Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:39

O‘zbekiston dunyoning eng korruptsiyalashgan mamlakati bo‘lib qolmoqda


Bir ball qo‘shildi¸ lekin yaxshilanmadi...

Davlat va jamoatchilik sektoridagi poraxo‘rlik ko‘lami bo‘yicha O‘zbekiston 175 davlat orasida 166 o‘ringa qo‘yildi va dunyoning eng korrupsiyalashgan davlatlari o‘nligidagi o‘rnini yana saqlab qoldi.

korrupsiyadan xolilik 0 dan 100 ga qadar o‘lchanuvchi shkalada O‘zbekistondagi korrupsiya darajasi 18 ballga baholandi va bu borada qo‘shni Turkmanistondan bir ball¸ ro‘yxat tubidagi Iroq¸ Afg‘oniston va Shimoliy Koreya kabi davlatlardan atigi bir necha ballga farqlandi¸ xolos.

Markazi Berlinda joylashgan Transparency International tashkilotining postsovet hududlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Svetlana Savitskaya O‘zbekistonning korrupsiya indeksidagi bahosi 2013 yilga nisbatan bir ballga ko‘tarilgani¸ biroq bu vaziyatda e‘tiborga molik o‘zgarish bo‘lganini anglatmasligini aytadi:

- Biz biror o‘zgarishni o‘zgarish deb tan olishimiz uchun u kamida 4 ballik ko‘tarilish yoki tushish bo‘lishi kerak. O‘zbekiston reytingi bu yilgi ro‘yxatda bor-yo‘g‘i 1 ballga siljidi va shu bois biz uni ijobiy o‘zgarish deb baholay olmaymiz. Ayni paytda¸ yo‘qdan ko‘ra bor¸ degan nuqtai nazardan bu bir ballik ko‘tarilish ham yaxshi tomonga burilish¸ deguvchilar ham yo‘q emas. Mohiyatdahech narsa o‘zgarmadi va O‘zbekiston yillardan beri qanday ro‘yxat tubida kelgan bo‘lsa¸ bu yil ham ayni shundoq eng korrupsiyalashgan davlatlar o‘nligida qoldi¸ deydi Svetlana Savitskaya.

Jazoning muqarrarligidan prezident qizi ham qochib qutula olmadi?..

O‘zbekiston hukumati yillardan beri mamlakatda korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli kurash olib borilayotganini iddao qilib keladi. Xususan¸ 2014 yil davomida respublika Bosh prokuraturasi tovlamachilik va korrupsiya orqali davlatga katta miqdorda iqtisodiy zarar yetkazgan bir guruh shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘adi va ulardan ayrimlari ustidan yil mobaynida hukm ham e‘lon qilindi.

Prezident to‘ng‘ichi Gulnora Karimova yaqinlarining jazoga tortilishi¸ prezident qizining ham tergovga tortilib¸ uy qamog‘iga tashlanishi huquq tizimlari tomonidan kimligidan qat‘iy nazar jazoning hamma uchun muqarrarligi printsipi namoyishi sifatida taqdim etildi.

Postsovet hududida misli ko‘rilmagan bunday shov-shuvli jarayon O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi kurashga baho berishda inobatga olindi¸ ammo tuzum tabiatidan kelib chiqib¸ bu tergov va mahkamalarni korrupsiyaga qarshi kurash deb baholashga oshiqayotganimiz yo‘q¸ deydiTransparency International tashkilotining postsoved hududlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Svetlana Savitskaya:

- Siz tilga olgan bu shov-shuvli ishlar jamoatchilikda mana hukumat ham korrupsiyaga qarshi nimadir qilayaptiku¸ degan illyuziya tug‘dirmay qolmaydi¸ albatta. Lekin korrupsiyaga qarshi haqiqiy kurash borayapti¸ deyish uchun bunday kurash ahyon-ahyonda shov-shuv tug‘dirish kampaniyasi emas¸ jiddiy va muttasil jarayon bo‘lmog‘i lozim. Hozircha biz O‘zbekistonda bunday jarayonga guvoh bo‘lganimiz yo‘q. Ayni paytda¸ Gulnora Karimova bilan bog‘liq ishlarni O‘zbekiston prokuraturasi va mahkamasi olib borayapti. Bu tizimlarning siyosiy tuzumga mutlaq qaram ekani hammaga ayon. Shu bois¸ bu shov-shovli ishlarni aksilkorrupsiya harakati deyishdan ko‘ra o‘zbek oligarxlari o‘rtasidagi molu mulk bo‘lashish deyish¸ to‘g‘riroq bo‘lsa kerak¸ deydi Savitskaya.

Tuzum korrupsiya kuchayishidan manfaatdor...

O‘zbekiston MXX sobiq xodimi Ikrom yoqubov korrupsiyaning o‘zbek davlatchiligi ustunlarini yemirib bo‘lganini ta‘kidlaydi va joriy tuzum korrupsiyaning saqlanib qolishidan manfaatdor¸ degan xulosaga kelganini aytadi:

- Har qanday davlat va jamiyatni davlat va jamiyat qilib turadigan to‘rtta ustun bor. Bu maorif va ta‘lim¸ sog‘liqni saqlash¸ huquq tartibot va harbiy sohadir. Aynan ana shu soha poraxo‘rlik eng cho‘qqiga chiqqan sohalarga aylantirildi. Bu sohalarda korrupsiya institutlashgan¸ya‘ni propiska tizimi qanday institutlashgan bo‘lsa¸ xuddi shunday. Eng oliy davrada bu muammoni yaxshi bilishadi¸ ammo unga muammo deb qarashmaydi. Zotan eng tepada o‘tirganlar korrupsiyaning saqlanib qolishidan manfaatdor¸ deydi Ikrom yoqubov.

Korruptsioner o‘zbekni Shveytsariya banklaridan mosuvo qilish mumkinmi?

“Poraxo‘r rasmiylar¸ siyosiy elita davlat xazinasidan o‘g‘irlangan mablag‘larni mutlaq daxlsiz tarzda offshor shirkatlar vositasida bexavotir joylarga olib ketmoqdalar”¸ deyiladi Transparency International tashkiloti 3 dekabr kuni e‘lon qilgan bayonotda.

Ana shunday o‘g‘irlangan pullarning G‘arb banklariga toza daromad sifatida kelib o‘rnashishi oldini olish uchun tashkilot jahon hukumatlaridan Daniya kabi korrupsiyadan deyarli xoli davlatlar tajribasini qabul qilib¸ mol-mulkni qayddan o‘tkazishning jamoatchilik uchun shaffof qizimini yaratishga da‘vat qilmoqda.

- Biznes tizimlarini ro‘yxatga olish reyestrlari jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishi kerak. Har bir shirkat va mol-mulkning asl egasi kimligi¸ uning oxirgi benefitsiari kimligini hamma bilishi kerak. O‘zbekiston kabi davlatlarda shirkat bo‘ladimi¸ bank hisobimi boshqalarning nomiga ochiladiyu¸ uning asl egasi davlat tepasida o‘tirgan amaldor bo‘ladi. Bu aloqadorlikni oshkor qilish uchun reyestrlar Skandinaviyadagi kabi ochiq bo‘lishi kerak. Hozir biz har bir hukumatdan o‘z qonunchiligida korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasining asosiy qismi sifatida ana shu shaffoflikni joriy etishni so‘rayapmiz. Lekin bu uzoq va murakkab jarayondir¸ deydi Svetlana Savitskaya.

XS
SM
MD
LG