Линклар

logo-print

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 5 dekabr kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasining 22 yilligi munosabati bilan Toshkentdagi Forumlar saroyidao‘tkazilgan yig‘inda 2015 yilni "Keksalarni e‘zozlash yili" deb e‘lon qildi:

- 2015 yilni "Keksalarni e‘zozlash yili" deb nomlasak, nima deysizlar?- dedi Karimov Forumlar saroyiga yig‘ilganlarga qarata.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov to‘qsoninchi yillar boshidan buyon har yili Konstitutsiya kuni arafasida bo‘lajak yilga nom beradi.

O‘tib borayotgan yilni janob Karimov "O‘zbekistonda sog‘lom avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni davom ettirish" maqsadida, "Sog‘lom bola yili", deb nomlagandi.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda yillarni nomlash bir - birini takrorlayotgandek tasavvur paydo qilayotganini aytishadi.

Xususan, 2015 yil uchun tanlangan “Keksalarni e‘zozlash” nomi 2002 yildagi “Qariyalarni qadrlash”ga yoki 2014 yilgi “Sog‘lom bola yili” 2000 yildagi “Sog‘lom avlod yili”ga uyqash. 2012 yilda e‘lon qilingan “Oila yili” mavzusi 1998 yil uchun ham tanlangan edi.

2015 yil "Keksalarni e‘zozlash yili", deb e‘lon qilinishi arafasida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov kelasi yildan e‘tiboran yoshga nisbatan beriladigan nafaqa miqdorini oshirish haqidagi farmonni imzoladi.

Hozir yoshga nisbatan beriladigan nafaqalarning minimal miqdori eng kam ish haqi (118 400 so‘m) bilan tenglashgan bo‘lsa, yangi qarorga muvofiq, 2015 yilning 1-yanvaridan boshlab yoshga nisbatan beriladigan nafaqalarning minimal miqdori 231 575 so‘m qilib belgilandi.

2015 yilni prezident Islom Karimov “Keksalarni e‘zozlash yili”, deb e‘lon qilishiga kuzatuvchilar turlicha fikr bildirmoqda.

“Ushbu mujdani 2015 yil kontekstidan kelib chiqib tarjima qilsak: “meni 78ga kirganimni hisobga olib, yana bir marta lavozimimda qolishimga rozi bo‘lsalaring...” demoqda”, - deb yozdi Fransiyada yashovchi o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘zining Feysbukdagi sahifasida.

Karimov va Nazarboyev MDH makonidagi eng keksa prezidentlar

Karimov va Nazarboyev MDH makonidagi eng keksa prezidentlar

Bugungi kunda Islom Karimov MDH hududidagi eng keksa hamda sobiq Sovet Ittifoqi davridan qolgan ikki hukumat rahbarining biridir.

U Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan bir vaqtda o‘z mamlakatini 1989 yildan, ya‘ni O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibligiga saylanganidan beri boshqarib keladi.

"Sovet zamonlariga qaytish yo‘q"

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 5 dekabr kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasining 22 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘inda so‘zlagan nutqida O‘zbekistonda odamlarni saviyasi Mustaqillik yillarida o‘zgargani, Sovet zamonlari o‘tmishda qolganini aytib, “qayerdadir SSSRga o‘xshagan tuzim shakllansa O‘zbekiston unga qo‘shilmaydi”, dedi.

- Eski zamonlarni qo‘msaganlar hozir, qarasang,ba‘zi bir Sovet Ittifoqini qo‘msaganlar soni bugungi kunda ko‘payib boryapti. Hayratda qolasan. Endi bu qanaqasi bu. Bunaqa gaplarni eshitib, nima emish u zamonlar hali qaytishi mumkin, emish. Meni eshitinglar, hech qachon, hech qayerda, bunaqa gaplarni eshitganda og‘zini yopinglar. Hech qachon Sovet tuzimiga, SSSR degan, shunga o‘xshagan davlat tuzimi agar qayerda shakllansa, faqat, O‘zbekiston bunga hech qachon qo‘shilmaydi va hech qanaqa bunga o‘xshagan davlatlarni qatoriga kirmaydi, - dedi Karimov.

O‘zbekiston rahbari nimani nazarda tutib bu haqda gapirgani ma‘lum emas.

Kuzatuvchilar Rossiyaning Qrimni anneksiya qilgani ortidan Kreml SSSRni qayta tiklamoqchi degan xavotirlar real shamoyil kasb qilayotganini aytishadi.

Bu xavotirlar Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston kabi fuqaroviy jamiyat va demokratik institutlar rivojlanmagan mamlakatlar mustaqilligini savol ostiga qo‘ymoqda.

Bundan avval Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ham: “Biz hech qachon Qozog‘iston mustaqilligiga tahdid soladigan tashkilot tarkibida bo‘lmaymiz”, deb ta‘kidlagan edi.

"Kimki demokratiyani ko‘rmoqchi bo‘lsa O‘zbekistonga kelsin"

Islom Karimov o‘z nutqida O‘zbekistonda odamlarni saviyasi Mustaqillik yillarida o‘zgargani, sovet zamonlari o‘tmishda qolganini aytib, “kimki demokratiyani, haqiqiy demokratiyani ko‘rmoqchi bo‘lsa O‘zbekistonga kelsin, desam nima deysizlar”, - dedi.

Janob Karimovga ko‘ra, mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodi besh baravar o‘sgan, aholining o‘rtacha daromadi 8,7 foizga ortgan. O‘zbekiston rahbari o‘z chiqishida, shuningdek, mamlakatning tashqi qarzi umumiy yalpi maxsulotning 15 foizdan oshmasligi, davlatning ichki qarzi esa 0ga tengligini ta‘kidladi.

O‘zbekiston davlat statistikasining mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish haqidagi baënotlari¸ mustaqil ekspertlar¸ qolaversa oddiy o‘zbekistonliklar tomonidan kuchli shubha bilan qarshi olinadi.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov O‘zbekiston rahbarining bunday bayonoti xususida o‘zining Feysbukdagi sahifasida shularni yozdi:

"Bugun I.Karimov demokratiya haqida xavotirli darajada ko‘p gapirdi. Uni chorak asr hokimiyatda ekanligini va o‘zbek demokratiyasining Jasliqda yotganini hisobga olsak, I.Karimovni mujdasini quyidagicha qabul qilish mumkin: “baraka topgur, demokratiyaga hali bo‘kib qolasan, lekin faqat mendan keyin...”.., - deb yozdi Rabbimov.

Yilga nom berish an‘anasi

O‘zbekistonda yilga nom berish an‘anasi to‘qsoninchi yillar boshidan beri davom etib keladi.

1997 yil “Inson manfaatlari yili” deb e‘lon qilingan bo‘lsa, 1998 yil “Oila yili”, 1999 yil “Ayollar yili” va 2000 yil esa “Sog‘lom avlod yili”deb e‘lon qilingan.

2001 yil O‘zbekistonda “Onalar va bolalar yili”, 2002 yil “Qariyalarni qadrlash yili”, 2003 yil “Obod mahalla yili”, 2004 yil “Mehr-muruvvat yili”, 2005 yil “Sihat-salomatlik yili”, 2006 yil “Homiylar va shifokorlar yili”, 2007 yil “Ijtimoiy himoya yili”, 2008 yil “Yoshlar yili”, 2009 yil “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili”, 2010 yil “Barkamol avlod yili”, 2011 yil “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili”, 2012 yil “Mustahkam oila yili”, 2013 yil esa “Obod turmush yili” deb e‘lon qilingan edi.

XS
SM
MD
LG