Линклар

logo-print

Balashixada hujjatlari joyida bo‘lgan o‘zbeklar deportatsiya qilinmoqda


Keyingi yil ichida Rossiyada o‘zbekistonlik muhojirlarni deportatsiya qilish holatlari keskin ko‘paydi.

Keyingi yil ichida Rossiyada o‘zbekistonlik muhojirlarni deportatsiya qilish holatlari keskin ko‘paydi.

Moskva viloyatining Balashixa shahrida politsiya va Federal Migratsiya xizmati o‘tkazgan “tozalash” amaliyotlari davomida qo‘lga olingan bir guruh o‘zbekistonlik mehnat muhojiri migratsiya hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramasdan deportatsiya qilinmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan muhojirlardan biri o‘zlarining kaltaklanayotgani va qandaydir hujjatlarga qo‘l qo‘yishga majburlanganini ma‘lum qildi. Boz ustiga, aytilishicha¸ politsiya xodimlari chiqib ketishga puli yo‘q migrantlardan chipta haqini ishlab berishni talab qilmoqda.

"Muhojir uchun eng dahshatlisi - deportatsiya"

Ozodlikka yordam so‘rab murojaat qilgan 26 yashar o‘zbekistonlik Bahriddin 3 dekabrь kuni Balashixada politsiya va Migratsiya xizmati o‘tkazgan reyd davomida o‘z tanishlari hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramasdan politsiyaga olib ketilganini bildirdi:

- Kecha soat 10 larda Balashixaning Saltikovskaya degan mavzesida uch GAZel O‘zbekiston fuqarosini militsiya va FMS bosib olib ketdi. Odamlarni elektrichkalardan ham tushurib olib kelayapti. Ularga “Bu yer zakritiy zona – nima qilib yuribsan?”, deyapti. Ularni olib borib, hujjat taxlab, qo‘rqitib qo‘l qo‘ydirib, puli yo‘qlarini 3 oyga qayergadir ishga olib ketayapti ekan. Ular 3 oy ishlab bergandan keyin Toshkentga yuborishar ekan, puli borlarni esa Toshkentga yuborayapti. Bizlar kecha qochishga ulgurdik, bizlar bilan ishlagan 2-3 bola qo‘lga tushdi, deydi Bahriddin.

Muhojirning aytishicha, uchta GAZelda 50 ka yaqin muhojir olib kelinganida, politsiya bo‘limi ichkarisida ham kattagina muhojirlar guruhi bo‘lgan.

Balashixa shahri Sovetskaya 34 ko‘chasida joylashgan politsiya bo‘limiga Ozodlik radiosi nomidan qilingan murojaatimizga o‘zini Batigin deb tanishtirgan nafbatchi ofitser:

- Menga hech kimni topshirishgani yo‘q! deya qisqa javob qildi.

Biroq Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik migrantlardan biri hanuzgacha aynan shu politsiya bo‘limida qolayotgani va allaqachon deportatsiya qilinishi to‘g‘risidagi qarorni qo‘lga olganini aytdi:

- Bizlar Balashixa, ulitsa Sovetskaya, 34-damiz. 10-12 kishi o‘tiribmiz. Bu Balashixa zakritiy zona ekan, shu yerda ushlanganimiz uchun 5 ming rubldan shtraf qilib, jo‘natvorayapti. Hujjatlarimiz joyida, patentni oyma-oy to‘lab borayapmiz, registratsiya... Bizga qo‘l qo‘ydirdi. “Qo‘l qo‘ymasang¸ undan ham qiyin ahvolga tushasan”, dedi – qo‘l qo‘ydik. Bo‘lmasa “bosh tortdi”, deb yozar ekan. Bizda tarjimon, advokat bo‘lmadi. Faqat sudga olib kirdi, bir ayol 5 mingdan shtraf, “10 sutkada jaloba qilishinglar mumkin” dedi. Ular bizga “Bugun chiqib ketsang – chiqding. Bo‘lmasa boshqa joyga olib borib ishlataman seni”, deyapti. Bu yerda bolalar och o‘tiribdi, hatto o‘zlari magazindan yegulik olib kelib bermayapti. Ustimizdan oxrana qo‘yib, eshikni yopgan, deydi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan mehnat muhojiri.

Politsiya reydi paytida qochib qutulgan Bahriddin esa hozirda yaqinlarini bo‘limdan chiqarib olish uchun harakat qilayotgani, biroq politsiya so‘rayotgan 30 ming rubl pul yo‘qligi sababli uning yaqinlari deportatsiya qilinishi aniq bo‘lib turganini aytadi:

- O‘zi bir oyga 180 ming ishlagan bo‘lsak, 5 kishi hisoblaganimizga to‘g‘ri kelmayapti. Yeb-ichish bilan tugatib qo‘yayapmiz, uyga umuman pul jo‘natib bo‘lmayapti. Hozirgi yigitlar 30 ming berib bo‘lsa ham qolishga rozi. Politsiyachilar “30 ming bersang ishlab yuraverasan, qo‘yvoramiz”, deyapti. Yigitlar esa “Allaqachon deportatsiya bo‘lganmiz, militsiyaga tushsak undan battar bo‘ladi”, deb qo‘rqayapti. Biz 30 ming topa olmayapmiz, shunga ketishga majbur bo‘layapmiz, deydi hozirgi rubl qadri rekord darajada tushib ketganiga qaramasdan muhojir uchun eng dahshatlisi deportatsiya ekanini gapirgan Bahriddin.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra¸ mamlakat hududidan deportatsiya qilingan shaxs besh yilgacha Rossiya hududiga kiritilmaydi.

"Imzo chekmang, pora bermang!"

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari tushgan mazkur vaziyat yuzasidan Ozodlikka huquqiy sharh bergan “Alyans Servis” yuristlari bunday holatlar so‘nggi paytlarda tez-tez uchrayotgani va ko‘p holatlarda migrantlarning o‘zlariga berilgan hujjatlarga o‘qimasdan imzo qo‘yayotgani vaziyatni murakkablashtirib yuborayotganini bildirishdi:

- Muhojirlar qo‘l qo‘ygan hujjatlardan birida ularning o‘z xohishi bilan advokat va tarjimon xizmatidan voz kechayotgani aytiladi. Politsiya va FMS tarafiga yon bosayotgan sud esa aynan shu hujjatlar va muhojirlar “iqror"iga tayanib deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqarayapti. Shu sababli, bunday vaziyatlarda ularga yordam ko‘rsatishning iloji qolmayapti. Iltimosimiz, himoyachisiz va tarjimonsiz biror hujjatga imzo chekmang, politsiya xodimlariga – hatto talab qilishsa ham– pora bermang, dedi Ozodlik bilan suhbatda tashkilot yuristi Xurshid Xo‘jayev.

Rossiya o‘zbekistonliklarni haydashni ko‘paytirmoqda

Rossiya Federal migratsiya xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiy o‘tgan oy qilgan bayonotida 2014 yil davomida xorijliklar tomonidan sodir etilgan 4000 ma‘muriy qonunbuzarlik qayd etilgani¸ mahkama qarori bilan muhojirni Rossiya hududidan chiqarib yuborish esa 2¸5 barobarga ko‘payganini bildirgan edi.

Romadanovskiyga ko‘ra¸ 2013 yilga nisbatan bu yil Rossiyaga kirish tartibini buzuvchilar soni 21 foizga¸ xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa¸ 2 foizga qisqargan.

Romodanovskiyning bildirishicha¸ Markaziy Osiyodan Rossiyaga ish izlab birinchi marta kelayotgan 18-29 yoshlilar soni 38¸7 foizga kamaygan. Rossiyadagi mehnat muhojirlari soni bo‘yicha yillardan beri birinchi bo‘lib kelayotgan o‘zbekistonliklarning Rossiyaga kelishi 38 foizga¸ birinchi marta kelayotgan 18-29 yoshli o‘zbekistonliklar soni esa¸ 40¸9 foizga kamaygan.

Qiyos uchun¸ tojikistonliklarning Rossiyaga kelishi 2014 yilda 18 foizga¸ qirg‘izistonliklarning kelishi esa¸ 13 foziga kamaygan.

Kuzatuvchilar Rossiyaga ish izlab borayotgan o‘zbekistonliklar sonining kamayishiga bir tomondan O‘zbekiston hukumatining mehnat migratsiyasi oqimini kamaytirish uchun qo‘llayotgan turli ma‘muriy cheklovlari¸ boshqa tomondan esa¸ Rossiya huquq idoralarining o‘zbekistonliklarni mamlakatdan ommaviy chiqarib yuborish harakatlari sabab bo‘lganini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG