Линклар

Amerikalik taniqli prodyusser Stella Boyajan Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik xonanda Yulduz Usmonovaning Nyu-York shahrida mo‘ljallangan va chiptalar to‘liq sotilgan ikki konserti barbod bo‘lishiga mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytdi.

Stella: "AQShda bo‘lmagan konsertdan foyda topish mumkin emas"

51 yoshli o‘zbekistonlik xonanda Yulduz Usmonovaning tojikistonlik pop yulduz Shabnam Surayyo bilan birgalikdagi konserti oktabr oyiga rejalanib¸ Nyu-York ko‘chalariga afishalar ham osilgan edi.

Avvaliga "tashkilotchilik ishlaridagi kamchiliklar" sabab sifatida ko‘rsatilib¸ konsert dekabrь oyiga ko‘chirildi.

Bugunga kelib tashkilotchilar konsert butunlay bekor qilinganini e‘lon qilishdi. Bu haqda Ozodlik radiosi 4 dekabrь kuni xabar bergan edi.

Ayrim o‘zbek nashrlarida Yulduz Usmonovaning konserti tashkilotchilarning tajribasizligi tufayli barbod bo‘lgani xabar qilindi.

O‘zbekistondagi ayrim internet nashrlari AQShda yashovchi Stella Boyajan ham Yulduz Usmonova konserti tashkilotchilardan biri ekanini iddao qilib chiqqan edi.

O‘zbek xonandalarining AQShdagi konsertlariga bosh qo‘shib kelgan amerikalik taniqli prodyusser Stella Boyajan Ozodlik bilan suhbatda Yulduz Usmonovaning bu safargi barbod bo‘lgan konsertiga mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytdi.

- Men bundan avval Yulduz Usmonovani Nyu - Yorkka bir necha marta chaqirganman va uning san‘atiga ixlosim baland. Lekin qanday qilib o‘zim sevgan xonandani chuv tushirishim mumkin? Bu mutlaqo ahmoqlik. Shuni aytishim kerakki, uning bu safargi konsertini tashkilotchisi men emasman. Uning konsertini tashkil qilayotganlar shu paytgacha bu ish bilan mutlaqo shug‘ullanmagan, shou biznesidan yiroq bo‘lgan odamlar bunga aralashib qolgan, - dedi Stella Boyajan.

Tashkilotchilik ishlariga 50 ming dollar sarflangan konsertning bekor bo‘lganini Ozodlikka izohlagan o‘zbek-shou biznes olami vakillari konsertning “atayin” qoldirilgani va pirovardida Yulduz Usmonova “chuv” tushirilganligini iddao qilishgandi.

Ayrim nashrlarda tashkilotchilar bekor bo‘lgan konsertga sotilgan bilet pullarini cho‘ntakka urgani haqidagi iddaolar aytildi.

- Bu g‘irt ahmoqlik. Biz konser uyushtirsak biletlarni amma-xolamiz sotmaydi. Kassalar orqali sotiladi. Maxsus shirkatlar bor, biletlar realizatsiyasi bilan shug‘ullanadigan. Ular biletlar sotilganidan tushgan mablag‘larni konsert bo‘lganidan keyin 10 kun o‘tib konsert tashkilotchisiga beradi. Agar konsert bo‘lmasa, bilet pullari egalariga topshiriladi. "Bo‘lmagan konsert biletidan foyda ko‘ryapti", deyish g‘irt ahmoqlik, - deydi Stella Boyajan.

"Usmonovani S ismli ayol aldab ketdi"

O‘zbekistondagi shou - biznes haqida yozishga ixtisoslashgan www.shov-shuv.uz nashri muharriri¸ jurnalist Jasur Hamroyevning Ozodlikka aytishicha¸ konsert qoldirilganiga tashkilotchilar aybdor:

- Bu yerda ikki sabab aytilmoqda. Birinchi sabab¸ AQShga chaqirish uchun taklifnomalarda kamchilik bo‘lgan. Bilishimcha¸ taklifnoma yuborilmagan ham. Ba‘zi manbalarimiz esa¸ tashkilotchilar konsertning atayin qoldirilishiga erishishganligini aytishadi. Bundan maqsad konsert qo‘ymasdan pul ishlab olish¸ - deydi suhbatdosh.

Ozodlik Yulduz Usmonovaning chet eldagi konsert faoliyatidan xabardor bo‘lgan shou- biznes vakili bilan ham bu haqda suhbatlashdi.

Ismi aytilmaslik sharti bilan gapirgan suhbatdosh Yulduz Usmonova aldov qurboni bo‘lganligini ta‘kidladi:

- “S” ismli ayol bu konsertni tashkil qilmoqchi edi. O‘rtaga samarqandlik biznesmen yigit tushdi. Yulduz Usmonovada ayb yo‘q bu yerda. Siyosiy sabab ham yo‘q. O‘sha ayol aldab ketdi¸ xolos. Bu ayol ilgari ham ko‘p o‘zbek san‘atkorlarini chuv tushirgan edi¸ - deb ta‘kidlaydi suhbatdosh.

"Navbat Yulduz Usmonovaniki ekan-da"

Yulduz Usmonova o‘tgan yili Nyu-Yorkdagi konserti sanasini kechiktirgan edi.

Bu konsertning tashkil etilishidan xabardor bo‘lgan toshkentlik jurnalistga ko‘ra¸ o‘tgan yili konsert kechikib tomoshabinlarning sarson bo‘lishiga Yulduz Usmonovaning o‘zi sababchi bo‘lgan:

- O‘tgan yili AQShlik prodyuser Asiya Burgos tomonidan Nyu- Yorkdagi “Master” teatridagi konsert kuni belgilanib, chiptalar sotilganida, Usmonova telefon qilib konsertni kechiktirdi. “Asrlar sadosi” degan konsertda chiqib¸ Gulnora Karimovaga laganbardorlik qilish uchun AQShdagi konsertni kechiktirgan edi. O‘shanda Nyu-Yorkda qancha tomoshabin sarson bo‘lgan edi. Bu safar Yulduzni chuv tushirishgan bo‘lsa¸ navbat u kishiniki ekan¸ - deydi suhbatdosh.

Yulduz Usmonova 2007 yildan buyon O‘zbekistonda katta sahnada chiqmaydi. Davlat tadbirlari va televideniyeda ko‘rinmaydi.

Norasmiy taqiqqa uchragan xalq artisti faqat to‘y-hashamlar va kichik doiralarda konsert berib keladi.

XS
SM
MD
LG