Линклар

Bir tomondan jahon bozorida neft tobora arzonlayotgani, ikkinchi tomondan G‘arb Rossiyaga nisbatan jazo choralari qo‘llayotgani uchun rubl kundan-kunga qadrsizlanib, rossiyaliklar moliyaviy xaos jarligi yoqasiga kelib qoldi.

Lekin moliyaviy inqiroz rubl uchun tanish kasallikdir.

Rubl qadrining joriy haftada keskin tushib, 1 AQSh dollari qariyb 54 rublga tenglashgani rossiyaliklar so‘nggi chorak asr davomida boshidan bir necha marta kechirgan moliyaviy inqiroz sharpasiga yana jon kiritganday bo‘ldi.

Rossiya valyutasining 1 dekabr kungi savdolarda keskin shung‘ishi 1998 yil 17 avgustida rubl bir kunda 4 baravar arzonlab ketgan va hukumat defolt e‘lon qilganidan beri birinchi bor kuzatilgan keskin pastlashdir.

Boris Yeltsin prezidentligi davrida Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan Sergey Aleksashenko rublning shu kundagi “jon talashishi” unga milliy valyutaning Rossiya eng yangi tarixidagi og‘ir kunlarini yodga solganini aytadi.

"So‘nggi bir necha kunlar yoki haftalarda kuzatayotganimiz holat yodimga fuqarolar va biznesning milliy valyutaga ishonchi yo‘qolgan, rubldan hamma to‘rt tomonga qochgan, ya‘ni inson psixologiyasi hal qiluvchi omilga aylangan 98 yilning 17 avgustidan keyingi vaziyatni eslatmoqda", dedi Aleksashenko.

"Sog‘lom fikr o‘z o‘rnini vahimaga bo‘shatib bergan paytda Markaziy bankning devalьvatsiya oldini olishi o‘ta, o‘ta qiyin bo‘ladi", deb qo‘shib qo‘ydi Aleksashenko.

Shunday qilib, moliyaviy boshboshdoqlik Rossiya uchun yangi hodisa emaski, quyida o‘sha bo‘hronlarni eslab o‘tamiz.

Sovet quyoshi botganda

Sovet Ittifoqining so‘nggi yillarida hukumat izdan chiqib ketgan iqtisodiyotni monetaristik choralar bilan sog‘lomlashtirmoqchi bo‘ldi va lekin aholining "ikki oyog‘ini bir etikka tiqdi".

Mixail Gorbachev 1991 yilning yanvaridagi farmoni bilan 50 va 100 rublli banknotalarni yaroqsiz, deb e‘lon qildi. Bu chora valyuta qora bozoridagi pulfurushlarga zarba berish bahonasi bilan tushuntirilgan bo‘ldi.

Sovet xalqiga 50 va 100 talik pullarini almashtirishi uchun 3 kungina muhlat berildi. Sarosimaga tushgan xalq mijozlarga xizmat ko‘rsatishga ulgurishining sira iloji qolmagan banklarga yopirildi.

O‘sha yili, 50 va 100 taliklar bekor qilinganidan ko‘p o‘tmay, hukumatning o‘zi chet el valyutasi uchun “turistik kurs” belgilash bilan rubl qadrini keskin tushirdi.Davlat banklari chet elliklar va chet elga chiqadigan sovet grajdanlari uchun 1 AQSh dollari narxini taqriban 6 rubldan taqriban 27 rublga ko‘tarib qo‘ydi.

1991 yilning oxiriga kelib 1 dollar qariyb 100 rublga teng bo‘ldi va o‘sha oydayoq Sovet Ittifoqining o‘zi ham tarqab ketdi.

"Shok terapiyasi"

Sovet Ittifoqi tarqab ketganidan keyin Boris Yeltsin hukumatining erkin bozorga o‘tish yo‘lidagi “shok terapiyasi” tufayli millionlab rossiyaliklarning qora kunga asrab qo‘ygan aqchalari o‘z-o‘zidan yitib ketdi. rubl bir necha yil davomida muttasil qadrsizlandi.

1994 ning yanvarida hukumat rublning qadrsizlanishini to‘xtatish maqsadida mamlakat ichida AQSh dollari va boshqa valyutalarning muomalasini to‘xtatib qo‘ydi. O‘sha yilning oktabrida rubl bir kunning ichida 27 foizga qadrsizlanib ketdi va o‘sha kun Rossiya moliya tarixiga “qora seshanba” sifatida kirdi.

1998 ning yanvarida hukumat rubldan 3 ta 0 ni olib tashladi va taqriban 6000 rublga teng bo‘lgan 1 AQSh dollari 6 rubl bo‘lib qoldi.

1998, avgust

Rossiya defolt e‘lon qilib, rublni devalvatsiyalaganidan so‘ng mahalliy banklarning ko‘pchiligi sindi, aholining yiqqan pullari esa oftobda qolgan muzday erib yo‘qola boshladi. Oradan bir oy o‘tib-o‘tmayoq 6 rublga teng bo‘lgan 1 AQSh dollari 16 rublga tenglashdi. Bora-bora 1 dollar 24 rublga tenglashib barqarorlashdi. O‘sha yili inflyatsiya 84 % bo‘ldi, Rossiya ichki yalpi mahsuloti 4,9 foizga qisqarib ketdi.

Jahon iqtisodiyoti retsessiyasi

Neftь narxining balandligi tufayli qariyb 10 yil barqaror turgan Rossiya iqtisodiyoti va rubli 2008 yilgi global moliyaviy-iqtisodiy bo‘hrondan, yonilg‘i narxlari tushib ketganidan qattiq zarba yedi. O‘sha yilning avgusti boshida 1 AQSh dollari ko‘pi bilan 23,4 rublga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2009 ning yanvariga kelib, rubl 35 foizga arzonlab ketgan edi.

Rublning bugungi ko‘rgiliklari

Bu haqdagi gaplarni o‘qish uchun maqolaning boshiga qayting.

XS
SM
MD
LG