganini iddao qildi:

- Qo‘shtepa tumani ichki ishlar bo‘limi tergovchisi men Oltiariq tumanida boshqa bir jinoyat ishini ko‘rayotgan paytimda, hujjatlarni zo‘rlik bilan o‘g‘irlab ketgan. Bu haqda menga kantselyariya mudiri telefon qilib aytdi. Keyin o‘sha kuni tergovchi jinoyat hujjatlarini yoqib yuborishini aytib, qo‘rqitmoqchi bo‘ldi. Men bu haqda viloyat sudi raisi va o‘rinbosariga xabar berdim. Shundan keyin kechqurun tergovchi mashinasi bagajiga yashirgan jinoyat ishi hujjatlarini menga qaytargan edi, - deb da‘vo qildi sudya.

Nurmuhammad Qodirov qonunbuzar prokuror va tergovchiga Bosh prokurorga arz qilishini aytgach, viloyat sudi raisi uni qabuliga chaqirganini aytadi:

- Sud raisi men bilan ozgina gaplashdi, hech qayoqqa murojaat qilmasligimni va ishimni davom ettiraverishimni aytdi. Men qaytib ishimni davom ettirdim. Oradan bir oy o‘tmasdan viloyat sudi appelyatsiya kengashi bu ikki jinoyat ishi yuzasidan mening ajrimlarimni bekor qilish haqida qaror chiqardi va boshqa sudda bu ishlar yuzasidan tergovchi va prokuratura malakalagan moddalar bo‘yicha hukm chiqarildi, - deb arz qildi sobiq sudya.

Nurmuhammad Qodirov da‘vosicha, shu tahlit adolatsiz hukmni chiqarishga erishgan prokuratura xodimlari uning o‘zini sudlov tizimidan batamom ketkizish harakatiga tushgan:

- Men boshqa tumandan kelib ishlaganim uchun qishloqdagi bir uyda vaqtincha yashardim. Bu uy sudyalarga ajratilgan, tuman kommunal xo‘jaligi balansida bo‘lgan ekan. Menga shu uyning noqonuniy ravishda o‘zlashtirilishiga vositachilik qilgan, degan ayblov qo‘yildi va prokuratura surishtiruv olib bordi. Shu asosda meni ishdan olishdi, - deb iddao qilmoqda sobiq sudya.

Ozodlik bu ish yuzasidan Farg‘ona viloyati prokuraturasiga bog‘lanib, sobiq sudya shikoyatida nomini tilga olgan prokuror va tergovchi bilan bog‘lanishga, sobiq hamkasbi iddaolari yuzasidan munosabat olishga urindi, biroq muvaffaq bo‘lmadi.

Sobiq sudya huquqlarini himoya qilayotgan advokat Rustam Qoraboyevga ko‘ra, Nurmuhammad Qodirov adolatsizlik qurboni bo‘lgan:

- Qodirov sudya bo‘lib ishlab yurganda O‘zbekiston JKning 276-moddasi bilan malakalangan jinoyat ishlari unga beriladi. Lekin sudya ko‘rib chiqsa, bu boshqa, ancha og‘irroq 273-modda bilan ko‘rilishi kerak bo‘lgan ishlar. Bu sudya ilgari ham juda ko‘p xom jinoyat ishlarini qaytargan aslida. Halol sudyalik qilgan, agar prokuratura bilan kelishib ish qilganida edi, hozir ishlab yurgan bo‘lardi. Shuning uchun ham prokuratura o‘ziga bo‘ysunmagan sudyani ishdan bo‘shatgan, - dedi advokat Rustam Qoraboyev.

Advokatning aytishicha, bu ish yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga, Oliy Sudiga qonuniy tartibda takror va takror ariza kiritilgan. Qabul qilingan arizalarga esa Qodirov qonuniy asosda ishdan olingani aniqlangani haqidagi javoblar olingan.

Natijada, sobiq sudya bu javobdan qoniqmagani va O‘zbekiston huquq-tartibot idolaridan adolatli javob olishga ko‘zi yetmay qolgani bois, Ozodlikka murojaat qilishga qaror qilganini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG