Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:06

Moskvada mehnat muhojirlariga ko‘maklashuvchi markaz ish boshladi


Moskvadagi "Alyans-Servis" markazi mehnat muhojirlariga ko‘mak ko‘rsatadi
Moskvadagi "Alyans-Servis" markazi mehnat muhojirlariga ko‘mak ko‘rsatadi

Rossiya hukumati migratsiya tartibini qattiq nazorat ostiga olayotgan bir paytda bu mamlakatning turli mintaqalarida mehnat muhojirlariga ko‘mak beruvchi tashkilotlar soni ham oshib bormoqda. Ozodlik Moskvada endigina o‘z ishini boshlagan shunday markazlardan birining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashkilot mutaxassislari migrantlarga Rossiyada migratsiya hujjatlarini rasmiylashtirishdan hamda ishga joylashtirishdan boshlab, ish uchun zarur bo‘lgan sertifikatlar bilan ta‘minlash va turli vaziyatlarda yuridik ko‘mak berishini gapirmoqda.

Kreml so‘nggi bir necha yil ichida migratsiyaga oid qonunlarni keskinlashtirdi va mamlakatda malakasiz ishchilar sonini kamaytirishga qaratilgan siyosatni avj oldirmoqda.

Ko‘p hollarda Rossiyaga ish izlab kelgan muhojirlar migratsiya tartib-qoidalarini bilmasligi tufayli murakkab vaziyatlarga tushayotgani, deportatsiya qilinayotgani yoki ma‘muriy va hatto jinoiy javobgarlikka tortilayotgani hech kimga sir emas.

Migratsiya nazorati organlari vakolatlari kuchaygan bir vaqtda, Rossiyaning turli mintaqalarida muhojirlarga ko‘maklashish markazlari va tashkilotlari ham ko‘paymoqda.

Migrantlarga ko‘maklashish uchun tuzilgan bu tashkilotlarning ayrimlari ko‘rsatayotgan xizmatlari uchun katta miqdorda haq olib, o‘z vazifasini oqlamayotgani yoki umuman “kidat” qilayotgani to‘g‘risida Ozodlik muxlislaridan ko‘plab shikoyatlar kelib tushayotganini ham aytib o‘tish zarur. Biroq, Rossiyadagi mehnat muhojirlariga yordami tegayotgan tuzilmalar ham yo‘q emas.

Ozodlik Moskvada endigina o‘z faoliyatini boshlagan shunday markazlardan birining ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

“Biz xizmatlarimiz uchun haq olmaymiz”

“Alyans-Servis” ko‘p tarmoqli markazi Moskvaning yirik vokzallaridan biri - Paveletskiy yonida ish boshladi.

Markazda yuristlar va migratsiya masalalari bo‘yicha boshqa mutaxassislar ish yuritadi.

Tashkilot rahbarlaridan biri Xurshidbek Xo‘jayev Ozodlik bilan suhbatda tashkilot Rossiya Xizmatlar va savdo kasaba uyushmasi bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotganini gapiradi:

- Ko‘p tarmoqli markaz migrantlar uchun, Rossiya Federatsiyasida mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish, ish bilan ta‘minlash, ishlashda-yashashda sharoitlar yaratib berishga ularga yordam ko‘rsatish uchun xizmat qiladi. Bizga profsoyuz orqali a‘zo bo‘lishadi avval, guvohnoma beriladi. Boshqa tashkilotlardan farqli tomonimiz – biz ko‘rsatayotgan xizmatlarimiz uchun mehnat muhojirlaridan xizmat haqi olmaymiz, deydi Xurshidbek Xo‘jayev.

Tashkilot vakili “Alyans-Servis” murojaat qilayotgan muhojirlarning hujjatlarini rasmiylashtirishdan tashqari bepul ishga joylashtirish, ularning huquqlarini sudda, politsiya, FMS va boshqa idoralarda himoya qilish, yuridik masalahatlar berish bilan ham shug‘ullanishini aytdi.

Markazga murojaat qilgan o‘zbekistonlik 25 yashar Iqboljon ham ish izlab kelganini kelganini gapiradi.

- Tashkilotni tanish-bilish orqali topdim. Skladda ishlamoqchiman o‘z xohishim bilan. Men yaqinda keldim O‘zbekistondan, bir oy bo‘ldi borib- kelganimga. Bu yerda ancha salbiy o‘zgarishlar bor. Hammamizga bir xil qiyin bo‘lyapti-da, deydi bunday markazlardan tashqarida, ayniqsa Moskvaning metro va vokzallarida soxta hujjatlarni "tayyorlovchi" shubhali shaxslar soni ham ko‘pligini gapirgan Iqboljon.

"Alyans-Servis" vakili Xurshidbek markaz daromad olish emas, balki odam savdosiga qarshi kurashish va Rossiya migratsiya va huquq-tartibot organlarining bedodligiga chek qo‘yishni o‘ziga maqsad qilib qo‘yganini ma‘lum qildi. U tashkilot ish beruvchi tashkilotlar moddiy ko‘magi, hayriya tushumlari va kasaba uyushmasi ko‘magi asosida o‘z faoliyatini olib borayotganini ham qo‘shimcha qildi.

- Keyin bizda rus tilini o‘rgatuvchi mutaxassisimiz bor, dars beradi. Qolaversa, bizga hech qayerdan yordam ololmayotgan, og‘ir ahvolga tushib qolgan mehnat muhojirlari ham uchrab turadi. Bizning kredit bo‘limimiz kam miqdorda summa berib, uning hujjatlarini tayyorlab berishni yo‘lga qo‘ygan. Ular keyinchalik kreditlarni ish haqlari hisobiga yopib boradi, dedi Xurshidbek Xo‘jayev.

Хуршид Хўжаев билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:55 0:00
Бевосита линк

“Alyans Servis” tashkiloti xodimlari, bundan tashqari, tibbiy sug‘urta polislari, turli sertifikatlar, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, konsullik va elchixonalar bilan vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashishini ham Ozodlikka ma‘lum qilishdi.

Markazda MDH davlatlaridan kelgan barcha muhojirlarga o‘zbek, qirg‘iz, tojik va boshqa tillarda ham xizmat ko‘rsatiladi.

Tashkilot yuristlari va mutaxassislari quyidagi manzil bo‘yicha murojaatlarni qabul qilmoqda:

Moskva sh., Paveletskaya metro bekati, Shlyuzovaya ko‘chasi, 6 uy, 4 bino

Tashkilotning telefon raqamlari:

+7 925 836 70 79,

+7915 335 70 33,

+7 925 300 15 52

XS
SM
MD
LG