Линклар

logo-print

Paxtada o‘lgan Shamsiddin ishi ortidan tuman prokurori ishdan ketdi


Guliston Davlat universitetining Fizika-matematika fakulteti 2-kursida tahsil olgan Shamsiddin Bobosaidov 2 oktabr kuni viloyatning Oq oltin tumanidagi paxtazorda vafot etgan.

Guliston Davlat universitetining Fizika-matematika fakulteti 2-kursida tahsil olgan Shamsiddin Bobosaidov 2 oktabr kuni viloyatning Oq oltin tumanidagi paxtazorda vafot etgan.

Sirdaryo viloyati Oq oltin tumani prokurori, adliya maslahatchisi Baxtiyor Ahmedov egallab turgan lavozimidan 1 dekabr kuni chetlatilgani bugun ma‘lum bo‘ldi. Uning o‘rniga shu paytga qadar Guliston shahar prokurori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Bahodir Haydarov prokuror vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqdagi xabar “Ozodlik”ka mahalliy huquq himoyachilari vositasida yetib keldi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Baxtiyor Ahmedov shu yilning 2 oktabr kuni tumandagi paxta dalasida vafot etgan Guliston Davlat universitetining 2-kurs talabasi Shamsiddin Bobosaidov ishi bo‘yicha lavozimidan olingan. Sobiq prokurorning keyingi taqdiri borasida ma‘lumotlar yo‘q. Tuman prokuraturasining navbatchilik qismi “Ozodlik” muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda Ahmedovning iste‘fosini tasdiqladi, ammo uning o‘z arizasi bilan ishdan ketganiga urg‘u berdi.

17 noyabr kuni Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi Boyovut-3 posyolkasi, S. Ayniy mahallasida istiqomat qiluvchi Bobosaidovlar oilasi 19 yashar o‘g‘li Shamsiddin Bobosaidovning paxtada urib o‘ldirilgani bo‘yicha ishni ko‘rayotgan mahalliy prokuratura ishidan va tibbiy ekspertiza natijalaridan norozi bo‘lib, prezident Islom Karimov va Bosh prokuror Rashidjon Qodirov nomiga ochiq xat yo‘llagandi.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan Shamsiddinning yaqinlari iddaosiga ko‘ra, mahalliy organlar ishni yopish harakatida bo‘layapti:

“Mahalliy organlar ishni sust olib borayapti. Ular hech qanday qotillik bo‘lmaganligini aytayapti. Hech kimni javobgarlikka tortmoqchi emaslar. Ishni yopti-yopti qilishmoqchi. Biz tibbiy ekspertiza natijasidan ham norozimiz. Ekspertiza “Sudoroga bo‘lgan payti qayd qilish jarayonida tili tiqilib, o‘lgan”, degan xulosa berdi. Bunday bo‘lishi mumkin emas. O‘g‘limiz sog‘lom bola edi”, deydi Ozodlik bilan suhbatda Shamsiddinning yaqinlaridan biri.

Shamsiddinning onasi Mahbuba Shoyoqubova imzosi bilan “Ezgulik” jamiyati tomonidan tarqatilgan ochiq xatda tibbiy ekspertizani H. Sulaymonova nomidagi Respublika tibbiy ekspertiza markazi qayta o‘tkazishi va ishni Bosh prokuraturaga topshirish so‘ralgan:

“Qotillikni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan talabalarni qo‘rqitib, yolg‘on ko‘rgazma yozdirib olib, qotillikni yashirishga zo‘r berib kurash olib borayotgan Oq oltin tuman prokuroridan jinoyatni fosh etishni kutishda hech bir mantiq yo‘q?! Viloyat prokurori Ya.Ochilov ham jim?! O‘g‘lim Shamsidinni paxta dalasida kursdoshlari ko‘z o‘ngida kalaklab o‘ldirgan qotillar, jinoyatni yashirayotgan munofiqlar haligacha jazolangani yo‘q. Shu bois mazkur qotillik bo‘yicha jinoyat ishini Respublika Bosh prokuraturasiga topshirishingizni so‘raymiz”, deyilgan ochiq xatda.

Guliston Davlat universitetining Fizika-matematika fakulteti 2-kursida tahsil olgan Shamsiddin Bobosaidov 2 oktabr kuni viloyatning Oq oltin tumanidagi paxtazorda fojiali tarzda vafot etgan edi.

XS
SM
MD
LG