Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:43

Bekoboddagi saunada o‘quvchilar gazdan dimiqib o‘ldi


Toshkent viloyati Bekobod tumanining Zafar qo‘rg‘onidagi saunalardan birida 16 yashar kollej va maktab o‘quvchisi yakshanba kuni gazdan dimiqib o‘ldi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, quvurdan gazning sizib chiqishi oqibatida saunada yuvinayotgan bolalar zaharlangan.

30 noyabr kuni sodir bo‘lgan bu voqea haqida zafarlik manba 4 dekabr kuni Ozodlikka xabar berdi:

- Ikki bola halok bo‘ldi. Biri Dalvarzin maishiy kasb-hunar kollejining birinchi kurs o‘quvchisi Javohir Ahmadjonov, ikkinchisi 7-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Doston Rustamov. Bu ikki bola o‘rtoq bo‘lgan, yakshanba kuni kechqurun cho‘milgani saunaga borgan. Aytishlaricha, sauna ichiga qayerdandir gaz sizib kirgan va ikkisi ham o‘sha joyda o‘lib qolgan, - deydi manba.

Ismi sir qolishini so‘ragan 7-maktab o‘qituvchisining aytishicha, Doston Rustamov sportchi bola bo‘lgan:

- Rustam sportsmen, g‘ayratli va a‘lochi o‘quvchimiz edi. Kollej o‘quvchisi Javohirning uyi o‘sha saunaga yaqin ekan. Bu xususiy sauna, na bir sauna degan yozuvi bor, na bir belgisi. Ko‘pchilik shu joyda sauna borligini ham bilmas ekan. Saunada boshqa odam o‘sha paytda bo‘lganmi yoki yo‘q, bu savolga javob topolmayapmiz. Aytishlaricha, ukasi saunadan kelavermagach akasi qidirib borgan. Sauna xonasini ichkaridan qulflab olishgan ekan. Chaqirsa javob bermasmish, keyin eshikni buzib kirishsa ikkalasi ham o‘lib yotganmish -, deydi o‘qituvchi.

Bekobod tumani prokuraturasi o‘quvchilarning o‘limi yuzasidan sauna egasiga nisbatan jinoyat ishi ochgan. Biroq prokuraturadan bu haqda batafsil ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Bekobod tuman Shoshilinch tibbiy yordam markazi navbatchisi, bolalar o‘limiga gazdan zaharlanish sabab bo‘lganini bildirdi.

Bulung‘urda ham yosh oila is gazidan bo‘g‘ilib o‘ldi

Ayni paytda¸ Ozodlikka 4 dekabr kuni yetib kelgan boshqa bir xabarga ko‘ra¸ yakshanba kuni Samarqandning Bulung‘ur tumanidagi ikki qavatlik uyda yashagan yosh er-xotin propan gaz ballonidan sizib chiqqan is gazi oqibatida nobud bo‘lgan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ egizak farzandga homilador bo‘lgan kelinchak va uning eri o‘limidan uch kungacha hech kim xabar topmagan; yaqinlari ikkinchi qavatdagi kvartira derazasini sindirib kirib¸ qotib qolgan jasadlarni topishgan.

Yosh oila kecha davf etilgan¸ bu fojia texnika xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida ro‘y berdi¸ deya tasniflangan.

O‘zbekiston hukumati Xitoyga sotilayotgan gaz hajmini muttasil ko‘paytirib borayotgan ayni paytda¸ mamlakatning aksar tuman va qishloq hududlari tabiiy gazdan mutlaq uzib qo‘yilgan.

Oqibatda oddiy aholi isinish uchun Xitoydan kelayotgan turli qo‘lbola uskunalar¸ xususan¸ qo‘lbola gaz ballonlariga joylangan gazdan foydalanishga majbur qolmoqda.

Qurbonlar ro‘yxati oshmoqda

O‘zbekistonda gaz ta‘minotidagi uzilishlar va bu uzilishlardan so‘ng gazning qachon kelishi haqida aholining oldindan ogohlantirilmasligi oqibatida noxush hodisalar ko‘p sodir bo‘ladi.

Jumladan, joriy yilning 19 oktabrida Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanining Buloqboshi massivida istiqomat qilgan Yolg‘osh Qo‘chqorov va uning xotini gaz isidan dimiqib nobud bo‘ldi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, pechga ulangan gaz kechasi o‘chib qolgan va tunda qayta uzatish boshlanganda is gazi butun uyga tarqagan va uyquda yotgan xonadon egalari nobud bo‘lgan.

Shuningdek¸ Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi Ravonak qishlog‘ida yashovchi yosh er-xotin va ularning ikki go‘dagi maishiy gaz ballonidan gaz sizib chiqqani oqibatida zaharlanib o‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG