Линклар

O‘zbekiston va Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan qo‘shma korxonalarni ishga tushiradi. Bu kelishuvlarga sanksiyalar bosimi ostida qolayotgan Rossiyaning ayniqsa meva-sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojining keskin oshib borayotgani sharoitida erishilgani e‘tiborga sazovor.

Rossiyaning O‘zbekiston meva va sabzavotiga ehtiyoji oshmoqda

O‘zbekiston bilan qo‘shma korxonalarni ishga tushirish masalasi Rossiya uchun o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda.

Bu haqda rasmiy bayonot bergan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov rossiyalik iste‘molchilarning ayniqsa O‘zbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga oshib borayotgan qiziqishiga e‘tibor qaratdi.

U meva va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan uskunalarni ishlab chiqarishga qaratilgan Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonalarini yaratish ikki taraflama hamkorlikning yaqin yillardagi muhim masalalardan biri bo‘lib qolishini ta‘kidladi seshanba kuni jurnalistlar oldida qilgan chiqishida:

- Rossiya tarafi dekabr oxirlarigacha tegishli takliflarni yuborishni rejalashtirmoqda, ilk natijalar esa allaqachon 2015 yilning birinchi choragida e‘lon qilinadi, deya aniqlashtirdi Shayxov Toshkentda o‘tkazilayotgan AgroExpo-2014 xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi davomida.

Alisher Shayxov, shuningdek, o‘tgan hafta – 26 noyabr kuni O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiya yig‘ilishi natijalari borasida ham ma‘lumot berdi.

Ikki taraflama imzolangan yakuniy protokolga binoan, O‘zbekiston hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha kompakt uskunalar va zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga qaratilgan hamkorlikdagi loyihalarni ishga tushirish uchun Rossiyaning Sanoat va savdo vazirligi hamda Mashinasozlar, oziq-ovqat va qayta ishlash uskunalari ittifoqi takliflarini kiritganini bildirdi.

Hukumatlararo uchrashuvda 2015 yilda tegishli davlat idoralari O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasi hududida “tartibli ravishda mehnat faoliyatiga jalb qilish” borasida kelishuv ham imzolanishi aytildi.

Deputatlar 987,5 ming o‘zbekistonlikni ish bilan ta‘minlamoqchi

Ayni paytda, O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muxofaza qilish vazirligi rasmiy sayti aholini 2015 yilga ish joylari bilan ta‘minlash dasturi doirasida chet eldan qaytib kelayotgan mehnat muhojirlari uchun asosiy ish joylari mamlakatning 7 mintaqasida barpo etilishi ko‘zda tutilganini xabar qildi.

“Dastur doirasida kelgusi yilda hududlar va yo‘nalishlar bo‘yicha 261,6 mingta ish o‘rni tashkil etish va 725,9 ming kishining bandligini ta‘minlash chora-tadbirlari ko‘riladi. Umuman olganda, dasturning bajarilishi 987,5 ming nafar kishining ishga joylashtirilishiga ko‘maklashadi”, deyiladi ushbu sayt.

Migratsiya sohasidagi ayrim ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston tashqarisida 6 millionga yaqin o‘zbekistonlik mehnat qilib kelmoqda. Ularning asosiy qismi – Rossiya Federatsiyasi hududidadir.

XS
SM
MD
LG