Линклар

Nukus bosh me‘mori yer uchastkasi uchun pora olganlikda ayblanib, hibsga olindi


Bosh rejaga ko‘ra, Nukusdagi eski uylar buzilib¸ o‘rniga "namunali uylar" qurilishi lozim.

Bosh rejaga ko‘ra, Nukusdagi eski uylar buzilib¸ o‘rniga "namunali uylar" qurilishi lozim.

Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahri bosh me‘mori 33 yashar Sag‘inbay O‘taniyazov yer uchastkasi ajratib berish uchun katta miqdorda pora olganlikda ayblanib, o‘tgan hafta oxirida hibsga olindi.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbalariga ko‘ra, nukuslik arxitektor Qoraqalpog‘istonda “namunali uylar” qurilishi uchun ma‘sul shaxs hisoblangan.

Manbalarimizning aytishicha¸ O‘taniyazov namunali uylar qurilishiga ajratilgan davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ham ayblanmoqda.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbalaridan biri, o‘z tasarrufidagi hujjatlarga tayanib, O‘taniyazovga qanday ayb qo‘yilgani haqida bildirdi:

- Hozir u kishi SNB ni podvalida so‘roq berib turibdi. Mana qo‘limdagi hujjatdan o‘qib berib qo‘ya qolaman: O‘taniyozov Sag‘inboy Qulmuradovich 1981 yil 9 oktyabrda tug‘ilgan. Ilgari sudlanmagan. Hibsga olingunga qadar Nukus bosh arxitektori bo‘lib ishlagan. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 210-moddasi, ya‘ni pora olishda ayblanib turibdi. Lekin hali sud bo‘lmadi. Shuningdek, u kishiga 205-modda, ya‘ni hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste‘mol qilish aybi ham qo‘yilmoqda

Suhbatdosh O‘taniyozovning qo‘lga olinish tafsilotlarini ham gapirib berdi:

- O‘tgan haftada O‘taniyazovni oldiga bir odam yer uchastkasi masalasida kirdi. Namunali uy qurish uchun yer uchastkani arxitektor ajratadi. Zo‘r joylar pul turadi. Hullas, masala yechimi 40 million so‘m, deya belgilandi. U kishi o‘zi bilan SNB dan olinib¸ maxsus kimyoviy ishlov berilgan pulni olib kelgan. Pul birin-ketin ikki kishining qo‘lidan o‘tib, O‘taniyozovga kelib tushdi. Shu payt spetsnaz O‘taniyozovni kabinetiga kirib ularni qo‘lga oldi. Porani uch kishi oldi, deb tasniflashdi. Endi bu gruppovoy pora olishning jazosi ham og‘ir¸- deydi Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbalaridan biri.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210- moddasiga ko‘ra¸ pora olish bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shahar me‘morining o‘z ismi aytilishini istamagan yaqinlaridan birining aytishicha¸ O‘taniyozovga “Namunali uylar” qurish uchun ajratilgan davlat mablag‘larini o‘zlashtirish aybi ham qo‘yilmoqda.

- “Samanboy” ovul fuqoralar yig‘ini hududidagi Uzunko‘l massivida namunaviy loyihalar asosida 147 ta turar-joy qurilishi uchun ajratilgan davlat mablag‘larini o‘g‘irlashga ham aloqador, deb ayb yuklashmoqchi. Bu adolatdan emas. Sag‘inboy namunali uylar uchun javobgar bo‘lsa ham, Uzunko‘l massividagi ishlarga aloqasi yo‘q uni¸ deydi mahkumning yaqinlaridan biri.

Sag‘inboy Nukus hokimini ilintirish uchun ho‘rakmi?

Nukusdagi davlat idoralaridaan birida ishlaydigan va ismi oshkor bo‘lishini istamagan mulozim Ozodlik bilan suhbatda “Sag‘inboy Nukus hokimini ilintirish uchun qarmoqdagi ho‘rak bo‘ldi”, degan iddaoni ilgari surdi.

- Endi, Sag‘inbay - kichkina odam. Asosiy nishon Nukus hokimi Jalgas Opayevdir. Jalgas Opayev oldin ham hamma qamalganida bir o‘zi suvdan quruq chiqib qutulib kolgan edi. Shu hokim hozir nishonda turibdi. Bilishimcha, Sag‘inbay hozir Nukus hokimi Jalgas Opayevga qarshi ko‘rsatma berib turibdi. Boshqa ochiqdagi odamlardan ham hokimga qarshi ko‘rsatma olinib turganidan xabarim bor. Sag‘inbay o‘z erki bilan yer sota olmaydi. Mutlaqo bir uchi hokimga boradi bu ishni¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlik Nukus shahar bosh me‘mori, 33 yashar Sag‘inbay O‘taniyazovning hibsga olinishi yuzasidan Qoraqalpog‘iston prokuraturasiga qo‘ng‘iroq qilib izoh ola olmadi.

XS
SM
MD
LG