Линклар

“O‘zbekfilm” ochiq aktsionerlik jamiyati direktori Fayzirahmon Usmanov seshanba kuni ishdan oldindi. Buni ma‘lum qilgan Ozodlik manbalariga ko‘ra, keyingi bir yilda “O‘zbekfilm” ochiq hissadorlik jamiyatida olib borilgan jiddiy taftish natijasida bir milliard so‘m kamomad aniqlangan.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ “O‘zbekfilm”da davlat kino sanoati uchun ajratgan mablag‘larni katta miqdorda talon-taroj qilinishiga yo‘l qo‘yib bergani uchun shirkat rahbari ishdan olingan.

Shuningdek, “O‘zbekkino” Milliy agentligi Bosh muharriri Murod Muhammad Do‘st ham seshanba kuni lavozimidan bo‘shatilgan.

Manbalarimizning aytishicha, “O‘zbekfilm” moliya bo‘limida ishlovchi kamida ikki nafar xodim hibsga olingan.

-Tergov ketayotgani bois qamoqqa olingan buhgalteriya xodimlari ismini ayta olmaymiz¸ - dedi Ozodliknig O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi manbasi.

Bir yildan beri O‘zbekiston kino industriyasining barcha tarmoqlarida davom etayotgan taftishdan qo‘rqqan "O‘zbekfilm" mulozimlaridan biri iyun oyida o‘z joniga qasd qilgan edi.

“O‘zbekfilm” ochiq hissadorlik jamiyatining mahsulotlarini sotish bo‘limi boshlig‘i 51 yashar Nazarov To‘lagan Tolipovichning jasadi 14 iyun kuni “O‘zbekfilm” binosida osilgan holda topilgani haqida Ozodlik habar bergan edi.

Ozodlikning Chilonzor tuman Ichki ishlar bo‘limidagi manbalarining aytishicha, Nazarovning tanasida pichoq izlari ham bo‘lgan.

- O‘zini osib o‘ldirgani gumon qilinayotgan marhumning yuragi va qornida pichoq sanchilgani oqibatidagi jarohatlar ham bor edi. Pichoq marhum osilgan joydan 50 metr uzoqda turgan marhum Nazarovga tegishli avtomobil ichidan topildi,- deydi Ozodlik manbasi.

To‘lagan Nazarov nafaqat mulozim¸ balki kinoprodyusser sifatida ham tanilgan edi. Nazarov 2011 yili suratga olingan va bir necha kinosovrinlar sohibi bo‘lgan “Qo‘rg‘oshin” filmiga prodyusserlik qilgan.

“O‘zbekfilm” ochiq hissadorlik jamiyatida ishlagan va To‘lagan Nazarovni o‘lim arafasida ko‘rgan ayol kishining Ozodlikka aytishicha¸ marhum taftishchilarning qattiq bosimi ostida bo‘lgan.

- Men To‘lagan Nazarovni 2007 yildan beri bilaman. Quvnoq va optimist odam edi. Ammo keyingi paytda taftishchilar bosimi ostida qolib, ruhiy tushkunlikka tushib qoldi. Tekshirishlar boshlanganidan keyin umuman butun “O‘zbekfilm”da ruhiy atmosfera yomonlashdi. Tirnoq ostidan kir qidirgan tekshiruvchilarning xodimlarni soatlab so‘roq qilishi jonimizga tegdi¸- deydi ismi oshkor qilinmaligi sharti bilan Ozodlikka gapirgan suhbatdosh.

O‘zbek kino industriyasi pul o‘zlashtirish mashinasimi ?

Ozodlik suhbatlashgan kino sohasidagi mutaxassislar “O‘zbekfilm” rahbariyatidagilar¸ o‘zlaridan yuqori martabadagi davlat mulozimlari bilan birgalikda kino sohasiga ajratilgan yirik miqdordagi davlat mablag‘larini muttasil o‘zlashtirib keldi degan iddaolarni ilgari surishdi.

Bu iddaolarni ilgari surayotgan mutaxassislarga ko‘ra, keyingi bir yil ichidagi tekshirishlar asnosida kino texnikasi¸ dekoratsiya va akterlar maoshiga ajratilgan katta mablag‘lar o‘zlashtirilgan.

Ozodlik suhbatlashgan manbalarning aytishicha shu kunlarda ham mamlakat kinoindustriyasining barcha sohalarda keng ko‘lamli tekshirish ketmoqda.

“O‘zbekfilm” haqida

“O‘zbekfilm” ochiq hissadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bergan litsenziyaga muvofiq badiiy, hujjatli, multiplikatsion filmlarni ishlab chiqarish, ularni turli tillarga dublyaj qilish va subtitrlashtirish faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Shirkat nizom fondining 93,48% davlat ulushini tashkil etadi, qolgani esa yuridik va jismoniy shaxslarning ulushi hisoblanadi.

“O‘zbekfilm” ochiq hissadorlik jamiyati o‘zining filmlar ishlab chiqarish jarayonida asosan davlat buyurtmasiga tayanadi va uning filmlarni ishlab chiqarish hajmidagi ulushi 91 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG