Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:03

Jon Kerri: "Islomiy Davlat" janggarilariga qarshi kurashda koalitsiya g‘alaba qozonadi


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri AQSh yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari “Islomiy davlat” radikal guruhiga qarshi kurashda “mushtarak va barcha jabhada ildam borayotgani” hamda “g‘alabaga erishilmaguncha mazkur kampaniya davom etishi”ni ta‘kidladi. Kerri buni 3 dekabr kun Bryussel shahrida, xalqaro koalitsiyaga a‘zo bo‘lgan 60 ta davlatning aksar Tashqi ishlar vazirlari qatnashayotgan yig‘ilish boshlanishida aytdi.

NATO bosh qarorgohidagi yig‘ilishda, asosan, Islomiy Davlat guruhi janggarilariga qarshi kurashda erishilgan muvaffaqiyat va starategiyani ishlab chiqish masalasi muhokama etilishi rejalangan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri xalqaro hamjamiyat Suriya va Iroqning katta hududini bosib olgan guruhga qarshi kurashda koalitsiya “og‘ir ishni amalga oshirishi kerakligi”ni tan olishini aytib, janggarilarni yo‘q qilish yillarga cho‘zilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

- Biz og‘ir ish amalga oshirilishi kerakligini tan olamiz. Maqsadga erishishimiz yillarga cho‘zilishi mumkin. Ammo ko‘rayotgan choralarimiz allaqachon samara bermoqda, deya bayon qildi AQSh Davlat kotibi.

Jon Kerri Qo‘shma Shtatlar janggarilarga qarshi kurash choralarning yanada samarali yo‘llarini izlashda davom etayotganini qo‘shimcha qildi.

- Qo‘shma Shtatlar ko‘rilayotgan choralar yanada samarali bo‘lishi yo‘llarini izlamoqda. Vakillari bu yerga yig‘ilgan koalitsiyaning har bir a‘zosi shunday yo‘l tutishiga ishonchim komil, deya urg‘uladi Jon Kerri.

Davlat kotibi janggarilar dinni yomonotliq qilishga urinayotgani va musulmon ulamolari ularga qarshi gapirayotganlarini aytdi.

AQSh yetakchiligidagi koalitsiyaga a‘zo davlatlar vakillarining Bryusseldagi uchrashuvida janob Kerri Islomiy Davlat guruhi janggarilariga qarshi kurash strategiyasidan tashqari boshqa masalalar ham muhokama etilishiga ishora qildi.

Jon Kerri xalqaro koalitsiya a‘zolari Suriya va Iroqdagi Islomiy Davlat janggarilari safiga qo‘shilishni xohlovchilar oqimini kamaytirish yo‘llarini ham muhokama etishi kutilayotganini qo‘shimcha qildi.

Joriy yil avgust oyida Qo‘shma Shtatlar uchqichlari Iroqdagi Islomiy Davlat janggarilariga qarshi ilk bor havodan zarbalar berdi.

Sentyabrь oyi oxirida AQSh va koalitsiyaning boshqa a‘zolari Suriyadagi janggarilarga qarshi havo hujumlari ko‘lamini kengaytirdi.

Suriyadagi janggarilarga qarshi havo hujumlarida Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya va Baxrayn ham ishtirok etmoqda.

Iroqdagi Islomiy Davlat janggarilariga qarshi uyushtirilayotgan havo hujumlarida Avstraliya, Belьgiya, Britaniya, Daniya, Kanada, Niderlandiya va Frantsiya qatnashmoqda.

2 dekabr kuni Pentagon so‘nggi kunlarda Eron uchqichlari Iroq sharqidagi Islomiy Davlat guruhi janggarilariga qarshi hujum uyushtirganiga ishoralar borligini bildirdi.

Eronning yuqori lavozimli rasmiysi esa buni inkor qildi. Eron Islomiy Davlat guruhi janggarilariga qarshi kurashayotgan AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaga a‘zo emas. Tehron 3 dekabr kuni Bryusselda boshlangan yig‘ilishga o‘z vakilini jo‘natmagan.

XS
SM
MD
LG